O‘zbekiston | 16:20 / 16.08.2021
20804
3 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar Toshkent shahar hududini kengaytirish to‘g‘risidagi qaror loyihasini qabul qildi

Qonunchilik palatasi tomonidan “Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq, va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarining, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ko‘rib chiqildi.

Toshkent viloyatidan jami 7 853,3 gektar yer maydoni (shundan 3 250,1 gektari qishloq xo‘jalik yerlari) Toshkent shahriga, Toshkent shahridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilishi belgilanmoqda

Jumladan:

  • Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan 1 827,1 gektar yer maydoni (“Chorbog‘”, “Belariq”, “Fayzli”, “Jaloyir”, “Nomdanak”, “Qumariq”, “Xonobodtepa”, “Taraqqiyot”, “Qorasuv”, “Xonobod”, “Qushbegi”, “Sohibkor”, “Istiqlol”, “Nurafshon” MFY) Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga;
  • Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan 490,0 gektar yer maydoni (“Gulbog‘”, “Yik ota” MFY) Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga;
  • Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidan 1 134,2 gektar yer maydoni (“Bektemir”, “Nurafshon”, “Namuna”, “Yangi hayot”, “A.Navoiy” MFY) Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga;
  • Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 294,6 gektar yer maydoni (“Geofizika”, “Alisherobod”, “Chingeldi”, “Do‘stlik”, “Taraqqiyot”, “Barkamol”, “Bog‘ishamol”, “Vatanparvar”, “Amir Temur”, “Mevazor”, “Gulbog‘”, “Gulzor-1”, “Pastki yuz” MFY) Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani tarkibiga;
  • Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 107,4 gektar yer maydoni (“Jarboshi”, “Tashisti”, “Ibrat”, “Mirishkor”, “Arg‘in”, “Bahor”, “Chinor”, “Tovkentepa” MFY) Toshkent shahrining Yashnobod tumani tarkibiga;
  • Toshkent shahrining Sergeli tumanidan 33,8 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga;
  • Toshkent viloyatining Bektemir tumani tumanidan 137,5 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga o‘tkazilmoqda.

Qaror loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Mavzuga oid