Jahon | 17:30 / 19.08.2021
19592
3 daqiqa o‘qiladi

Terrorchilik tashkilotlari «Tolibon»ning Afg‘onistondagi g‘alabasini qanday qarshi oldi?

«Tolibon»ning Afg‘onistonni egallab olishi terrorchilik tashkilotlari tomonidan yaqindan kuzatib borilmoqda. «Tolibon» shariatga asoslangan islomiy hokimiyat o‘rnatadimi yoki yo‘q va u qanchalik «haqiqiy» va qat'iy bo‘ladi – ularni qiziqtirayotgan masalalardan biri shu. 

Foto: EPA

IShIDdan boshqa terrorchilik tashkilotlarining ommaviy axborot vositalari toliblarning «tarixiy g‘alabasini» umumiy ravishda qo‘llab-quvvatladi. Ushbu ommaviy axborot vositalari toliblarning g‘alabasi butun dunyodagi islomiy harakatlarga foyda keltiradi, degan fikrda.

«Tolibon» bir necha hafta ichida «kuldan paydo bo‘lib» va AQSh-NATO hukmron bo‘lgan mamlakatda hokimiyatni qo‘lga oldi. Boshqa tomondan, «Tolibon»ning yangi siyosatiga oid dastlabki xabarlar qattiqqo‘l radikallar va «Al-Qoida» tarafdorlarining bir qismini xursand qilmagan ko‘rinadi.

«Tolibon»ning qo‘shnilarga va boshqa mintaqaviy kuchlarga, shu jumladan, Xitoyga bo‘lgan ijobiy munosabati va «inklyuziv hukumat tuzamiz» degan bayonotlari bu tomonda qabul qilinmadi.

IShID esa «Tolibon»ga qarshi kichik hujumlar uyushtirishni davom ettirmoqda va uni «murtad» (dindan qaytgan) deb ta'riflamoqda. IShID tarafdorlarining fikricha, «Tolibon» «AQShning agenti»dir.

«Hay'at Tahrir ash-Shom» va «Al-Qoida» tarafdorlari o‘rtasidagi ayblovlar

IShID Afg‘onistonda «Tolibon»ga qaraganda ancha kam kuchga ega va bu ikki guruhning birlashishi kutilmayapti.

Bundan tashqari, «Al-Qoida» tarafdorlari va ilgari «Al-Qoida»ga aloqador bo‘lgan, markazi Suriyada joylashgan «Jibhat an-Nusra» jangarilari tomonidan asos solingan «Hay'at Tahrir ash-Shom» o‘rtasida o‘zaro ayblovlar mavjud.

«Al-Qoida» «Hay'at Tahrir ash-Shom»ni «jihoddan yuz o‘girish»da, «Hay'at Tahrir ash-Shom» tarafdorlari esa «Al-Qoida»ni «ikki tomonlama standartlarda harakat qilish»da ayblamoqda. Buning sababi «Al-Qoida»ning «Tolibon» tomonidan yuritilayotgan siyosiy harakatlarni ma'qullab, xuddi shu taktikaga amal qiluvchi «Hay'at Tahrir ash-Shom»ni qoralashidir.

«Hay'at Tahrir ash-Shom» ham «Tolibon» singari G‘arb mamlakatlarini nishonga olmaslik majburiyatini olmoqda.

«Tolibon» chindan ham o‘zgardimi yoki yo‘qmi? Asl savol va masala mana shu. 

Mavzuga oid