O‘zbekiston | 16:56 / 16.07.2021
53775
11 daqiqa o‘qiladi

Haydovchi – yo‘lda krossvord yechuvchi. Yana yo‘llar sifati haqida

Bu yo‘llar... abgor yo‘llar. Yo‘l mavzusi haqida so‘z ketganda, shunday deb yuborging keladi ba'zida.

Mehnat safari bilan respublika viloyatlariga juda ko‘p borganman. Yo‘llarning umumiy ahvoli, yo‘l belgilarining talabga javob bermasligi, tungi vaqtlarda yorug‘lik qaytarmasligi, yo‘llarni ta'mirlash chog‘ida belgilangan masofalarda ogohlantirilmasligi, dabdurustdan juda yaqin masofa qolganda, yo‘lning bir qismi yopiq ekaniga duch kelish hollari ko‘p bo‘lgan. Alloh asrab, abjirlik qilib, transport vositasini qarshingizdagi to‘sindan olib qochsangiz, xo‘p-xo‘p, afsuski, shu to‘sinlar necha-necha insonlarning umriga zomin bo‘layotgani ham achchiq haqiqat.

Yo‘l chiziqlarining ahvoli haqida gapirmay qo‘ya qolgan ma'qul. Chiziqlar ko‘rinmasligini qo‘ya turaylik, ularning standart talablariga javob bermasligini qanday izohlash mumkin?

Biz Toshkent shahridagi ayrim shoxko‘chalar va mavzelar orasidagi yo‘llar hamda M39 xalqaro avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati va Samarqand viloyati Jomboy tumanidan o‘tuvchi ayrim qismlari ahvoli misolida yo‘llar mavzusiga yana bir bor e'tibor qaratishni istadik.

Dastavval poytaxtning serqatnov ko‘chalaridan biri bo‘lgan Bunyodkor shoxko‘chasiga diqqat qaratmoqchimiz.

Ko‘pchilikka ma'lum, Bunyodkor shoxko‘chasining “Chilonzor”, “Mirzo Ulug‘bek” va “Novza” metro bekatlari joylashgan chorrahalarida ko‘priklar barpo etildi. Bu yaxshi, baraka topishsin. Lekin, bu ko‘priklarning ustiga chizilgan sidirg‘a chiziqlar 3 xil standartda desam, ishonasizmi?

Unda quyidagi tasvirlarga e'tibor qiling-a. Ketma-ket keladigan uch ko‘prik ustiga chizilgan sidirg‘a chiziqlarning uzunligi uch xil. Chilonzor chorrahasidagi ko‘prik ustiga chizilgan sidirg‘a chiziq salkam 200 metr, “Mirzo Ulug‘bek” chorrahasidagi ko‘prikka chizilgan chiziq naq 670 metr, “Novza” chorrahasidagi ko‘prik ustidagi chiziq 370 metr. Bunda “Mirzo Ulug‘bek” ko‘prigidagi 1.1 sidirg‘a chiziq haddan ortiq uzun chizilganki, Cho‘ponota ko‘chasiga burilmoqchi bo‘lgan haydovchi ko‘prikka yetmasdan ancha oldinroq o‘ng chekka qatorni egallashi lozim. Aks holda, u sidirg‘a chiziqni bosishi aniq.

Xo‘sh, yo‘l belgilari sifati va yotiq yo‘l chiziqlari xususida mutaxassis nima deydi? Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining Ekspertlar kengashi a'zosi Nosirjon Zokirov yo‘l belgilari va yo‘l chiziqlari haqidagi fikrlarini bildirdi.

“Men mutaxassis va haydovchi sifatida aytishim mumkinki, yo‘llarning ahvoli, to‘satdan uchrab qoladigan chuqurliklar, yo‘l belgilari, yo‘l chiziqlari talabga javob bermaydi. Avtomaktablarda yo‘l belgilari va yo‘l chiziqlari yo‘l harakati ishtirokchilarining “muloqot tili” deb o‘qitiladi. Yo‘l belgisi yetishmasa, yo‘l chizig‘i noto‘g‘ri chizilgan bo‘lsa, haydovchi o‘sha joyda yo‘l-transport hodisasini keltirib chiqarish ehtimoli bo‘ladi.

