Angliya yarimfinalga chiqdi. Shevchenko jamoasi 4ta gol o‘tkazdi
Angliya haqli ravishda yarimfinalga chiqdi.
Yevro-2020. 1/4 final
Ukraina — Angliya — 0:4 (0:1)
Gollar: Keyn, 4 (0:1). Maguayr, 46 (0:2). Keyn, 50 (0:3). Xenderson, 63 (0:4).
Ukraina: Bushchan, Zabarniy, Matviyenko, Krivsov (Tsigankov, 35), Karavayev, Sidorchuk (Makarenko, 64), Zinchenko, Shaparenko, Mikolenko, Yaremchuk, Yarmolenko.
Angliya: Pikford, Uoker, Maguayr, Stouns, Shou (Tripper, 65), Sancho, Maunt, Rays (Henderson, 57), Fillips (Bellingem, 65), Sterling (Reshford, 65), Keyn (Kalvert-Lyuin, 73).
Hakamlar: Brih. Borsh, Lupp (barchasi — Germaniya).
VAR: Frits. Gittelmann, Dingert, Dankert (barchasi — Germaniya).
3 iyul. Rim. Olimpiyskiy stadioni.
Garet Sautgeyt endi bemalol o‘z tanqidchilariga tablodagi hisobga qarashni tavsiya qilishi mumkin. Uning rahbarligida Angliya qatorasiga ikkinchi yirik turnirda yarimfinalga qadar yetib keldi. 2018 yilgi jahon chempionatida to‘rtinchi bo‘lgan jamoa endi Yevro-2020da ham kamida shu natijani takrorlashi aniq. Inglizlar so‘nggi bor 50 yil muqaddam xalqaro turnirda sovrindor bo‘lishgan — JCh-1966dan keyin «uch sherlar» Yevro-1968da bronza medallarga sazovor bo‘lishgandi. Yevropa chempionatlarida inglizlar so‘nggi bor 25 yil avval — 1996 yilda Angliyadagi turnirda yarimfinalgacha yetib borishgandi.
2000-yillarda ham Angliyada yulduzli nomlar borasida hozirgidan qolishmaydigan jamoa to‘plangandi. Gari Nevill, Ferdinand, Terri, Kempbell, Eshli Koul, Bekhem, Jyerrard, Lempard, Makmanaman, Runi, Ouen... Ammo bu yigitlar katta turnirlarda biror marta hatto yarimfinalgacha yetib bora olishmagan. Holbuki ularni Sven-Yoran Eriksen va Fabio Kapello kabi avtoritet murabbiylar shug‘ullantirgan. Muvaffaqiyatsizliklarga turlicha omillar bor edi — 2002 yilgi jahon chempionati chorakfinalida Simen Ronaldinoning maydon markazidan yo‘llagan zarbasini o‘tkazib yuborgan, keyingi ikki turnirda jamoa penaltilar seriyasida yutqazib ishtirokini to‘xtatgan, 2010 yilda JAR mezbonligidagi mundialda Lempardning toza goli inobatga olinmagan.
Eriksen davrida ham, Kapello davrida ham «oltin avlodlar» katta turnirlarda keragidan ortiq pragmatik va zerikarli o‘yin namoyish etishgan, xuddi hozir Sautgeyt davrida bo‘layotgani kabi. Ammo Sautgeytning konsepsiyasi natija keltirmoqda. Hozircha oraliq natija. Ammo ungacha bo‘lgan 20 yillikdagi eng yaxshi natijalar.
Qolaversa, boshqa murabbiylardan farqli ravishda Sautgeytda asosiy tarkib bilan ishlashda juda kam vaqt bo‘ldi. 29 may kuni «Chelsi» va «Manchester Siti» (bu jamoalardan Angliya termasiga jami 10 futbolchi jalb etilgan) Chempionlar ligasi finalida to‘qnashdi, 13 iyun kuni Angliya Xorvatiya bilan o‘ynadi. Yevro arafasidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘ynagan futbolchilar yakuniy zayavkaga kiritilmadi, kiritilganlarga esa dam berilishi kerak edi.
Hozirda Angliya Ukrainaga to‘rtta gol urgan bo‘lsa-da, zerikarli o‘yin haqida gapiradiganlar topiladi. Chindan ham Rimdagi o‘yin barchani hayajonda ushlab turadigan, haddan tashqari tomoshabop bo‘lmadi, o‘yin masalasi hal bo‘lgach, so‘nggi yarim soat esa mashg‘ulot o‘yiniga aylanib ketdi. Ammo inglizlar saviya jihatdan ustunliklaridan juda unumli foydalanishdi. Nihoyat standart vaziyatlardan gol ura boshlashdi. JCh-2018da bu ularning fishkasi bo‘lgandi. Sautgeyt — standartlarga mukkasidan ketgan, u buni takomillashtirish maqsadida hatto basketboldagi ko‘nikmalarni o‘rganish uchun AQShga uchib borib keladi.
Guruh o‘yinlarida muxlislar yoqimtoyiga aylanib qolgan Ukraina nimchorak finalda Shvetsiya to‘sig‘idan o‘tib qahramonlik ko‘rsatib bo‘lgandi. Ularning barcha kuchi va emotsiyalari Glazgoda qoldi. Xuddi 2006 yilgi jahon chempionatida 1/8 finalda Shveytsariya penaltilar seriyasida mag‘lub etilib, keyingi bosqichda Italiya tomonidan tor-mor etilgani kabi (0:3). O‘yinda yodda qoladigan chiroyli vaziyat Andreya Shevchenko o‘yin oxirida maydonga yoshlarni tashlamoqchi bo‘lgani bo‘ldi - ammo Dovbik, Sudakov va Timchik o‘yinga tushishga ulgurmadi — o‘yinning so‘nggi daqiqalarida hakamning yakuniy hushtagi chalingunicha to‘xtalish bo‘lmadi.
Angliya endi yarimfinalda 7 iyul kuni Daniya bilan uchrashadi, ikkinchi yarimfinal juftligi Ispaniya-Italiya qarama-qarshiligidan iborat, bu o‘yin 6 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
20:54 / 14.07.2024
Ispaniya rekord arafasida, Angliya tarixni yangilashi mumkin. Final prevyusi
15:19 / 14.07.2024
Angliya va Ispaniyada murabbiylar kelajagi bo‘yicha qarorlar. Final arafasida ikki jamoa lagerida nimalar bo‘lmoqda?
10:03 / 11.07.2024
Angliyada kutilmagan qahramon. Sautgeyt jamoasi nihoyat tomoshabop o‘ynay boshladi
17:57 / 10.07.2024