O‘zbekiston | 22:34 / 06.07.2021
20657
4 daqiqa o‘qiladi

Talabalar uchun Prezident granti joriy etildi

Davlat OTMlari bakalavriatining kunduzgi ta'lim shakliga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy qilindi. Grant bo‘yicha xarajatlar davlat budjetidan qoplanadi.

Grant haqida prezident 2020 yilgi Yoshlar forumida aytgandi. / Foto: Kun.uz

Bu haqda “Respublika oliy ta'lim muassasalariga talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida ko‘zda tutilgan.

Belgilanishicha, davlat OTMlari bakalavriatining kunduzgi ta'lim shakliga kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra, ta'lim sohalari kesimida, ta'lim olish tilidan qat'i nazar, respublika bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlarning 200 nafari Prezident grantiga da'vogar bo‘ladi.

Prezident granti uchun ajratilgan kvotaning ta'lim sohalari bo‘yicha taqsimoti har yili O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Muayyan ta'lim sohasi uchun ajratilgan Prezident granti kvotasi bo‘yicha so‘nggi o‘rindagi abituriyent va u bilan bir xil ball to‘plagan barcha fuqarolar Prezident grantiga da'vogar bo‘ladi.

OTMga o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball shaklida imtiyoz beriladigan toifadagi abituriyentlarning kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra to‘plagan balliga qo‘shib berilgan ballar Prezident grantiga da'vogarlarni aniqlashda hisobga olinmaydi.

Prezident grantiga da'vogar bo‘lgan abituriyentlar ro‘yxati har yili kirish imtihonlari va tanlov to‘liq yakunlangandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Prezident grantiga da'vogar abituriyentlar davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Prezident granti sovrindorlari birinchi kursda barcha fanlarni “a'lo baholarga o‘qigan, ma'naviy-ma'rifiy va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida yutuqlarga erishgan mazkur grantga da'vogar talabalar orasidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Respublika oliy ta'lim kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov asosida aniqlanadi.

O‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra, g‘olib bo‘lgan talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi tayinlanadi va to‘lanadi.

Bunda talabaga Prezident granti uchun belgilangan stipendiya ikkinchi kursning o‘quv yili boshidan oyma-oy to‘lanadi va shu munosabat bilan unga umumiy shartlarda belgilanadigan stipendiya tayinlanmaydi.

O‘quv semestri yakuniga ko‘ra, kamida bitta fandan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “a'lo” baho bo‘lmaganda, Prezident granti sohiblariga kelgusi o‘quv semestri mobaynida umumiy tartibda belgilanadigan stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.

Navbatdagi o‘quv semestri yakuniga ko‘ra barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a'lo” baho bo‘lganda, Prezident granti uchun belgilangan stipendiya qayta tayinlanadi va to‘lab boriladi.

O‘qish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga mos va turdosh mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz, qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.

Prezident grantiga da'vogar talabalarga quyidagi minimal talablar qo‘yiladi:

  • o‘qiyotgan bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga oid konferensiya (tanlov)larda ishtirok etish;
  • o‘qiyotgan bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga mos kamida ikkita ilmiy-tadqiqot ishi (asar)ni e'lon qilish;
  • davlat tili bilan bir qatorda kamida bitta xorijiy tilni (MDH mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) va O‘zbekiston tarixini bilish.

Mavzuga oid