O‘zbekiston | 07:52 / 19.08.2021
7043
2 daqiqa o‘qiladi

Oqqo‘rg‘onda zaharlangan bolalar ahvoli haqida ma'lumot berildi

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining kasallangan tarbiyalanuvchilarini salomatlik holati yuzasidan kunlik ma'lumot berildi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotining intoksikatsiya sindromi belgilari bilan tibbiyot muassasalarida davolanayotgan tarbiyalanuvchilar salomatligi yuzasidan ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda tibbiyot muassasalarida jami 12 tarbiyalanuvchi davolanmoqda, jumladan 3 nafarining holati o‘rta og‘ir, 8 nafar bemorning holati o‘rtacha baholanib, dinamikada sog‘aymoqda, 1 nafar bolaning holati qoniqarli. 

Maktabgacha ta'lim vazirligi tarbiyalanuvchilarning salomatligi va o‘tkazilayotgan surushtiruv ishlari natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berib borishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, Oqqo‘rg‘on tumanidagi bog‘chada 12 avgust kuni 25 nafar bola zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgandi. 13 avgust kuni tibbiyot muassasalariga yotqizilgan tarbiyalanuvchilar soni 30 nafarga yetgandi

Bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlanganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Mavzuga oid