Keldi, kuldi, umid berdi: Katanets O‘zbekistonda (to‘liq reportaj)
O‘zbekiston milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi Srechko Katanets yakuniy muzokaralar o‘tkazish va shartnoma imzolash uchun Toshkentga uchib keldi.
Kun.uz sloveniyalik murabbiyni kutib olish uchun Toshkent xalqaro aeroportiga bordi va mutaxassisning fikrlari bilan qiziqdi.
«Taklifni o‘ylab ko‘rish uchun yetarlicha vaqtim bo‘ldi va uni qabul qilish juda oson kechdi. O‘zbekistonda ekanimdan xursandman. Umid qilamanki, kerakli natijalarga erisha olamiz.
Imkoniyatlarimiz? Shoshmang, meni endi taklif qilishdi. Yaxshi ishlay olamiz, degan umiddaman. Hozircha shularni ayta olaman, xolos. Avvalo, ishni boshlab olishimiz kerak. Jahon chempionati ancha uzoqda, oldimizda Osiyo Kubogi bor.
O‘zbekistonda juda ko‘p kuchli futbolchilar bor. Milliy jamoada har kuni nimadir o‘zgarishi mumkin. Avvaldan o‘zbek futboli deganda hurmat qilishga arziydigan, kuchli futbolchilarga boy jamoani xayolimga keltiraman.
Shomurodov? Albatta, uni bilaman. Har kuni gazetalar o‘qiyman. Italiyada o‘ynaganman va italyan futbolini diqqat bilan kuzataman. Eldor «Roma»ga o‘tganidan xabarim bor. U yerda ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi, deb umid qilaman. U O‘zbekiston milliy jamoasiga yordam berishi kerak. Eldordan ko‘p narsa kutamiz, chunki u endi top-jamoada. U Mourino bilan ishlaydi. Bu — men va milliy jamoa uchun ham muhim jihat.
O‘yinchilar milliy jamoa yig‘iniga kelishi va faqat futbolni o‘ylashi kerak. Men ularga nazariy, taktik tomondan barchasini tushuntirishga harakat qilaman. Yigitlar esa futbol o‘ynab berishlari kerak. Futbolchilarning kuchli klublarga o‘tishi milliy jamoa uchun foydali.
Hujumkor futbol? Bu nimani anglatadi? Jahon futbolini kuzatsangiz, Italiya so‘nggi Yevropa chempionatini yutdi va ular ham himoyani birinchi o‘ringa qo‘yadi. Himoyasiz harakatlar nolga teng», — deydi Katanets.
O‘FA media bo‘limi rahbari, jurnalist Davron Fayziyev Katanets nomzodi ma'qullangani sababini aytdi.
«Vadim Abramov iste'foga chiqarilgach, milliy jamoa bosh murabbiyligiga nomzodlar ro‘yxatini tuzdik. Tabiiyki, nomzodlar ichida Osiyo futbolini biladigan va milliy jamoalar bilan ishlagan Srechko Katanets ham bor edi. U bilan og‘zaki kelishuvga erishilgan, endi rasman shartnoma imzolash qoldi.
Katanetsning ijobiy tomonlari — milliy jamoalar bilan yaxshi natijalarga erishgani. Iroqni yuqori darajaga olib chiqdi, Sloveniyaning jahon va Yevropa chempionatlaridagi ishtiroki uning nomi bilan bog‘liq. Shuningdek, u o‘zbek futboliga ham qiziqish bildirdi. Bu qiziqish faqat moddiy tomondan emas.
Turli tajribalardan o‘tdik. O‘ylashimcha, Ektor Kuperdan farqli tarzda Katanetsga ko‘proq vaqt beriladi. Himoyaviy o‘yinga kelsak, Srechko Iroqda ishlaganida futbolchilarning darajasidan kelib chiqib shunga majbur bo‘lgan. Ehtimol, O‘zbekiston milliy jamoasida uslubini biroz o‘zgartirishi mumkin. Lekin shaxsan men himoyani yaxshilash tarafdoriman. Chunki muhim bahslarda aynan himoyamiz pand berdi», — deydi Fayziyev.
Xorijlik murabbiyni kutib olishga muxlislar ham aeroportga kelishgandi. Fan klub a'zolaridan biri Javohir Shokirov Katanetsga ko‘proq vaqt berish kerakligini ta'kidladi.
«Ko‘pchilik Karlush Keyrushni kutgandi. Lekin asosiy masala bunda emas. Kim kelsa ham, imkon berish kerak. Kuper bilan bo‘lgani kabi shoshmashosharlikka yo‘l qo‘ymaslik zarur.
Katanets hujumkor uslubda o‘ynamaydi, deyishyapti. Shuncha yil hujumkor o‘ynab, nimani qoyillatdik? Undan ko‘ra himoyamiz yaxshilanganida Saudiya Arabistoni (0:3) bilan durang o‘ynab, JCh saralashining hal qiluvchi bosqichiga chiqqan bo‘lardik. Himoyaviy o‘ynasak ham, mundialga chiqishni va Germaniya, Niderlandiya kabi jamoalar bilan o‘yinlarda O‘zbekiston bayrog‘ini hilpiratishni xohlaymiz», — deydi muxlis.
Murabbiy uni aeroportdayoq kutib olishganidan xursand bo‘ldi. OAV vakillari bilan ham samimiy, kulib gaplashdi. Murabbiyning xotirjam tabassumi esa o‘zbek futboli muxlislariga yana umid bag‘ishladi. Qisqasi, Katanets ishni boshlab yubordi.
Muxbir — A'zamjon Izzatillayev,
Tasvirchi va montaj ustasi — Mahmud Soliyev,
Suratlar muallifi — Hasan Pirmuhammedov
Mavzuga oid
18:15 / 24.10.2024
FIFA reytingi. O‘zbekiston so‘nggi 8 yildagi eng yaxshi natijasini qayd etdi
16:51 / 16.10.2024
O‘zbekistonning JCh-2026ga borish imkoniyati keskin oshdi – We Global Football
21:06 / 15.10.2024
JCh-2026 saralashi. O‘zbekiston 10 kishi qolgan BAAni penaltidan kiritilgan gol evaziga mag‘lub etdi
14:53 / 15.10.2024