O‘zbekiston | 10:10 / 23.07.2021
7346
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda rahbarlar o‘rinbosarlarining faoliyatini baholash tizimi joriy etilmoqda

Prezident “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining e'tibori ularga O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan hamda o‘zlarining birinchi rahbarlari tomonidan yuklatilgan vazifalarni bajarishda sustkashlikka, sansalorlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligiga qaratilishi aytilgan.

Belgilanishicha, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlari o‘ziga biriktirilgan tarmoq va sohalardagi faoliyatining samaradorligi va natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti oldida shaxsan javobgardir hamda Vazirlar Mahkamasi oldida hisobdordir.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyatini baholash tizimi joriy etilmoqda:

  • davlat boshqaruvi organlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi;
  • har yili ijro intizomining ahvoli yuzasidan baho berishni nazarda tutgan holda davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati ko‘rsatkichlari davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining kollegial organlari tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;
  • davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishini baholashning asosiy mezonlari va ko‘rsatkichlari statistik va idoraviy hisobotlar hamda tahliliy ma'lumotlar asosida tizimli monitoring qilinadi;
  • monitoring natijalari asosida rahbarlar o‘rinbosarlarining faoliyati tanqidiy tahlil asosida tegishli davlat boshqaruv organlari kollegial organi va xo‘jalik birlashmalarining kuzatuv kengashlarida hamda Vazirlar Mahkamasida har chorak yakuni bo‘yicha muhokama qilib boriladi;
  • baholash mezonlari va ko‘rsatkichlari asosida har bir rahbar o‘rinbosari faoliyatiga baho berish orqali ularga rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi.

Belgilanishicha, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlari faoliyatini baholash tizimi doirasida:

  • davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati ko‘rsatkichlari har yil yakuni bo‘yicha keyingi yilning 10 yanvariga qadar belgilangan tartibda tasdiqlangan baholashning asosiy mezonlariga muvofiq davlat boshqaruvi organlari hamda xo‘jalik birlashmalarining kollegial organlari tomonidan ishlab chiqiladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tegishli o‘rinbosarlari va maslahatchilari bilan kelishgan holda tasdiqlanadi;
  • davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlari faoliyati har chorak yakuni bo‘yicha kollegial organ yig‘ilishida tanqidiy muhokama qilinadi hamda baholanadi. Bunda, rahbar o‘rinbosarlari tomonidan faoliyat ko‘rsatkichlari ijrosi 70 foizdan kam ta'minlanganda – “qoniqarsiz”, 71 foizdan 90 foizgacha – “qoniqarli”, 91 foizdan 99 foizgacha – “yaxshi” hamda 100 foiz va undan yuqori bo‘lganda “a'lo” deb baholanadi;
  • har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining kollegial organlari tomonidan rahbarning tegishli o‘rinbosarlari mas'uliyati yuzasidan takliflar tayyorlanadi hamda tahliliy materiallar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari va maslahatchilariga kiritiladi;
  • har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 10-sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari va maslahatchilari taqdim etilgan tahliliy materiallarni tegishli rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib, har bir rahbar o‘rinbosari faoliyatiga shaxsiy baho bergan holda ularni rag‘batlantirish choralarini yoki o‘ziga biriktirilgan soha va tarmoqlarda asosiy ko‘rsatkichlarga erishishda mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun lavozimga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqadi hamda bu to‘g‘risida aniq takliflar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga hisobot beradi;
  • har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 15-sanasiga qadar davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlari faoliyatini baholash natijalari bo‘yicha yakuniy tahliliy materiallar, shu jumladan, ularni rag‘batlantirish yoki intizomiy choralar qo‘llash yuzasidan aniq takliflar umumlashtirilib, ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yuboriladi. Bunda zaruratga ko‘ra, o‘z faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgan rahbar o‘rinbosarlari lavozimini qisqartirgan holda ularga yuklangan vazifalarning ijrosini ta'minlash bo‘yicha tegishli departament faoliyatini tashkil etish bo‘yicha takliflar kiritilishi mumkin.

Mavzuga oid