Jahon | 09:50 / 16.06.2021
4672
2 daqiqa o‘qiladi

Peruda prezident saylovlari natijalari e'lon qilindi

Foto: AP

Peruda o‘tgan prezident saylovlarida «Ozod Peru» partiyasi vakili Pedro Kastilo g‘alaba qozondi. U 50,1 foiz ovoz to‘plab, o‘zining raqibi Keyko Fuximoridan bor-yo‘g‘i 0,25 foizga o‘zib ketgan.      

El Comercio nashrining xabar berishicha, Kastilo uchun 8,8 mln kishi ovoz bergan. «Xalq kuchi» vakili, mamlakatning sobiq prezidenti Alberto Fuximorining qizi Keyko Fuximori esa 49,9 foiz ovoz to‘plagan. U Kastilodan 44 ming ovoz ortda qolgan.

Ta'kidlanishicha, endi mutasaddi idoralar nomzodlarning saylovlarda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha shikoyatlarini ko‘rib chiqadi. Shundan keyingina saylov natijalari rasman tasdiqlanadi.

2020 yil noyabrda Peru kongressi prezident Martin Viskarraga impichment e'lon qilgandi. U Mokegua regionida 2011—2014 yillarda gubernator bo‘lib ishlagan vaqtida poraxo‘rlikda ayblangan. Shundan keyin uning o‘rnini Manuel Merino egallagandi. Biroq Merino hukumatga qarshi namoyishlarni tarqatish vaqtida 2 kishi halok bo‘lgandan keyin 2020 yil 15 noyabrda iste'foga chiqqan.

Mavzuga oid