Haydovchi yo‘lda boshqotirma ishlashi kerak emas. Unga barcha narsa tayyor, lo‘nda va aniq bo‘lishi shart. Bunyodkor shoxko‘chasidan ko‘p yuraman. Bir safar Cho‘ponota ko‘chasiga burilib ketish uchun yo‘lning o‘ng bo‘lagiga qayta tizilish tajribali haydovchi sifatida men uchun ham biroz qiyin bo‘ldi. Aslida, ko‘prik ustida ham 1.1 chiziq chizish shart emas. Agar juda zarur bo‘lsa, o‘sha chiziqni faqatgina ko‘prikning ustiga chizib qo‘yilsa bas”, – deydi Nosirjon Zokirov.

Mutaxassis, shuningdek, respublikaning ayrim yo‘llarida haydovchilar uchun “tuzoq” chiziqlar ham borligidan hayronligini yashirmadi.

Zokirovga ko‘ra, 1.1 sidirg‘a chiziqlarni noto‘g‘ri chizish orqali ayrim holatlarda yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash o‘rniga, avariya holati kelib chiqishi uchun sharoit yaratilmoqda.

“Ba'zida haydovchilardan shikoyatlar kelib qoladi, Qamchiq dovonidan o‘tuvchi yo‘lda, Yozyovon yo‘lida yoki M-39 yo‘lining ko‘p joylarida “qopqon-tuzoq” bor.

Chunki bu chiziq qopqonga o‘xshab turadi. 1.1 sidirg‘a chiziq yo‘lning o‘rtasida to‘satdan paydo bo‘ladi. Bu holatda harakat xavfsizligi ta'minlanmayapti. Aslida, bu yo‘lda barcha turdagi transport vositalari, yengil va yuk mashinalar, yo‘lning o‘ng tomondagi bo‘lakdan harakatlanishi kerak. Haydovchi ikkinchi bo‘lakka boshqa transport vositasini quvib o‘tish maqsadida chiqishi lozim.

Tasavvur qiling, kimnidir quvib o‘tishga chiqdi. Kutilmaganda qarshisida bu chiziq paydo bo‘lyapti. Haydovchi nima qilishi kerak? Tormozlashning ham, o‘ngga o‘tishning ham imkoni yo‘q. Bu harakat xavfsizligini ta'minlash emas, balki yuqorida aytganimdek, “qopqon-tuzoq” rolini o‘ynaydi”, – deydi u.

Zokirov o‘zi guvohi bo‘lgan va xato qo‘yilgan yo‘l belgilarining suratlarini taqdim etdi. Ularga bir nazar soling-a! Birida piyodalar o‘tish joyi ortda qolganini anglatuvchi belgi qo‘yilgan bo‘lsa, boshqa birida 11 kilometrdan keyin tezlik cheklangan degan ma'no kasb etgan. Uchinchisida noto‘g‘ri yasalgan qo‘lbola yo‘l belgisini ko‘rish mumkin.

O‘zimiz guvoh bo‘lganimiz Chinoz yo‘lidagi mana bu belgini qanday izohlashni ham bilmaydi kishi. Serqatnov yo‘lda haydovchini qarama-qarshi tomonga yo‘naltiruvchi yo‘l belgisini bu yo‘lda umuman harakatlanmagan haydovchi tun vaqtida ko‘rib qolsa, nima bo‘lishini tasavvur qilib ko‘rishning o‘zi dahshat!

Jomboy tumanining Farhod qo‘rg‘oni qarshisidagi qayrilib olish joyidagi asfalt qoplamasining ahvolini ham izohlashga na hojat. 

Viloyatlarda nazorat qoniqarsiz, mablag‘ kam deyish mumkindir, aslida bu bahona bo‘lmasa-da. Ammo Toshkent yo‘llaridagi ahvoldan haydovchilar qoniqadimi? Chilonzor 18- va 19-mavzelarni ajratib turuvchi yo‘l tasvirlariga e'tibor bering.

Ayni daqiqalarda ham haydovchilar shu yo‘ldan harakatlanishmoqda. Ular, taqdirga tan berib, “eh” deya chuqur xo‘rsingan holda yo‘llarida davom etmoqda.

Mana bunisi Chorsuni Samarqand darvoza bilan bog‘lovchi serqatnov yo‘lning ahvoli. Buni izohlash ham kerak emas, menimcha. Bu yo‘l xalq tilida “bomba tushgandek” deya ta'riflanishini yo‘lsozlarimiz bilisharmikan?

Haydovchilar poytaxt ko‘chalarida qanday kamchiliklarga duch kelishadi? Shaharda yetkazib berish xizmatini ko‘rsatuvchi haydovchi va hamkasb ikki nafar hamkasbimizning shu haqdagi fikrlari bilan qiziqdik.

