Jamiyat | 12:26 / 30.06.2021
9318
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda 10 mlrd so‘mdan ortiq qiymatdagi «mato» amaliyotiga chek qo‘yildi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Andijon viloyatida bojxona to‘lovlarini to‘lamaslik yoki belgilanganidan kamroq to‘lash maqsadida hujjatlarni soxtalashtirish bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Natijada, qiymati 10 mlrd 261 mln so‘mlik matolar vaqtincha saqlovga olindi, deb xabar qilmoqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati.

Ma'lum qilinishicha, Andijon viloyati bojxona boshqarmasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish va o‘z xavfsizlik bo‘limining tezkor ma'lumotlariga asosan, viloyatda faoliyat ko‘rsatuvchi mas'uliyati cheklangan jamiyat nomiga xorijiy mamlakatdan olib kelingan matolar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida, umumiy qiymati 3 mlrd 859 mln so‘mlik matolar bojxona to‘lovlarini to‘lamaslik maqsadida hujjatlarda ko‘rsatilmaganligi ma'lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, viloyatdagi mas'uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga xorijiy mamlakatdan olib kelingan tovar moddiy boyliklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, bojxona rasmiylashtiruvi uchun taqdim etilgan hujjatlar xodimlarda shubha uyg‘otgan. O‘rganishlar natijasida, deklaratsiyada “to‘qimachilik matolari” deb ko‘rsatilgan tovarlar, aslida “sintetik tolalardan tayyorlangan matolar” ekanligi ma'lum bo‘ldi. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, mazkur matolarning qiymati 6 mlrd. 412 million so‘mni tashkil etadi. Ushbu matolar ashyoviy dalil tariqasida vaqtincha saqlovga olingan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda. 

Mavzuga oid