O‘zbekiston | 16:10 / 24.06.2021
22435
15 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va AQSh: Oliy sud hokimiyatidagi farqlar

AQShdagi sud hokimiyatining qudrati va adolatiga ko‘plar havas qiladi. Bu hokimiyatning eng yuqori minbari – AQSh Oliy sudi. Tadqiqotchi Otabek Toshev Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida AQSh va O‘zbekiston Oliy sudlari o‘rtasidagi tafovutlar haqida so‘z yuritib, muayyan takliflarni o‘rtaga tashlaydi.

AQShda Oliy sud sudyasini tayinlash ko‘p munozaralarga sabab bo‘lishi mumkin. Zero, bu mamlakatda Oliy sud sudyasi – shunchaki quyi instansiya sudlarining qarorlarini ko‘rib chiquvchi emas, balki o‘z qarorlari bilan mansabdor shaxslarga, jumladan, AQSh prezidenti manfaatlariga daxl qiluvchi va huquqiy munosabatlarni sezilarli darajada o‘zgartiruvchi lavozim hisoblanadi.

Shu boisdan Oliy sud sudyalarini tayinlash tartibi, ular faoliyatining kafolatlari kabi masalalar to‘g‘risida O‘zbekiston va AQSh qonunchiligining qiyosiy tahliliga to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.

Oliy sud sudyalarining tarkibi va tayinlanishi

AQSh Oliy sudi
Foto: Getty Images

AQSh Oliy sudi tarkibi bir qator murakkab bosqichlardan so‘ng shakllanadi. E'tiborli jihatlaridan biri shundaki, Oliy sud sudyalari sonining aniq miqdori AQSh Konstitutsiyasida belgilanmagan. Bu miqdorni Kongress belgilaydi. Dastlabki yillarda 5 nafar sudyadan iborat bo‘lgan Oliy sud prezident Endryu Jonson davriga kelib o‘zining hozirgi 9 kishilik ko‘rinishiga keldi: 1 nafar bosh sudya va 8 nafar o‘rinbosar.

Bundan tashqari, AQSh Konstitutsiyasida va boshqa biron bir hujjatda Oliy sud sudyasi bo‘lishning malaka talablari qayd etilmagan. Bu AQSh prezidentiga istalgan shaxsni, u huquqshunos, siyosatchi yoki boshqa kasb egasi bo‘lishidan qat'i nazar, Oliy sud sudyasi lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatish imkoniyatini beradi. Qolaversa, prezidentlar nomzodning siyosiy qarashlariga ham e'tibor beradi. Boisi, agar prezident konservativ bo‘lsa, u ilgari surgan nomzod sudya bo‘lganidan so‘ng liberallar manfaatlari yo‘lida ish olib borishini xohlamaydi.

Oliy sud sudyaligiga nomzod ko‘rsatish – AQSh Konstitutsiyasiga muvofiq, prezidentning mutlaq huquqi hisoblanadi. Amaliyotda, AQSh prezidentlari taqdim qilgan nomzodlar borasida turli bahs-munozaralar ketsa-da, shu paytga qadar ularning 11 nafari rad etilgan, xolos.

Ko‘rsatilgan nomzod to‘g‘ridan to‘g‘ri Senatda ovozga qo‘yilmaydi. Avvalo, nomzod Senatning Huquq qo‘mitasida suhbatdan o‘tishi kerak. Bunda senatorlar uning nafaqat huquq sohasidagi bilimlari, balki uning falsafiy qarashlariga ham e'tibor qaratishadi. Suhbat yakunida senatorlar nomzod haqidagi o‘zining ijobiy, salbiy yoki betarafligi haqidagi xulosasini yakuniy ovozga qo‘yish uchun Senatga yuboradi.

Dastlab Oliy sud sudyasi bo‘lish uchun senatorlarning 2/3 qismi ovozini to‘plash kerak bo‘lgan. Ammo, hozir yadro usulini (nuclear option) qo‘llashadi, bunda senatorlarning 60 nafarining ovozi yetarli hisoblanadi. Xususan, amaldagi AQSh prezidenti tomonidan ko‘rsatilgan nomzod Nil Gorsuch ham ovoz berishning shu usuli bilan Oliy sud sudyasi bo‘ldi.

