O‘zbek mahsulotlari Yevropaga chiqishiga nima to‘siq bo‘lmoqda? - mutaxassis bilan suhbat
Ishlab chiqarilgan yoki yetishtirilgan mahsulotlarni Yevropaga eksport qilish. Bugungi kunda tadbirkor uchun bundan-da jozibali yana nima bo‘lishi mumkin?
«GSP+» — ko‘pchiligimiz uchun tushunarsiz bo‘lgan bu abbreviatura eksportchilar uchun juda ko‘p narsani anglatadi. 10 apreldan O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining maxsus imtiyozlar tizimi (GSP+) kuchga kirdi va bu O‘zbekistondan 6200dan ortiq tovarlarni Yevropa Ittifoqi davlatlariga bojsiz olib kirish imkonini beradi. Bir qaraganda eksportchilarning «pichog‘i moy ustida» bo‘ladigandek, lekin hammasi bir qaragandagidek oson emas.
Biz o‘zbek mahsulotlarining Yevropaga eksporti va GSP+ mavzusida G‘arbiy Yevropa davlatlariga O‘zbekistondan eksportni kuzatib boruvchi, O‘zbekistondagi zamonaviy ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda xalqaro sanoat hamkorligini tashkillashtiruvchi Yevropadagi ilk kompaniya asoschisi Dmitriy Rodin bilan suhbatlashdik.
— Dmitriy ilk savolimiz: Yevropaga eksport nima uchun kerak o‘zi?
— Keling, bu savolni ikki qismga bo‘laylik: masalaga eksportchi va davlat pozitsiyasidan boqaylik.
Xususiy ishlab chiqaruvchi uchun asosiy «zaruriyat»lardan uchtasini ajratib ko‘rsatib o‘tgan bo‘lardim.
Birinchidan, Yevropa — bu juda katta bozor. YeI bozoriga to‘laqonli chiqish — ishlab chiqarishni karrasiga ko‘paytirish demak. Agar sifatli mahsulot ishlab chiqarar ekansiz, bu bozordan ulush ajratishga intilmaslik g‘alati bo‘lar ham edi. Miqyoslarga e'tibor qiling: Yevropa Ittifoqi davlatlari har yili 180 mlrd yevrolik kiyim-kechak import qiladi, uy tekstili importi hajmi esa 150 mlrd dollar. Taqqoslash uchun, rasmiy statistikaga ko‘ra, Rossiya kiyim-kechak va poyabzal importi uchun 10 mlrd dollar sarflaydi.
Ikkinchidan, raqobatbardosh o‘zbek ishlab chiqaruvchilari qoida tariqasida import uskunalardan foydalanishadi. Lizing to‘lovlari dollar yoki yevroda ifodalangan. Agar ishlab chiqaruvchi o‘zining tayyor mahsulotlarini boshqa valutada sotsa, o‘z gardaniga valuta bilan bog‘liq jiddiy xatarlarni ham oladi.
Nihoyat, bu biznesning juda to‘g‘ri qurilgan modelidir: xarajatlar so‘mda, tushum yevroda bo‘lsa.
Davlat uchun Yevropaga eksportni ko‘paytirish — bu eksport-import saldosi sifat darajasi yaxshilanishi, milliy va mahalliy budjetlarga soliq to‘lovlarining oshishini bildiradi. Bu holatda yangi ish o‘rinlari yaratilishini ham e'tibordan qochirmaslik kerak.
Men yana bir jihatga e'tibor qaratmoqchiman: yengil sanoat va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda har bir ish o‘rni turdosh sohalarda yana 2-3tadan qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratadi. Bu har qanday hudud va butun mamlakat uchun ham muhim ijtimoiy-iqtisodiy natija hisoblanadi. Mamlakat kelajagi uchun turdoshlik jihati — inson kapitalining o‘sishi: barcha darajalar uchun yevropalik hamkasblar bilan ishlash tajribasiga ega mutaxassislar paydo bo‘lishi yaqin yillarda iqtisodiy o‘sish uchun asos bo‘ladi.
