Jahon | 15:07 / 09.08.2021
6851
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik olim COVID-19 mavsumiy shamollashga aylanishi mumkinligini aytdi

Olimning so‘zlariga ko‘ra, vaksinalar virus tarqalishini vaqtincha to‘xtatadi, tez orada vaksinalar samaradorligi pasayadi. Ammo shu bilan birga, emlashlar kasallikning og‘ir kechishi va o‘limlarning oldini oladi.

Yaqin yillarda koronavirus mavsumiy shamollashga aylanadi, u odamlarda yengil shaklda va simptomlarsiz namoyon bo‘ladi. Bu haqda Norij tibbiyot maktabi professori Pol Hanter The Spectator jurnalida chop etilgan maqolasida yozdi.

Hanterning fikricha, odamlarda COVID-19 bilan kasallanish to‘xtamaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaksinalar virus tarqalishini vaqtincha to‘xtatadi, tez orada vaksinalar samaradorligi pasayadi. Ammo shu bilan birga, emlashlar kasallikning og‘ir kechishi va o‘limlarning oldini oladi.

«Jamoaviy immunitetga hech qachon erishilmaydi, ammo immunitet va infeksiya o‘rtasidagi boshqariluvchi muvozanat topiladi», — deb hisoblaydi professor.

Uning yozishicha, hukmron shtamm paydo bo‘lganidan so‘ng virus mutatsiyasi sekinlashadi. Professorning so‘zlariga ko‘ra, delta-shtamm hukmron virusga aylanishi mumkin.

JSST iyul oxirlarida agar raqobatchi virus chiqmasa, delta-shtamm dunyoda hukmron virusga aylanishi mumkinligini bildirgandi. 

Mavzuga oid