Jahon | 18:44 / 17.06.2021
5207
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva viloyatida vaksina olmagan haydovchilarning ishlashiga ruxsat berilmaydi

Endilikda Moskva viloyatida yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari nazorat punktlarida haydovchilarning hujjatlari qatorida vaksina olgani haqidagi QR-kod yoki emlanganlik pasportini tekshiradi.

Foto: vmo24.ru

Moskva viloyatida taksichilar va jamoat transporti haydovchilari koronavirusga qarshi emlanmagan bo‘lsa, marshrutlarga qo‘yilmaydi. Bu haqda viloyat gubernatori o‘rinbosari Igor Treskov aytib o‘tgan.

«Emlanmagan avtobus va taksi haydovchilarining ishlashiga ruxsat etilmaydi. Agregatorlar orqali biz ushbu haydovchilarning buyurtmalardan uzilishini ta'minlaymiz. Muddat — 15 iyul», dedi Treskov gubernator Andrey Vorobyov bilan uchrashuvda.

Qayd etilishicha, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari nazorat punktlarida haydovchilarning hujjatlari qatorida vaksina olgani haqidagi QR-kod yoki emlanganlik pasportini tekshiradi. Haydovchilar emlash zarurligi to‘g‘risida transport vazirligidan xabar olishadi, shundan so‘ng ular qayerda va qachon emlanishlarini tasdiqlashlari kerak.

Avvalroq, Moskva meri Sergey Sobyanin koronavirus tarqalishini to‘xtatish bilan bog‘liq yangi cheklovlar kiritilishi to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Unga ko‘ra, 13 iyundan 20 iyungacha savdo markazlari va boshqa jamoat joylaridagi bolalar o‘yingohlari ishlamaydi. Shuningdek, parklardagi attraksionlar yopiladi. Bundan tashqari, tungi muassasalar va restoranlar faoliyati cheklanadi.

Mavzuga oid