Albatta, o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining Yevropa bozorlaridagi har bir muvaffaqiyati bilan mamlakatning va alohida yirik eksportga yo‘naltirilgan loyihalarning investitsion jozibadorligi osha boradi. Biz ayni paytda O‘zbekistonga investitsiya yotqizadigan fondni tuzishda ishtirok etmoqdamiz va mamlakat investorlar o‘rtasida modaga (yaxshi ma'noda) aylanib borayotganini ko‘rmoqdamiz. Bu kayfiyat endi faktga aylangan natijalar bilan mustahkamlanishi kerak.
— GSP+ nima?
— GSP — bu «General System of Preferences» (Imtiyozlar bosh tizimi) iborasining qisqartmasi. Mohiyatan, bu O‘zbekistondagi qariyb hamma mahsulotlar Yevropa Ittifoqi davlatlariga bojsiz eksport qilinishini anglatadi. O‘zbekiston bu imtiyozlarga ega bo‘lgan 9-davlat bo‘ldi.
Keyingi beriladigan savolning oldini olib aytishim lozimki, sertifikatlash masalalariga buning aloqasi yo‘q.
— O‘zbekistonga GSP+ tizimi nima beradi?
— Traut va Raysning «Marketing urushlari» nomli ajoyib kitobi bor, unda harbiy harakatlar va yangi bozorlarni egallash o‘rtasida o‘xshashlik izlangan. Mana shu solishtirishlar doirasida o‘zbek ishlab chiqaruvchilari eng zamonaviy qurolga ega bo‘lishdi, deb aytgan bo‘lardim.
Yevropa bozorida raqobat juda kuchli. Butun jahondan eng yaxshi ishlab chiqaruvchilar xaridorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishadi, tovar uchun narx hisobi uning har donasiga sentning o‘ndan bir qismigacha boradi. Endi vaziyatni tasavvur qiling, ishlab chiqaruvchi sentning o‘ndan bir qismiga talashib, iqtisod qilishga tirishib yotganda kutilmaganda u ulkan bonusga ega bo‘ldi: muhokama qilinayotgan tovar Yevropaga bojsiz olib kirilishiga izn berildi. Bu bonusning kattaligi sentning o‘ndan bir qismi emas, mahsulot narxining 10 foizidan ham katta summalarda o‘lchanadi. Bir deganda O‘zbekistonning barcha mahsulotlari raqobatbardosh bo‘lib qoldi. Buni aytishga oson.
Lekin GSP+ rejimiga kirishish ortiqcha xursandchilikka sabab bo‘lishi kerak emas. Men ko‘plab ishlab chiqaruvchilar bilan gaplashdim, ular Yevropada savdo miqdori oshishi o‘z-o‘zidan ro‘y bermasligini ta'kidlashmoqda. Amaliyotga ko‘ra, «o‘z o‘zidan» faqat ziyonli biznes paydo bo‘lishi mumkin, muvaffaqiyat uchun esa sa'y-harakat qilish kerak, tizim qurish lozim.
— Yevropa bozoriga muvaffaqiyat bilan va muvaffaqiyatsiz kirgan mamlakatlar tajribasi bor. O‘zbekiston ulardan qanday saboq chiqarishi mumkin?
— Keling, GSP+ imtiyozlariga avvalroq ega bo‘lgan davlatlarni ko‘rib chiqaylik.
Pokiston eng muvaffaqiyatli eksportchiga aylangan: yiliga 5,9 mlrd yevro. Aytish mumkinki, ishlab chiqaruvchilar davlat yordamida makroiqtisodiy darajada ham juda sezilalarli «iqtisodiy mo‘jiza» yaratishdi. Eng avvalo ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqarishni sertifikatlashtirish va mahsulotlarga sertifikatlar olish borasida o‘z marketing harakatlarini sinxronlashtirishdi.
Yevropada Pokiston mahsulotlarining ko‘plab shourumlari bor, u yerda ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini taqdim etib, xaridorlar bilan bitta tilda gaplashishadi — sifat nazorati borasida ham, sertifikatlash masalalarida ham, o‘z ishlab chiqarishini qayta jihozlab, o‘zgarayotgan talabni qondirish masalasida ham. Bir so‘z bilan aytganda, xaridorga juda yaqin bo‘lish kerak hamda maksimal darajada mijozga moslashish kerak.
