O‘zbekiston | 20:40 / 23.06.2021
27577
4 daqiqa o‘qiladi

“Daraxtlar qabristoni” – bugungi Toshkent timsoli

Yashnobod tumanining Alimkent ko‘chasi bo‘ylab “daraxtlar qabristoni”ga ko‘zingiz tushadi. Ko‘cha yuzidagi daraxtlarning deyarli barchasi qurib bo‘lgan. Boshqa joylardan ko‘chirib kelingan bir necha yillik ulkan daraxtlar qarovsizlikdan nobud bo‘lyapti.

Poytaxt Toshkent kundan kunga cho‘llashib, “domlashib”, betonlashib bormoqda. Yosh-u qari yashil daraxtzor soya-salqinida hordiq chiqaradigan bog‘larning ko‘pi ishlamayapti. Bunday vaziyatda bir tarafdan shaharni toza havo bilan ta'minlovchi yangi daraxtlar ekish, ikkinchi tarafdan esa omon qolganlarini bir amallab asrab qolish dolzarb masalaga aylandi.

Biroq afsuski, mas'ullar har ikkala vazifani ham yetarlicha uddalay olmayapti.

Yashnobod tumani Alimkent ko‘chasida qurib qolgan “daraxtlar qabristoni” paydo bo‘lgan. Katta-katta daraxtlar qurib bo‘lgan. Yosh nihollar ham sekin-asta qurib bormoqda.

Daraxtlarning ko‘pchiligi boshqa joylardan ko‘chirib, shu yerga o‘tqazilgan. Ajablanarlisi shundaki, daraxtzorga aylantirish reja qilingan maydon toshloq va suvsiz bo‘lsa-da, daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishdan oldin alohida tayyorgarlik ko‘rilmagan. Ular suvsizlikdan qurib bormoqda.

Yashnobod tuman hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi vakilining ma'lum qilishicha, Alimkent ko‘chasidagi daraxt ko‘chatlari Katta Farg‘ona yo‘li ko‘chasining ta'mirlanishi munosabati bilan u yerdan ko‘chirib keltirilgan. Mutasaddiga ko‘ra, ularning quriy boshlashi – “havo keskin isib ketgani”ning oqibati.

Obodonlashtirish boshqarmasi vakili Shuhrat Rajabov

“Daraxtlar asosan Farg‘ona yo‘li qayta qurilgani sababli, u yerdagi ba'zi bir nihol daraxtlarni Alimkent ko‘chasi yoniga ko‘chirishga to‘g‘ri keldi. Suvlari vaqtida berilgan. Ko‘chirilishda barcha qoidalarga amal qilingan. Lekin havoning keskin isib ketishi daraxtlarning nobud bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Biz faqat ko‘chatlarni ko‘chirib o‘tkazganmiz. Saqlab qolish uchun qo‘ldan kelgan barcha ishlarni qildik. Qurib qolgan daraxtlar o‘rniga boshqalarini ekishga to‘g‘ri keladi”, – deydi Obodonlashtirish boshqarmasi vakili Shuhrat Rajabov.

Turgan gapki, izohlovchining izohi bizni qoniqtirmadi. Ko‘chirib o‘tkazishdan oldin nega tegishli agrotexnik tadbirlar qilinmagani, toshloq va suvsiz yerga daraxt ko‘chirilganini tushunish qiyin.

Shu o‘rinda atrof-muhitga mas'ul tashkilotlar, deputatlar va jamoatchilikdan daraxtlarni saqlab qolishda faol bo‘lishini, qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati tizimidagilarni daraxtlarga nisbatan qilingan tajovuzga nisbatan jazo muqarrarligini ta'minlashni so‘rab qolamiz.

Zero, bizdan avlodlarimizga daraxtlari qirg‘in qilingan biyobondagi beton va plastmassa uyumi emas, odamlar uchun qulay, kislorodga to‘la, yashil va soya-salqin shahar qolsin.

Rahmatillo Isroilov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Doniyor Yoqubov.

Mavzuga oid:

Mavzuga oid