Jahon | 21:58 / 18.07.2021
8983
2 daqiqa o‘qiladi

Armen Lashet matbuot anjumanida o‘zini nomunosib tutganligi uchun tanqid qilindi

Germaniya kansleri lavozimiga nomzod, Xristian-demokratik ittifoq yetakchisi Armin Lashet prezidentning mamlakatdagi toshqinlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida atrofidagi odamlar bilan kulishib turgani uchun tanqid qilindi. Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer toshqinlar oqibatlari, qurbonlar haqida gapirayotgan vaqtda orqa fonda Lashet bir guruh siyosatchilar bilan birga xandon otib kulib turgan.

Foto: REUTERS / Tobias Schwarz/Pool

Ushbu holat videosi Twitter ijtimoiy tarmog‘ida e'lon qilingach, siyosatchi noo‘rin kulgusi uchun tanqid qilina boshlangan.

Ta'kidlanishicha, Lashet toshqinlardan eng ko‘p jabr ko‘rgan federal yerlardan biri - Shimoliy Reyn-Vestfaliya rahbari hisoblanadi. 17 iyulda Shtaynmayyer u yerga tabiiy ofatning vayronkor oqibatlarini muhokama qilgani kelgan.

“Bu holatdan tilim aylanmay qoldi”, deb yozgan Twitter’da Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi bosh kotibi Lars Klingbayl Lashetning kulgusiga izoh berib. Boshqa siyosatchilar Lashetdan darhol uzr so‘rashni talab qilishgan.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Xristian-demokratik ittifoq yetakchisini tanqid qilib, #Laschetlacht (Lashet kulmoqda) xeshtegini ishga tushirishgan. Unga, shuningdek, niqobsiz bo‘lgani va ijtimoiy masofaga amal qilmagani eslatib qo‘yilgan. 

Keyinroq siyosatchining o‘zi noo‘rin ishi uchun uzr so‘ragan. U Twitter’da post e'lon qilib, unda prezidentga tashrifi uchun minnatdorlik bildirgan va ushbu holatda o‘zi haqida yomon taassurot qoldirganidan afsusdaligini aytgan.

Yakunlanayotgan haftada Germaniyaning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy qismlarida kuchli yomg‘irlar yog‘di. Buning oqibatida daryolar o‘zanidan chiqib, toshqinlarga va ko‘plab qurbonlarga olib keldi. Shuningdek, mingdan ortiq odam bedarak yo‘qolgan.

Mavzuga oid