Shundan so‘ng senatorlar ovoz berishning yakuniy natijalari asosida prezident tomonidan umrbod muddatga tayinlanadi.

AQSh Oliy sud sudyalarini lavozimidan faqat Senat tomonidan, mansabdor shaxslarga (jumladan, AQSh prezidentiga ham) qo‘llaniluvchi impichment vositasida olib tashlash mumkin. Yoki uning o‘limi va iste'fosi bunga sabab bo‘ladi.

Shu o‘rinda qayd etish kerak, Oliy sud sudyalari kabi federal sudyalar ham prezident tomonidan tayinlanadi, ya'ni AQShda sudyalarni tayinlash amaliyoti deyarli bir xil. Federal sudyalarni Oliy sud sudyalarini lavozimidan ozod etishdagi farq shundaki, federal sudyalarni shtatlarning qonun chiqaruvchi hokimiyatlari tasdiqlashga haqli.

O‘zbekiston Oliy sudi
Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma'muriy sud ishlarini yuritish sohasidagi ishlarni ko‘ruvchi Oliy sud hamda qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘ruvchi Konstitutsiyaviy sud sud hokimiyatining oliy organlari hisoblanadi. Ya'ni bir-biridan mustaqil tarzda faoliyat olib boruvchi ikkita oliy sud organlari mavjud.

Oliy sud tarkibi Plenum, Rayosat, jinoyat, fuqarolik, ma'muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atlaridan iborat. Konstitutsiyaviy sudda esa bunday tarkib mavjud emas.

O‘zbekiston sudlarining tuzilmasi va shtat birligining soni O‘zbekiston prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Ayni paytda Oliy sud sudyalarining soni 73 nafarni tashkil etadi. Konstitutsiyaviy sud a'zolari soni esa qonunda to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilangan bo‘lib, 9 nafar sudyadan iborat.

Oliy sudi raisi, rais o‘rinbosarlari, sudyalari – prezident taqdimnomasiga binoan, Senat tomonidan saylanadi va lavozimidan olinadi. Konstitutsiyaviy sud sudyalari esa prezident taqdimiga binoan, Senat tomonidan, Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakilini qo‘shgan holda saylanadi va lavozimidan olinadi.

Prezident tomonidan taqdim etilgan nomzodlarni sudyalar lavozimlariga saylash yoki sudyalarni lavozimidan ozod qilish uchun avvalo ushbu masala Senatning kun tartibiga kiritilishi, buning uchun esa Senatning tegishli qo‘mitasida bu masala ko‘pchilik ovoz bilan ma'qullanishi talab etiladi.

Nomzodlarni sudyalar lavozimlariga saylash haqidagi masalani ko‘rib chiqish davomida Senat qo‘mitasi a'zolari nomzodlarning kasb malakalari va tayyorgarlik darajasini aniqlash maqsadida ularga savollar berishi mumkin. Shundan so‘ng tegishli qaror Senatda ko‘rib chiqiladi va bunda ham nomzod sudyalik lavozimiga saylanish uchun senatorlarning ko‘pchiligining ovozini olishi kerak bo‘ladi.

AQSh qonunchiligidan farqli o‘laroq, O‘zbekiston qonunchiligi sudyalikka nomzodlarga nisbatan bir qator talablarni ilgari suradi. Nomzodning yosh senzi va sudyaning lavozimda bo‘lishining yosh senzi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda yoki sudda mehnat stajiga ega bo‘lishi talablari bor.

Oliy sud sudyalari faoliyatining kafolatlari

Foto: SupremeCourt.gov

AQSh Konstitutsiyasining III moddasida: “Oliy sud va quyi sudlar sudyasining xulq-atvori namunali tarzda bo‘lganda o‘zining lavozimini saqlab qoladi va sudyalar belgilangan muddatlarda lavozimda bo‘lgan paytida kamaytirilishi mumkin bo‘lmagan o‘z ishiga rag‘batlantirish oladi”, deb ko‘rsatilgan.

Ushbu qoidalar Kongress sudyalarni ishdan bo‘shatish yoki ularning maoshlarini kamaytirish bilan tahdid qilish orqali sud ishlarining natijalariga bevosita ta'sir o‘tkaza olmasligini ta'minlaydi.

