Navoiydagi oltin koni 10 million dollarga sotuvga qo‘yildi
2021 yil 1 iyul kuni OLX.uz'da Navoiy viloyatidagi oltin koni sotuvga chiqarilgani haqida e'lon paydo bo‘ldi. Maydoni 1 500 gektar deb ko‘rsatilgan konning narxi 10 million AQSh dollariga baholangan.
Kun.uz e'lon egasi bilan bog‘lanib, sotuvga qo‘yilgan kon haqida qiziqib ko‘rdi.
“Navoiy viloyatidagi ushbu oltin koni auksionda yutib olingan. Agar siz konni sotib olmoqchi bo‘lsangiz, belgilangan narxdagi mablag‘ni davlatga to‘laysiz. Keyin auksionda g‘olib bo‘lgan firmaga ta'sischi sifatida kirasiz. Shundan keyingina konda ish boshlanadi”, — deya izoh berdi e'lon egasi.
Ammo ushbu oltin konini bu tartibda sotuvga qo‘yish qonunchilikka to‘g‘ri kelmaydi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, strategik turdagi foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqini taqdim etuvchi litsenziyalar faqatgina elektron savdolar natijalari yoki yuridik shaxslarning litsenziya berish vakolatiga ega bo‘lgan organlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishi orqali berilishi mumkin.
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun esa prezidentning 2018 yil 26 noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan yer qa'ri uchastkalari, shu jumladan, o‘lchamlari 5 gektargacha bo‘lgan sochma oltin konlariga taqdim etiladi. Bunda bitta talabgorga ruxsatnoma asosida berilgan yer qa'ri uchastkalarining umumiy maydoni yil davomida 20 gektardan oshmasligi lozim.
Mavzuga oid
15:19 / 02.07.2023
Samarqandda tilla koni shaxtasidan ikki kishining jasadi topildi
14:34 / 29.04.2022
Indoneziyadagi oltin konida ko‘chki oqibatida o‘ndan ortiq inson halok bo‘ldi
16:50 / 09.04.2022
Navoiyda ikkita yangi oltin koni ishga tushdi
13:18 / 01.03.2022