Mijozga moslashish deganlari esa doim matematik tomondan hisoblasa bo‘ladigan narsa. Mijoz kerakli axborotni ishlab chiqaruvchi saytidan nechta klikda topa oladi? Request for Proposal (Taklif talabnomasi) jo‘natganidan so‘ng u tijoriy taklifni uzog‘i necha soat kutadi? Talabnoma jo‘natilganidan so‘ng necha kun o‘tgach u tovarning laboratoriya tahlillarini ola oladi? Necha kundan so‘ng mahsulot namunasi uning qo‘lida bo‘ladi?
Bunda hammasi juda oddiy qurilgan — sog‘lom fikr va inson uchun tushunarli idrok asosida. Mana, sizga xaridor Request for Proposal jo‘natdi. «Biz bunaqasini ishlab chiqarmaymiz, katalogimizda borini tanlang», deya javob beruvchi ishlab chiqaruvchi ularga aslo qiziq emas. Chunki xuddi shu Request for Proposal’ni Pokiston, Hindiston, Ispaniya, Vetnam, Polsha, Bangladesh va Italiyadagi ishlab chiqaruvchilar ham olishgan — xaridor esa aynan o‘zi istagan narsani berishga tayyor bo‘lgan ishlab chiqaruvchi bilan muloqotni davom ettiradi.
Mana shu muzokaralar — mohiyatan ishlab chiqaruvchilarning sirtdan raqobat kurashi hisoblanadi. Bunda mahsulot o‘ramasini zudlik bilan o‘zgartirishga, narxni moslashtirish, xaridor yoki sotuvchining texnologlari bilan maslahatlashuvdan so‘ng qimmatroq yoki arzonroq xomashyoga o‘tishga tayyor bo‘lish kerak.
Yaxshi misol keltiraman. Mijozlarimizdan biri yotoqxona choyshabini plastik qoplamada ishlab chiqarar edi. Bu distribyuterning ekologik dunyoqarashiga zid — chunki qoplama tasodifan dengiz yoki daryoga tushib qolsa ham atrof-muhitga ziyon yetkazmasligi kerak. O‘sha choyshablar tayyorlangan matodan zudlik bilan xaltachalar tikishga to‘g‘ri keldi. Ishlab chiqaruvchi va biz bu yo‘l bilan nafarqat ekologik dunyoqarashni namoyon etdik, yakuniy xaridorga qo‘shimcha ustunlik ham taqdim etdik: do‘konda u mahsulot qoplamasini buzmasdan choyshab yasalgan matoni qo‘llari bilan ushlab ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi. Kelajak — yo‘l-yo‘lakay mijozning talablariga moslashuvchi va o‘z tijorat takliflarini zamonaviylashtiruvchi ana shunday ishlab chiqaruvchilarniki.
GSP+ ni qo‘lga kiritgan Qirg‘iziston va Armaniston hanuz Yevropa bozorlarida ko‘zga tashlanmayapti. Ehtimol ishlab chiqaruvchilar masofadan turib muzokaralar olib borishayotgandir, lekin ular jismonan bu yerda emaslar. Bunday biznesning sezilarli natijalari ham ko‘zga tashlanmayapti.
Shunisi e'tiborga molikki, Pokiston shourumlari joylashgan kvartallarda nafaqat Pokiston yemakxonalari, pasportlarning amal qilish muddatini uzaytirish, tarjimalarni notarial tasdiqlash va shu kabi turli biznes-servislar ham bor. Ishlab chiqaruvchilar biznesni juda faol tarzda olib borishayotgani va ish olib borilayotgan yillar mobaynida Yevropada jiddiy vakolatxonalar ochishgani darhol ko‘zga tashlanadi.
Armaniston va Qirg‘iziston bunday yutuqlar yo‘lida biror arzirli qadam tashlashgani yo‘q. Qirg‘izistondan eksport yiliga 6 mln yevro, Armaniston esa 70 mln yevroga yaqin mahsulot jo‘natgan, xolos.
To‘g‘risi, meni O‘zbekiston hanuz Pokiston yo‘lidan yurmayotgani tashvishga solmoqda. O‘zingiz o‘ylang: ko‘plab suhbatdoshlarim bir yil avval yaqin oylar ichida GSP+ imzolanishini bilishar edi. O‘tgan yilning noyabrida imzolash, aprelda — ratifikatsiya. Kimdadir tayyorgarlik ko‘rish uchun bir yil bor edi, bilmaganlar uchun — yarim yil. Lekin Yevropa bozorlariga chiqish tizimi haligacha yo‘q.
