Sharqning G‘arbdagi tasviri – Pergamon muzeyiga sayohat (foto)
Germaniyadagi Pergamon muzeyi XX asr boshlarida qurilgan va u Berlin shahri orqali oqib o‘tadigan Shpreye daryosi bo‘yida joylashgan, deya hikoya qiladi, UzbekLife’ning Germaniyadagi kolumnisti Sabohat Rajabova.
Pergam mehrobi, shuningdek, bir paytlar Xett saltanati, Assuriya, Bobil va Fors davlatlarida yaratilgan qadimgi qo‘lyozma va san'at asarlarini saqlash uchun tashkil qilingan. Bundan tashqari ushbu muzeyga Berlin Islom muzeyi ham kiradi.
Men muzeyni aylanishni Qadimgi Misr va Osiyo qismidan boshladim va to‘g‘risini aytganda, boshida “bu yerda meni hayron qoldiradigan nima bo‘lishi mumkin?” degan savol tug‘ildi, chunki menda tarixiy muzeylardagi eksponatlarning va san'at asarlarining haqiqiyligi har doim shubha uyg‘otib kelgan. Lekin bu mashhur muzeyni ko‘rish uchun baribir sabrim yetmayotgandi, axir muzeylarning asosiy maqsadi bizga eksponatlarning originalligini isbotlash emas, balki o‘sha davrning hayoti, siyosati va madaniyatini ba'zan sun'iy tarzda bo‘lsa-da ko‘rsatib va tasvirlab berish hisoblanadi.
Qadimgi Misr va Osiyo tarixiga bag‘ishlangan zallarda Shumer, Bobil va Assuriya madaniyatlariga tegishli arxeologik qazilmalarda topilgan eksponatlar taqdim etilgan. Bu yerda monumental arxitektura haykallarini va uy-ro‘zg‘or buyumlarini, shuningdek, o‘sha davrning taqinchoqlarini ko‘rsangiz bo‘ladi. Diqqatimni tortgan yana bir yodgorlik – Ishtor Darvozasi va Navuxodonosor II’ning taxt zali, shuningdek, bundan qariyb 3000 yil oldin Assuriya davlatidagi ayollarning huquqlari yozilgan hujjat bo‘ldi. Eksponatlarning yoshi eramizdan oldingi VI ming yillikdan boshlanib, Yaqin Sharqning musulmonlar tomonidan bosib olinishi davrigacha borib taqaladi. Eksponatlarning asosiy qismi hozirgi Iroq, Suriya va Turkiya davlatlari hududlarida topilgan. Muhtasham zallarda neolit davridan boshlab Shumer, Bobil, Assuriya va Shimoliy Suriyaning ba'zi viloyatlari, ya'ni Sharqiy Anatoliya madaniyatlari taqdim qilingan.
Islom muzeyida Ispaniyadan tortib Hindistongacha bo‘lgan hududda VIII – XIX asrlarda yashagan musulmon xalqlarning san'ati va madaniyati tasvirlangan. Bu yerda hatto Temuriylar tasvir qilingan miniatyuraga ham ko‘zim tushdi. Albatta, hozirgi Turkiya hududi san'ati va madaniyati ham bu yerda unutilmagan. Butun dunyoga mashhur fors gilamlari uchun esa alohida zallar ajratilgan. Gilamlardagi, idish va buyumlardagi rasmlar va naqshlarga diqqat bilan nazar solsangiz, ularning ham ma'nosiz emasligini ko‘rishingiz mumkin. O‘n ikki burj tasvirlangan lagan, ajdar va qaqnuslar tasvirlangan shohona gilamlar, afsonaviy semurg‘ qushi chizilgan idishlar – bularning hammasi san'at tarixining yaqqol namunalaridir.
Bundan tashqari, xattotlik san'atiga oid va arab grafikasi yordamida yaratilgan ko‘plab san'at asarlari, Kushondan va Ko‘nyadan keltirilgan mehroblar, Buyuk Mo‘g‘ullar Imperiyasi davri miniatyuralari, bir paytlar Sitsiliyada fil suyagidan ishlangan buyumlar taqdim qilingan. E'tiborga sazovor zallardan biri men uchun Halab zali bo‘ldi, sababi uzoq tarixga va boy madaniyatga ega Halab shahridan, afsuski, bugungi kunda asosan vayronalar qoldi.
