O‘zbekiston | 10:38 / 22.07.2021
28205
2 daqiqa o‘qiladi

Shahrisabz tumanining tog‘li hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘ib, sel keldi

Hayitning birinchi kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanining tog‘li hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘ib, sel kelgan. Oqibatda olis hududda joylashgan Ko‘l qishlog‘iga olib boradigan yo‘l yopilib qolgan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 20 iyul kuni Shahrisabz tumanining olis tog‘li hududlarida kuchli yomg‘ir va do‘l yog‘gan hamda tog‘ daryolari to‘lib sel oqqan. Kuchli sel tuman markazidan 70 kilometr uzoqlikda, olis tog‘lar orasida joylashgan Ko‘l qishlog‘iga olib boradigan yo‘lning bir qismini yuvib ketgan. Oqibatda, qishloqqa olib boradigan yagona yo‘l bir necha soat yopilib qolgan.

Qayd etilishicha, vaziyatdan xabar topgan tuman hokimligi talafot yetgan joyga zaruriy texnikalar va yoqilg‘i mahsulotlari jo‘natgan. Maxsus texnika yordamida yo‘l ochilgan.

Eslatib o‘tamiz, 19-20 iyul kunlari vodiy viloyatlarida ham kuchli yomg‘ir va do‘l yog‘di. Daryo va soylar to‘lib sel oqdi. Ayniqsa, Namangan viloyatining bir nechta tumanlarida joylashgan daryo va soylardan kuchli sel oqdi.

Mavzuga oid