Kongress sudyalarning oylik maoshlarini va boshqa to‘lovlarni kamaytirishga ularni joriy etish to‘g‘risidagi qaror kuchga kirmagan paytda, ya'ni loyiha shaklida bo‘lganda vakolatlidir.

AQShda sudyalarning, xususan Oliy sud sudyalarining faoliyati kafolatlaridan biri – bu ularning yuridik immunitetga egaligidir. Biroq, sudyalarning immunitetga egaligi ularning mutlaq daxlsizligini anglatmaydi. Umumiy qoidaga ko‘ra, AQShda sudyalar, agar ular korrupsiyalashgan bo‘lsa yoki adolatsiz, ishdan manfaatdor bo‘lsa, o‘z majburiyatlari yuzasidan ishga aloqador shaxslar oldida javobgar bo‘ladi hamda impechment yo‘li bilan lavozimidan olinadi.

Biroq, sudyalar agar ish fuqarolik munosabatlariga aloqador bo‘lsa, sudya tomonlarga qanday va qay darajada zarar yetkazganidan, ishni ko‘rishda o‘z vakolatlarini oshirib yuborganidan qat'i nazar, javobgar hisoblanmaydi.

Sudyalarning fuqarolik ishlari bo‘yicha javobgarligi faqat vakolati mavjud bo‘lmagandagina kelib chiqadi. Bu sudyalarga nizoli vaziyatni biron-bir javobgarlikka tortilish xavfisiz ko‘rish imkoniyatini beradi.

O‘zbekiston Oliy sudi Plenumi majlisi
Foto: Oliy sud

O‘zbekiston sudyalari ham yuridik immunitetga, aniqroq aytganda daxlsizlikka ega, ya'ni sudyaning shaxsi daxlsiz. Sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transporti va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqlidir.

Ammo, Konstitutsiyaviy sud sudyalarining daxlsizligi Oliy sud sudyalarinikidan farq qiladi. Xususan, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun sudyalarning shaxsiy xavfsizligini ta'minlash maqsadlarida ularga tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, adliya vaziri tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha o‘qotar qurol berilishini, zarur hollarda tegishli sud raisining qaroriga binoan ichki ishlar organi sudya va uning oilasi uchun qurolli soqchilar ajratishini nazarda tutadi. Ammo, “Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risida”gi qonunda bunday kafolat berilmagan.

Shuningdek, jinoiy va ma'muriy javobgarlikka tortishda ham farqlar mavjud. Agar, Oliy sud sudyasini javobgarlikka tortish uchun Sudyalar oliy kengashining xulosasi talab etilsa, Konstitutsiyaviy sud sudyasini javobgarlikka tortish uchun esa bevosita Konstitutsiyaviy sudning roziligi talab etiladi.

Bundan tashqari, har ikki sud sudyalari vakolatini muddatidan ilgari tugatish asoslaridan biri sudyalik qasamyodini buzish hisoblanadi. Ammo, muammo shundaki, sudyalarning qasamyod matnida keltirilgan “halol” va “vijdonan” kabi so‘zlarni talqin qilish amaliyotda murakkabliklarni, turli xil talqinlarni keltirib chiqarishi mumkin. Qolaversa, sudyalik qasamyodi va sudyalar odob-axloqi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish sudyalar malaka hay'atlarining vakolati hisoblanadi. Ya'ni, bir sudyaning boshqa sudyalar tomonidan nazorat qilinishini anglatadi, bu esa ishni xolis baholash masalasini so‘roq ostiga qo‘yadi.

Oliy sud vakolatlari va sud pretsedenti

AQSh Oliy sudi bevosita Konstitutsiya bilan tashkil etilgan yagona sud hokimiyati organidir. Gap shundaki, AQSh Konstitutsiyasida sud tizimi sifatida faqat Oliy sud qayd etilgan, federal sudlar yoki ixtisoslashtirilgan sudlar va ularning tizimi haqida maxsus qoidalar belgilanmagan.