Minglab eksportchilarga Yevropaga chiqish davrini tez va samarali o‘tashga yordam beradigan, yig‘iladigan yuklarni komplektlashtirishga ortiqcha xarajatlarning oldini oluvchi va boshqa ko‘plab masalalarni hal qiluvchi «YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘prik» kerak. Bu o‘ziga xos «Eksport loyihalari fabrikasi» bo‘lib, usiz Pokiston muvaffaqiyatini takrorlab bo‘lmasligi aniq.
Eng qizig‘i nimada, bilasizmi? Hindistonlik ishlab chiqaruvchilar Yevropada ishni juda yaxshi tashkil etishgan va yiliga bu yerga 43 mlrd yevrolik mahsulotlar eksport qilishadi, lekin Hindistonda GSP+ imtiyozlari yo‘q. Ulardagi eksport hajmi Pokistondan 7 barobar, Qirg‘izistondan 7200 barobar katta. GSP+ juda foydali bo‘lsa-da, muvaffaqiyat kafolati emas ekan. Muvaffaqiyat uchun albatta GSP+ imtiyozlariga ega bo‘lish ham shart emas. Lekin bu alohida suhbat mavzusi.
— Yevropada O‘zbekistondan keltirilgan mahsulotlarni ommalashtirishga nima xalaqit qiladi?
— Mahsulotning Yevropa bozoriga muvaffaqiyatli chiqishi uchun nimalar zarur bo‘ladi? Keling, kichik detallarga e'tibor bermay, vaziyatni kengroq tasavvur qilamiz. Nimalar zarur: sertifikatsiya, bozor talablarini tushunish, o‘z raqobat ustunliklarini kristall darajada aniq bilish, Yevropada jismonan hozir bo‘lish va, nihoyat, o‘zining raqobat ustunliklariga binoan sotuv tizimini qurish.
Bu punktlarning har biri ishlab chiqaruvchining alohida xarajatlarini talab etadi. Biz buni «bozorga kirish chiptasi narxi» deb ataymiz. Bu yerda muhimi shuki, davlat «kirish chiptasi»ni jiddiy tarzda arzonlashtirmoqda.
Bu holatda, tajribalardan ayon bo‘lmoqdaki, biz yuqorida sanab o‘tgan rivojlanishning asosiy yo‘nalishlari va boshqa bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarni sinxronlashtirib va tahlil qilib, har bir eksport loyihasiga tizimli ravishda yondashish kerak. Masalan, ko‘p hollarda sertifikatsiya uchun shunchaki to‘lov qilish yetarli emas: sertifikatning o‘zi sotuvlarni ta'minlay olmaydi, u shunchaki ishdagi vositalardan biri, mahsulotni ilgari surish bo‘lmasa uning shartnomalar imzolanishida nafi bo‘lmaydi.
Yevropada ishlab chiqaruvchilarning ishini tashkillashtirish sohasida savdo uylari va shourumlarning davlat tomonidan birgalikda moliyalashtirilishi masalasi aniq qo‘yilgan. Bir qaraganda, Yevropa bozori va o‘zbek ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida to‘laqonli ko‘prik quriladi. Biroq, «dastlabki 3 oyda tushum davlat qo‘llab-quvvatlashi hajmidan 10 barobar ziyod bo‘lishi lozim» kabi alohida qoidalar ham bor — bunday talablar yangi eksportchi uchun noreal, bajarib bo‘lmas vazifa. Progressiv ko‘ringan boshlang‘ich g‘oyani bir qator nyuanslar sharofati bilan samarali qo‘llab bo‘lmaydi. Albatta, hozirgi ahvolida davlat qo‘llab-quvvatlashi mavjud eksportchiga yo‘lga qo‘yilgan tarqatish tizimi bo‘lgandagina yordam bera oladi. Bu yaxshi va muhim, lekin eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash mafkurasi baribir bozorga yangi eksportchilarni olib kirishga mo‘ljallangan bo‘lishi kerak.
Aynan ular uchun bunday qo‘llab-quvvatlash zamirida jiddiy xatar yashirin.