Qadimgi Osiyo bo‘limi va Islom muzeyini aylanib bo‘lib, Pergam mehrobini (muzey ham aynan bu mehrob nomini olgan) ko‘rishga o‘tdim. Ushbu mehrob eramizdan avvalgi II asrning birinchi yarmida qurilgan va nomini Kichik Osiyodagi Pergam shahridan olgan. Afsonalarning birida bu memorial yodgorlik – Zevsga, yana bir qo‘lyozmada esa qirol Evmen II’ga, Afinaga yoki Zevs bilan Afinaga bag‘ishlanganligi, boshqa manbalarda bu mehrobning Pergam qiroli tomonidan gallar ustidan qozonilgan g‘alaba sharafiga qurilganligi yozilgan. Pergam mehrobi hatto dunyoning yetti mo‘jizasiga tenglashtirilgan va qadimgi davrda faqatgina Rim tangalarida mehrobning tasvirini ko‘rish mumkin.
Pergam mehrobining topilish tarixi ham juda qiziqarli. XIX asr ikkinchi yarmida Turkiyaga aslida yangi yo‘llar qurish uchun kelgan nemis injyeneri Karl Xuman Pergam shahrida oldindan bo‘lib, bu shaharning to‘laqonli o‘rganilmaganligi va yetarlicha qazilmalar olib borilmaganligini ko‘rib, marmar vayronalar buzilishining oldini olish uchun Berlin hukumatidan ko‘mak so‘raydi. Sababi, Pergam shahri vayronalari hozirgi Turkiyaning Izmir viloyati Bergama shahrida joylashgan. Oradan bir necha yil o‘tib Berlin muzeyi direktori qazilmalar uchun mablag‘ ajratishga roziligini bildiradi, Xuman esa u paytlar Usmonli imperiyasi hukumatidan rozilik oladi. Usmonli imperiyasi bilan kelishuvga asosan qazilmalarda topilgan noyob eksponatlar va mehrobning o‘zi bevosita Germaniya hukumati mulki hisoblanadi va eshaklarda besh soat mobaynida birinchi dengiz bo‘yiga qadar, so‘ngra kemalarda Berlinga yetkaziladi.
Albatta keyinchalik, yillar o‘tib Turkiya Respublikasi hukumati mehrobni Turkiyaga qaytarishni talab qiladi, ammo Germaniya o‘sha paytlar Usmonli sultonining o‘zidan mehrobni olib ketish uchun ruxsat olganligini ta'kidlaydi. Keyinchalik Turkiya hududida topilgan kichikroq parchalar hozirda Turkiyada saqlanib kelyapti.
Ikkinchi jahon urushidan keyin esa mehrob sovet qo‘shinlari tomonidan Berlindan olib chiqilgan bo‘lib, 1958 yilga qadar Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Ermitaj muzeyida saqlanadi. 1958 yilda mehrob Germaniyaga SSSR uchun gipsdan qilingan bir nusxa tayyorlash sharti bilan qaytariladi. 2002 yili Pergam mehrobining gipsdan qilingan nusxasi rasmiy ravishda Rossiya Federatsiyasiga sovg‘a qilinadi.
Shunday qilib, Pergamon muzeyida yurar ekansiz, o‘zingizni Qadimgi Osiyo, Qadimgi Yevropa va O‘rta Sharq orasida sayohat qilgandek his qilasiz. Ushbu bizga turli xil bo‘lib tuyulgan madaniyatlar aslida har doim bir-biri bilan kesishgani va bir-biriga chambarchas bog‘liq ekanligini, insoniyat tarixida va bugungi kunda ham bu madaniy almashinuv, bu xoh ta'lim, xoh san'at, xoh adabiyot, xoh ijtimoiy hayotga tegishli bo‘lsin, saqlanib qolganligini, ularni bir-biridan ajratish va ayirishga urinish tarixga xiyonat ekanligini unutmasligimiz kerak.
Quyida muzeydan esdalik uchun olgan suratlarni ko‘rishingiz mumkin.
Sabohat Rajabova,
UzbekLife’ning Germaniyadagi kolumnisti
Mavzuga oid
16:05 / 17.10.2024
Misrda dunyodagi eng qimmat muzey ochildi. Uni qurishga qariyb 20 yil vaqt ketdi
20:41 / 08.10.2024
Niderlandiyada muzey xodimi metall bankalar ko‘rinishidagi art-obektni tashlab yubordi
00:11 / 18.08.2024
Germaniyadagi muzeydan o‘g‘irlab ketilgan 124 mln dollarlik taqinchoqlar vataniga qaytarildi
10:23 / 24.06.2024