O‘zbekiston | 15:23 / 28.07.2021
6131
8 daqiqa o‘qiladi

Hokimlar saylovi: tajriba-sinovsiz xulosaga kela olmaymiz

Foto: Xalq demokratik partiyasi

Hokimlar saylovi masalasida biron-bir hududda tajriba qilib ko‘rishimiz zarurligiga to‘xtalgan edim. Bu taklif turlicha talqin qilindi. Shuning uchun ushbu masalani kengroq tushuntirishga harakat qilaman.

Davlat boshqaruvini isloh qilish yangi O‘zbekiston oldida turgan eng muhim vazifalardan biri. Davlat boshqaruvini chinakamiga demokratlashtirish ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va samarali hal etishda dolzarb ahamiyatga ega. Bu aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va korrupsiyaning keskin qisqarishiga zamin yaratish, resurslarni to‘g‘ri yo‘naltirishga xizmat qiladi.

Davlat boshqaruvi idoralari va hokimliklarning tuzilmasi tubdan takomillashtirilishi, xodimlar sonining maqbullashtirilishi hamda boshqaruv idoralari har bir bo‘g‘inidagi rahbar va xodimlarning vakolat chegarasi aniq belgilab berilishi taraqqiyotning yangi bosqichiga yetaklaydi. Bu, o‘z navbatida, bir birini takrorlovchi va hozirgi kunda dolzarb bo‘lmagan davlat funksiyalarini aniqlashga sharoit yaratadi.

Tan olish kerak, keyingi yillarda davlat boshqaruvi tubdan takomillashtirilmoqda, ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud hokimiyati o‘rtasida o‘zaro tiyib turish, vakolatlarni taqsimlash tizimi yaratildi. Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari nomzodi Bosh vazir taqdimiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan ma'qullanishi va Prezident tomonidan tasdiqlanishi tartibi belgilandi.

Shu bilan bir qatorda Hukumat a'zoligiga nomzodning sohani rivojlantirish bo‘yicha yaqin muddatga va istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturi bilan deputatlar oldida chiqish qilish tartibi joriy etildi. Hukumat a'zosining o‘z harakat dasturi ijrosini amalga oshirishiga doir masalalar yuzasidan axboroti Oliy Majlis palatalari, ularning qo‘mitalarida muntazam eshitib borilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Qonunchilik palatasida davlat boshqaruvi organlari mutasaddilarining axborotini eshitish bo‘yicha “Hukumat soati”ni o‘tkazib borish hukumat a'zolarining xalq vakillari oldida hisobdorligini ta'minladi. Ya'ni, markazda boshqaruvni yanada demokratlashtirish yo‘lida tub islohotlar davom etmoqda.

Ammo bu jarayon joylarda izchil tus oldi, deb ayta olmaymiz. Manfaatlar muvozanatini ta'minlash nuqtai nazaridan islohotlarni quyiga tushirish vaqti yetdi, nazarimizda. Ochig‘ini aytish kerak, xalq deputatlari Kengashlari hokimlarni, mahalliy ijro idoralari faoliyatini ta'sirchan darajada nazorat qila olmayapti.

Shuning uchun ham mahalliy hokimlar saylovi haqida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning dekabr oyida «Kelgusida biz mahalliy hokimlarni bevosita xalq tomonidan saylash masalasi haqida ham o‘ylab, muhokama qilib ko‘rishimiz kerak. Har bir hudud o‘z rahbarini o‘zi saylasa, rahbarlarning xalq va jamiyat oldidagi mas'uliyatini keskin oshirishga erishish mumkin», deya ta'kidlagan edi.

Maqola bugun, 28 iyul kuni «O‘zbekiston ovozi» gazetasida chop etildi

Bu muhim fikr siyosiy islohotlarga katta chorlov sifatida yangragan edi. O‘tgan davr mobaynida ushbu masala jamoatchilik tomonidan faol muhokama qilib kelinyapti, biroq tizimli va real tahlil ko‘zga tashlangani, jo‘yali xulosalarga kelinganicha yo‘q.

Hokimlar saylanishi kerak, bu — ustuvor demokratik tamoyil. Mahalliy ijro organlari saylovi bugungi islohotlar talabi.

Bu jamiyatdagi islohotlar jarayoniga faqat va faqat katta hissa qo‘shadi. Avvalo, aholining huquqiy va siyosiy faolligi ortishiga muhim tayanch yaratiladi.

