Jamiyat | 10:29 / 06.07.2021
6344
2 daqiqa o‘qiladi

1-sinfga o‘quvchilarni onlayn qabul qilish muddati uzaytirildi

2021-2022 o‘quv yili uchun umumta'lim maktablariga 1-sinfga o‘quvchilarni onlayn qabul qilish tizimi – my.maktab.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tish va ariza yuborish jarayoni 5 iyuldan 20 iyulga qadar uzaytirildi. Bu haqida AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov xabar berdi.

2021-2022 o‘quv yilida tajriba tarzida 1-sinfga o‘quvchilarni qabul qilish elektron tarzda amalga oshirilmoqda. O‘tgan o‘quv yilida faqat Toshkent shahrida yo‘lga qo‘yilgan bu jarayon ushbu o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahrida, viloyatlar markazlarida ham yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda respublika bo‘yicha 641 ming nafar bola 1-sinfga qabul qilinadi. Shundan 110 ming nafari mazkur elektron platforma orqali qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda mazkur tizim orqali 1-sinfga joylashtirish uchun ota-onalarda 41 mingdan ortiq ariza kelib tushgan.

«Tajriba-sinov tarzidagi onlayn qabul jarayoni 15 iyuldan 5 iyunga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. Afsuski, hamma ota-onalar ham bunga o‘z vaqtida ulgurishmadi va jarayonda texnik muammolar ham kuzatildi. Shu munosabat bilan 1-sinfga onlayn arizalar topshirish muddatini 5 iyuldan 20 iyulga qadar uzaytirishni ma'qul topdik. Bu bilan ota-onalarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida qilinyapti. Ulardan iltimos qilardik, shu muddatga qadar arizalar topshirishlarini», dedi vazir o‘rinbosari.

Mavzuga oid