Shavkat Ahmadjonov, haydovchi:

— Yo‘llar qoniqarli emas, yo‘l chiziqlari ko‘pincha o‘chib ketgan bo‘lsa-da, yo‘q chiziqqa jarima keladi. Yo‘llardagi kanalizatsiya qopqoqlari yo‘l bilan bir tekislikda emas, o‘tgan hafta ikkita ballonim shuning orqasidan yorildi, “Novza” metro bekati yaqinida. Undan sal o‘tganda DAN xodimi qoidabuzarlarni ushlash uchun shay turibdi. Ularga bu narsani kerakli tashkilotlarga aytinglar, dedim, lekin qayoqda deysiz?

Benzinning har litridan yo‘llar uchun to‘lov olinadi, yo‘llarimizni ham shunga mos qilib qo‘yishsa, yaxshi bo‘lardi. Faqat qaysidir amaldorlar boradigan joylarni emas, xalq yuradigan yo‘llarni ham asfalt qilish kerak”.

Gulmira Toshniyozova, haydovchi:

— Shahar yo‘llarida kanalizatsiya quvurlarining qopqoqlari yo‘l yuzasidan ancha balandda yoki ancha pastda turadi. Yo‘lda ketayotganda shu qopqoqlarni bosmaslikka harakat qilaman, boisi u yaxshi joylashmagan bo‘lishi ham mumkin. Bir qancha vaqt avval guvohi bo‘lganimdek, oldinda harakatlanayotgan mashina o‘tganda qopqoqlardan biri otilib ketib, ortidagi mashinaga kelib tekkandi. Shu bois, juda qo‘rqaman.

Shuningdek, “Chorsu” bozori atrofi, Eski shaharda yurganda navigator yo‘l chizig‘iga kamera borligini ko‘rsatadi, ogohlantiradi, lekin yo‘lda o‘sha chiziqni topa olmaysiz, yo‘l chiziqlari o‘chib ketgan”.

Bobur Akmalov, haydovchi:

— Umuman olganda, respublikaning mavjud avtomobil yo‘llaridan qoniqmaymiz, o‘zimizga, mashinamizga achinamiz. Birinchidan, yo‘lning notekisligi. Qonunchiligimizda haligacha yo‘lning notekisligi tufayli YTHga duch kelsangiz, oson yechimi yo‘q. Sudga berish haqidagi gaplar esa o‘ta murakkab jarayonligi bois amalda hech kim qilmaydi.

Yana bir muammo – yo‘l chiziqlari. Yo‘llarni bir amallab ta'mirlagan yo‘lsozlar uning chiziqlarini chizishga kelganda uzoq vaqtga cho‘zishadi. Qayerda shaharsozlik infratuzilmasi yangilanayotgan, yangi binolar qurilayotgan bo‘lsa, ko‘pincha xato qilyapmiz va shunday quryapmizki, albatta uni qaytadan buzib qurishga to‘g‘ri kelmoqda. Ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar, ikkilamchi yo‘llar, piyodalar yo‘laklari – hamma-hammasida kamchilik bor, biror joydan aylanib kelmoqchi bo‘lsangiz, albatta ko‘p vaqt sarflaysiz, svetoforlar noto‘g‘ri joyga qo‘yilgan bo‘ladi.

Tungi harakatlanish masalasiga kelsak, shaharlararo yo‘llarda tungi yoritish moslamalari yo‘q, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish xavfi juda yuqori, yo‘l o‘rtasiga qo‘yiladigan beton to‘siqlar hamma yo‘llarda ham yo‘q. Chuqurdan yoki notekislikdan olib qochaman deganda va fosforli chiziqlar bo‘lmasligi avariyalarga olib keladi.

***

Maqolamiz so‘nggida yo‘lsozlarimiz e'tiboriga xorijiy mamlakatlardagi yo‘lsozlarning quduqlarni ta'mirlash borasida ayrim tajribalaridan lavhalar havola qilmoqchimiz.

Zora, shaharlarimiz yo‘llaridagi kanalizatsiya quduqlari “mendan o‘tguncha, egasiga yetguncha” qabilida emas, sidqidildan, kimdir ortidan qarg‘amaydigan qilib ta'mirlansa. Umidimiz shu.

Tolib Rahmatov

Yo‘ldagi kanalizatsiya quvuri qopqog‘ini almashtirish, Germaniya:

Yo‘ldagi kanalizatsiya quvuri qopqog‘ini almashtirish, AQSh:

Mavzuga oid