Ta'kidlab o‘taman, juda ko‘plab ishlab chiqaruvchilarga bozorga samarali kirib borish uchun uslubiy yordam zarur. Yuzlab o‘zbek ishlab chiqaruvchilari uchun Yevropadagi formalliklardan osongina o‘tishda yordam beruvchi, transportirovkani arzonlashtiruvchi va PR’ni soddalashtiruvchi o‘ziga xos «sexli qo‘llab-quvvatlash» kerak.
Bunday tizim hozircha ishlab chiqilmagan. Bunday tizimni ishlab chiquvchilarning shtabi ham yo‘q. Shtabga Yevropa biznesi vakillari, o‘zbek ishlab chiqaruvchilari va davlat vakillari kiritilishi kerak. Ayni paytda muayyan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari mohiyatan ishlab chiqaruvchining ixtiyoriga qoldirilgan. Bu esa ishlab chiqaruvchi biror kvalifikatsion talablarga qaramasdan, qaysi qo‘llab-quvvatlash choralarini o‘zi tanlashini bildiradi. Masalan, sertifikatsiz ishlab chiqaruvchi xorijda reklama kampaniyasi uchun davlat moliyalashtirishini ololadi.
Ishlab chiqaruvchi uslubi yordamni hech joydan ololmaydi. Bu holda ko‘plab kompaniyalarda eksport uchun mas'ul mutaxassislar xorijda ishlash tajribasiga ega emas. Ya'ni, eksportga chiqayotgan ishlab chiqaruvchilar xatoga yo‘l qo‘ymasliklari mumkin emas.
Davlatning bugungi kunda eksportchilarga yondashuvi, agar men to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, bir tomondan «bozorga kirish chiptasi»ni misli ko‘rilmagan darajada arzonlashtirish borasida qo‘llab-quvvatlash bo‘lsa, ikkinchi tomondan tashqi bozorlarga chiqishdagi xatolar uchun qat'iy jazolash va natijalarga erishish uchun juda qisqa muddatlar qo‘yganidan iborat.
Bu esa juda ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin: tashqi bozorga chiqishga jazm qilgan eng jur'atli tadbirkorlar tajribasizlik va uslubiy ko‘rsatmalarsiz xatoga yo‘l qo‘yishadi va ikki barobar jazolanishadi. Birinchisi — sotuv hajmi kichikligi, ziyonlar va olinmagan foyda ko‘rinishida bozor tomonidan. Ikkinchisi — ishlab chiqaruvchidan avval ko‘rsatilgan moliyaviy yordamni darhol undirgan, ishlab chiqaruvchini eksportga chiqarishda ko‘maklashuvchi o‘rta muddatli dasturlarni nazarda tutmagan davlat tomonidan.
Fokus shundaki, boshlovchi eksportchilar xatoga yo‘l qo‘yishi tayin bo‘lgani sababli soliq to‘lovchilar puli hisobiga qurilgan tizim eng tashabbuskor ishlab chiqaruvchilarni kasod bo‘lish xavfi ostida qoldirishi mumkin. Agar so‘m va yevroning kurslaridagi farq inobatga olinsa, bu reallikdan ham aniq holat.
Mana shu kuzatuvlar asosida sizning juda to‘g‘ri savolingizga javob berish mumkin — nima xalaqit beradi? Davlatdan yordam olgan eksportchi xato qilishga haqqi yo‘qligi va bozorga Yevrokomissiya hujjatlarida baholangan muddatdan 4 barobar tezroq to‘laqonli chiqishi shartligi xalaqit qiladi.
Ikkinchidan, yangi eksportchilarga eksportga chiqish ommaviy tarzda ro‘y bermagani ham xalaqit qiladi. Shartli qilib aytganda, Yevropaga chiqish qaysidir sohada elliginchi ishlab chiqaruvchiga, beshinchi bo‘lib turgan ishlab chiqaruvchidan osonroq…
Uchinchisi, GSP+ ga qaramasdan, eksportchilarning o‘zining jur'atsizligi xalaqit qiladi. Pandemiya davrida logistika zanjirlari uzilib ketganidan foydalanib, Yevropaga turli davlatlardan qanchalik ko‘p ishlab chiqaruvchilar kelganiga qarang: yangi o‘yinchilarning otilib chiqishi kutilmaganda soddalashdi. Bundan o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilardan qanchasi foydalandi? Barmoq bilan sanarlilari.
— Bu muammolarni qanday hal qilish mumkin? Hukumatga ham, eksportchilarga ham qanday tavsiyalar bergan bo‘lar edingiz?