AQSh Konstitutsiyasining 3-moddasiga ko‘ra, Kongress har qanday quyi sudni tashkil etishga haqli. Albatta, bunda quyi sudlar qarorlar qabul qilishda Oliy sud chiqargan qarorlarga ham amal qilishi majburiy, ya'ni AQShda sud pretsedenti amal qiladi.

Iqtisodiy, jinoiy, fuqarolik, ma'muriy va boshqa masalalar bo‘yicha AQSh Oliy sudi sud tizimining yagona oliy instansiyasi hisoblanadi.

Shuningdek, Konstitutsiya moddalariga sharh yoki qonun hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi yuzasidan qaror chiqarishga ham faqat Oliy sud vakolatlidir.

AQSh Oliy sudi apellyatsiya instansiyasi sifatida ishlarni ko‘rib chiqqanda chiqarilgan qarorlar ustidan shikoyat qilish mumkin emas.

Oliy sud birinchi instansiya sifatida ish ko‘rishi ham mumkin. Bunda bir shtat ikkinchi shtat ustidan shikoyat qilganida yoki ishni ko‘rish predmeti davlat rahbarining harakati bilan bog‘liq bo‘lsa, ishlarni birinchi instansiyada ko‘rib chiqadi. Oliy sud chiqargan qarorlar so‘nggi bosqich bo‘lib, uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.

Yuqorida qayd etilganidek, AQSh Oliy sudi sudyasi o‘z qarorlari bilan nafaqat quyi sudlar uchun majburiy qoidalarni o‘rnatadi, balki ana shu qarorlar bilan u yoki bu huquqiy munosabat yuzaga kelishini, o‘zgartirilishini yoki tugatilishini ta'minlaydi.

Quyida, Oliy sudning ana shunday qarorlaridan ayrimlariga to‘xtalib o‘tsak:

  • har bir inson advokat olish huquqiga ega (1961 yildagi qaror);
  • irqlararo nikohga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish (1967);
  • abort qilishni taqiqlashni bekor qilish (1973);
  • voyaga yetmaganlarni qatl qilishni taqiqlash (2005);
  • har bir inson o‘zini himoya qilish uchun o‘qotar qurolga egalik qilishga haqli ekani haqidagi qaror (2008).

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ishlarni birinchi instansiya sudi sifatida va kassatsiya tartibida ko‘radi. Konstitutsiyaviy sud esa normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligiga oid ishlarni ko‘rib chiqadi.

AQShda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda sud pretsedenti amal qilmaydi. Ammo, Oliy sud Plenumining tushuntirishlari sudlar, ushbu tushuntirishlar berilgan qonun hujjatlarini qo‘llayotgan boshqa organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar uchun majburiydir. Tushuntirishlar esa normativ-huquqiy hujjatlar qatoriga kirmaydi. Vaholanki, sudlar odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishi lozim.

O‘zbekiston va AQSh qonunchiligining Oliy sud faoliyatiga oid huquqiy masalalarning qiyosiy tahlili natijasi asosida quyidagi takliflar ilgari suriladi:

birinchidan, sudlarning mustaqilligini ta'minlash va ularning maqomini oshirish maqsadida “Sudyalar maqomi to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish;

ikkinchidan, sudyalarning ish ko‘rishlardagi mustaqilligini kuchaytirish maqsadida sud raisining sudyalarni jazolash va sudyalarga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atish bo‘yicha Oliy sud raisining vakolatlarini bekor qilish va o‘rniga sudyaga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atish masalasini ko‘rib chiqish uchun Sudyalar oliy kengashiga taqdim etish huquqini berish;

uchinchidan, Senat tomonidan Oliy sud korpusini shakllantirishda ta'sir o‘tkazish vakolatlarini kamaytirish maqsadida Oliy sud sudyalarni tayinlashni sudyalar hamjamiyati organi hisoblangan Sudyalar oliy kengashi vakolatiga o‘tkazish.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, sud hokimiyatining mustaqilligi amalda ta'minlanmas ekan, odil sudlovni amalga oshirishda to‘siqlar paydo bo‘laveradi, bu to‘siqlar esa sudlarning adolatli qarorlar qabul qilishiga ta'sir o‘tkazmay qolmaydi.

Otabek Toshev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas'ul xodimi

Mavzuga oid