Jizzax politexnika institutida mablag‘lar o‘zlashtirilganligi aniqlandi
Masofaviy nazorat natijasida kuzatilgan shubhali holatlar o‘rganilganda, 2 ta oliy ta'lim muassasida 22,5 mlrd so‘m mablag‘larni o‘zlashtirilganligi aniqlangan. Bu haqda Hisob palatasi ma'lum qildi.
Hisob palatasi Oliy ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning natijadorligi hamda 2017-2020 yillarda ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanganligi yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi.
Masofaviy nazorat natijasida kuzatilgan shubhali holatlar joyiga chiqib o‘rganilganda, 2 ta Oliy ta'lim muassasida 22,5 mlrd so‘m mablag‘larni o‘zlashtirilganligi aniqlangan. Jumladan, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida hisoblangan ish haqi va stipendiyalarga nisbatan bankdan ortiqcha olingan 21 mlrd so‘m naqd pul buxgalteriya xodimlari tomonidan qalbaki vedomostlarni tuzish orqali o‘zlashtirilgan.
Shuningdek, Jizzax politexnika institutida 1,5 mlrd so‘m mablag‘lar plastik kartochkaga o‘tkazish orqali o‘zlashtirilgan. Buxgalteriya xizmati mas'ullari tushuntirish xatlarida yuqorida ko‘rsatilgan mablag‘larni o‘zlashtirganliklari ko‘rsatib o‘tgan.
«Aniqlangan holatlar bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar o‘zlashtirilgan mablag‘larni o‘z joyiga tiklash va huquqiy baho berish uchun belgilangan tartibda Bosh prokuraturaga yuborildi. Nazorat tadbiri davom ettirilmoqda, yakuniy ma'lumotlar bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi», deyiladi xabarda.