— Hukumat GSP+ni imzolab qariyb mo‘jiza yaratib bo‘ldi. Bu mamlakat iqtisodiyoti va eksportchilar uchun «omadli lotereya chiptasi». Rivojlanish vektorlari, nazarimda, juda to‘g‘ri tanlangan.
Eksportni ilgari surish tizimini qayta ishlash kerak. Bu tizim doirasida har bir eksport loyihasiga yordam manzilli va «Yevropa bozoriga kirish chiptasi» narxini tushiradigan bo‘lishi kerak. Malakali eksportchilarning Yevropada jismonan hozir bo‘lishi ta'minlanishi kerak. Busiz eksport sohasida barcha boshlanmalar velosiped haydashni amaliyotda emas, darslikka qarab o‘rganishga o‘xshaydi.
Eksportchilarga davlat ko‘magi — jahon amaliyotida ommalashgan chora. Bu yo‘ldan borar ekan, O‘zbekiston bozor prinsiplaridan og‘ishmaydi. Boz ustiga, ko‘mak faqat boshlang‘ich bosqichlarda beriladi, keyinchalik davlat izchillik bilan yordamni kamaytira boradi.
Eng samarali yo‘l — butun jahondagi yirik xususiy va davlat tuzilmalarida muvaffaqiyatli foydalanib kelinayotgan «geyt tizimi» deb ataluvchi tizimdan foydalanish. Yondashuv mantig‘i: har bir loyiha natijalarini monitoring qilish va bir qator asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha natijalar loyihaning yo‘l xaritasiga mos kelishini tekshirish. Bu mablag‘lardan oqilona foydalanishni ta'minlaydi. Bu holatda davlat ko‘magi sifatida berilgan mablag‘lar foydadan qaytarilishini nazarda tutish real bo‘ladi. Odatda loyihalar monitoringi hamda eksportchilarga uslubiy ko‘mak bilan shug‘ullanuvchi shu kabi Loyiha qo‘mitalari xalqaro nufuzga ega bo‘lgan sohaviy ekspertlarni taklif etishadi.
Darvoqe, Loyiha qo‘mitasida nufuzli xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda «eksport loyihalari fabrikasi»ni yaratish Xalqaro investorlarda O‘zbekiston haqida yaxshi taassurot uyg‘otishiga xizmat qiladi.
Fikrimcha, agar Hukumat shu yo‘ldan yuradigan bo‘lsa, natijalar juda tez orada bo‘y ko‘rsatadi va Pokistonning «iqtisodiy mo‘jiza»sini nafaqat takrorlash, undan o‘zib ketish ham mumkin.
Agar endi-endi Yevropaga chiqishni rejalashtirayotgan potensial eksportchilarga tavsiyalar haqida gapiriladigan bo‘lsa, bitta intervyuda barcha fikrni aytib bo‘lmaydi. Lekin tajribamizdan kelib chiqib eng asosiylarini sanab o‘tsam bo‘ladi.
Birinchisi, qaror qabul qilishni cho‘zmang. Tezroq, qat'iyat va izchillik bilan harakat qiling.
Ikkinchidan, harakatga tushishdan avval raqobatga oid chuqur tahlil qiling. Uni ham tezroq va oqilona bajaring. O‘zingizning 10ta asosiy raqobatchingiz va 10ta eng qimmatli potensial xaridorlaringizni tanib olib, tushunishga harakat qilgan holda. Ular bilan suhbatlashing va mazmunli qayta aloqaga ega bo‘ling. Shundan so‘ng quyidagi savolga javob izlang: nega sizning potensial xaridorlaringiz raqobatchingiz bilan amaldagi shartnomasini buzib, siz bilan shartnoma imzolashi kerak? Mana shu savolga javob topilgan zahoti bozorga qo‘rqmay chiqaverish mumkin. Butun tayyorgarlik 3 oydan oshmasligi kerak.
Shokir Sharipov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
20:28 / 01.11.2024
Fermer endi yerga ijara huquqini sotishi mumkin – savollarga javoblar
12:10 / 25.10.2024
Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri tayinlandi
09:40 / 23.10.2024
O‘zbekistondan Kuvaytga quruq mevalar eksporti hajmi oshiriladi
16:26 / 16.10.2024