Jamiyat | 17:46 / 21.06.2021
18473
6 daqiqa o‘qiladi

Qabristoni yo‘q qishloq. Paxtaoboddagi ikki qishloqning bitmayotgan muammolari

6 ming aholi yashaydigan “Mustaqillik” MFYga eng yaqin qabriston 13 km masofada joylashgan. Aholi bu muammoni ko‘tara boshlaganiga ham 18 yil to‘lgan. Muammo yuzasidan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovga ham murojaat qilingan. Qabriston uchun yer ajratilishidan esa darak yo‘q.

Murojaatlar ortidan Andijon viloyatining Paxtaobod tumaniga borib, “Mustaqillik” hamda “Navro‘z” mahallalaridagi muammolarni o‘rgandik.

Mustaqillik mahallasi viloyatdagi eng katta mahallalardan bo‘lib, unda 6,5 ming aholi istiqomat qiladi. Hududda uzoq yillardan beri hal bo‘lmay yotgan muammolar yig‘ilib qolgan. Maktab, guzar, bog‘cha yo‘q. Eng achinarlisi, mahalla o‘z qabristoniga ham ega emas.

Aholining bu muammolar yuzasidan viloyat hokimligidan tortib turli tashkilotlarga yo‘llayotgan murojaatlari yechimsiz qolmoqda.

“Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini 1989 yili tashkil topgan. Mazkur hududga tumanning turli mahallalaridan yosh oilalar ko‘chib chiqqan. Bugungi kunga kelib 6200 dan oshiq aholi yashaydi. Ko‘plab xonadonlarda 12-14 nafargacha odam yashaydi.

Maktab, davlat bog‘chasining yo‘qligi – ko‘p yillik muammolardan. Bu haqda 2007 yildan beri murojaat qilib kelamiz.

Mahallaning asosiy muammosidan biri bu – qabriston. Bu masala 2003 yildan beri ko‘tariladi. Hatto viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovgacha murojaat qildik. Foydasi bo‘lmadi.

Imkoni borlar bolalarini markazdagi bog‘chaga olib boradi. Mahallada hozir 4 ta uy bog‘chasi bor. Lekin 6,5 ming aholi uchun bu juda oz”, – deydi Feruza Boynazarova.

Mahallaning yoshi ulug‘lari Hakimjon ota Iminov va Muyassar Ahmedovalar Mustaqillik qishlog‘ining eng katta muammolari maktab, bog‘cha va qabriston ekani haqida gapirishdi.

“Qabriston kerak” deb hokimiyatga 12-13 marta bordim. Ular “mahalla ichiga mumkin emas, aholidan 300 metr uzoqlikda bo‘lishi kerak”, deb javob berishdi. Qayerdan bo‘lsa ham berishmaydimi? Kimdir vafot etsa, atrofga qabriston izlab ketyapmiz. Joy topilgunicha o‘lik yotadi”, – deydi Hakimjon ota Iminov.

Mangulik ko‘chasi muammolari

“Navro‘z” mahallasining Mangulik ko‘chasida ham bizni bir guruh fuqarolar kutib turgan ekan. Ko‘chada bir talay muammolar to‘planib qolgan. Hayron qoladigan jihat – 2018 yili ko‘chadagi 500 metr tabiiy gaz quvuri tumangaz xodimlari tomonidan kesib olib ketilgan.

Aholi o‘sha kundan boshlab yonib turgan tabiiy gazdan mosuvo bo‘ldi. Ularning Prezident qabulxonasiga yozgan xatiga butunlay boshqa, 2012 yildagi Sangrabod mahallasining tabiiy gazdan uzilishiga tegishli javob olishgan.

“Ko‘chalar holati yomon. Qishda loy va yozda chang. “Qachon asfalt bo‘lar ekan”, deb 30 yildan beri kutamiz. Simyog‘ochlar o‘tgan asrda o‘rnatilgan. Transformatorimiz juda eski, sovuq faslda har ikki kunda remontiga pul yig‘amiz. Kuchlanishning pastligidan kir yuvadigan mashinalarimiz, dazmollarimiz ishlamaydi, televizorlarimiz ko‘rsatmaydi.

2018 yili respublikadan vakillar ochiq muloqotga kelishganida aytdik, viloyat hokimi qabul qildi ,o‘zim uchradim. “2019 yil dasturiga kiritilgan”, deyishdi. Mana 2021 yilning yarmi o‘tyapti, yangi transformatordan darak yo‘q.

Ichimlik suvi liniyasi tinmay teshiladi. “Suvoqova” boshlig‘iga borsak, quloq ham solmayapti.

500 metr gaz quvurimizni 2018 yili “raygaz”dan kelib, uzib ketishgan. Shundan beri yonib turgan gazdan quruq qoldik. Prezident qabulxonasiga xat yozsak, “Hududgaz” Paxtaobod filiali bizdan uzoqda joylashgan “Sangraobod” mahallasiga tegishli xatni javob qilib jo‘natishibdi”, – deydi Adhamjon Tojiboyev.

Biz mahalla muammosini o‘rganayotgan paytimizda tuman gaz mutasaddilari yetib kelib, quvurlar masalasiga izoh berishdi. Ularning izohi tushunarsiz edi.

“Uzib ketilgan quvur masalasida rahbariyatdan so‘radik. 500 metr quvurni Paxtaobod tumani xalqini o‘ylab, markaz hududiga olib kelinayotgan tranzit liniyaga ishlatgan ekanmiz. “Mangulik” ko‘chasi tabiiy gaz ta'minoti yaxshi emasligi uchun suyultirilgan gaz ta'minotiga o‘tkazilgan”, – deydi “Hududgaz” tuman filiali mijozlar bo‘limi boshlig‘i Bahodirjon Qosimov.

Hokimlik: “Muammolar borligini inkor etmaymiz”

Paxtaobod tumani hokimi o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Fattohjon Qambarov ikki mahallaning muammolariga munosabatini anchagina qisqa qildi:

“Haqiqatda “Mustaqillik” mahallasida, Mangulik ko‘chasida yuqorida aytilgan muammolar mavjud, buni inkor eta olmaymiz. Mazkur holatlarni o‘rganib chiqyapmiz, kamchiliklarni bartaraf qilamiz”, – deyish bilan kifoyalandi u.

Biz viloyat hokimligidan ikki mahallaning uzoq yillik muammolariga e'tibor qaratishni so‘rab qolamiz.

Elmurod Ermatov tayyorladi.
Tasvirchi va montajchi – Jahongir Mahmudov.

Mavzuga oid