Keyingi paytlarda ayrim mahalliy “zodagonlarimiz”ning xurmacha qiliqlari haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli gap-so‘zlardan hammamizning xabarimiz bor. To‘g‘ri, ularning ba'zilari noto‘g‘ridir, biroq ba'zilari asosli. Axborot oshkoraligi zamonida yashayotganimiz sababli xabarlar tez tarqamoqda, jamiyat psixologiyasi ko‘z oldimizda o‘zgarib bormoqda, odamlar noqonuniy harakatlarga zudlik bilan munosabat bildirmoqda. Biroq ayrim amaldorlar uchun hamma narsa avvalgidek qolmoqda. Ularning to‘ralarcha qarashlari odamlarning noroziligiga uchramoqda, jamiyatdagi ijtimoiy islohotlar jarayoniga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Bugun hokim bir vaqtning o‘zida ham ijroiya hokimiyati, ham davlat hokimiyatining vakillik organi bo‘lmish xalq deputatlari Kengashini boshqaradi.

Bu tartib o‘sha yillarda, ya'ni mustaqillik yo‘liga endi qadam qo‘ygan paytimizda, hali mahalliy boshqaruvning mustahkam tizimi shakllanmagan bir vaqtda zaruriy chora bo‘lgandir. Ammo hokimlarga keng vakolat berilganligi, o‘zi rahbar bo‘lgan hududdagi fuqarolarga hisobdor emasligi oqibatida ularning ayrimlari o‘sha hududda o‘zlarini hokimi mutlaq sifatida tutadigan bo‘lishdi. Odamlarni mensimaslik, o‘z ustidan nazoratni yo‘qotib, katta-kichik yig‘ilishlarda o‘zgalarni kamsitish, haqoratlash kabi illatlar ba'zi bir hokimlar uchun odatiy holga aylandi.

Demokratik mamlakatlarda davlat boshqaruvining barcha bo‘g‘inlarida hokimiyatlar bo‘linishining konstitutsiyaviy tamoyili hayotga joriy etilgan bo‘lib, o‘zaro tiyib turish va qarshi ta'sir etish tizimi samarali amal qiladi. Bu tizim manfaatlar muvozanatini saqlab turishning muhim omili sanaladi. O‘zaro tiyib turish va qarshi ta'sir etish tizimi joriy etilmas ekan, mahalliy davlat boshqaruvida tom ma'nodagi adolat bo‘lishini kutish mushkuldir.

To‘g‘ri, masalaning boshqa tomoni ham bor. Agar hokimlar saylanadigan bo‘lsa, hududlarda chigallik, tushunmovchilik holatlari yuz berishi mumkin. Vakillik hokimiyatining nazorat qilishga berilib ketishi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning natijadorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Ammo “mumkin”, degan ehtimol bilan boshqaruvni isloh etish jarayonini to‘xtatib bo‘lmaydi. Bu masalada aniq tahlil, xulosaga asos bo‘ladigan real tajriba kerak, deb o‘ylayman.

Buning uchun eng yaqin va xavfsiz yo‘l shuki, infratuzilmasi rivojlangan bitta yoki bir nechta shahar va tumanlarda hokimlarni saylash bo‘yicha tajriba o‘tkazish kerak. Sinab ko‘rmagunimizcha, bunga tayyor yoki tayyor emasligimizni bila olmaymiz. Bu birinchi tajriba bo‘ladi, xatolar ham bo‘lar, albatta, lekin sekin-asta shu xatolardan saboq olamiz. 

Fikrimizcha, fuqarolik jamiyati aynan shu yo‘ldan borishi kerak. Shunda deputatning maqomi ham oshadi. Mahalliy Kengashlarda partiyalar yo‘nalishlariga muvofiq ravishda qarashlar va fikrlar xilma-xilligi yuzaga keladi. Bunday muhitda partiyalar o‘rtasida hokimiyatga intilish bo‘yicha haqiqiy konstruktiv raqobat boshlanadi.

Hududlarda boshqaruvni takomillashtirish dolzarb va muhim masala. Hokimlarni saylash bo‘yicha muayyan hududda tajriba-sinov o‘tkazilishi xalqimizning, ayniqsa, saylovchilarning katta qismini tashkil etayotgan yoshlarning siyosiy-huquqiy faolligi, ijtimoiy kayfiyatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatgan bo‘lardi.

Ulug‘bek Inoyatov,
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi Ⓣ

Mavzuga oid