«Toliblarga qarab kulishga majburmiz, chunki qo‘rqamiz» – afg‘onlar qanday yashamoqda?
15 avgust kuni «Tolibon» Afg‘onistonni egalladi. Harakat allaqachon rejalari haqida ma'lum qilgan va Afg‘oniston xuddi «Tolibon»ning oldingi hukmronlik davrida bo‘lgani kabi islom amirligiga aylantiriladi. Toliblar boshqaruvidagi mamlakatda afg‘onlar qanday yashamoqda?
Hokimiyat toliblar qo‘liga o‘tishi bilan xorijiy davlatlar Kobuldagi elchixonalardan diplomatlarini olib chiqishni boshladi, afg‘onistonliklar esa bir amallab ular bilan qo‘shilib ketish payiga tushdi. Hatto samolyotga osilib bo‘lsa ham...
Mamlakatdan ketishni istayotgan afg‘onistonliklarning aksari g‘arb mamlakatlariga ishlagan yoki ularning vakillariga kichik bo‘lsa ham xizmat qilganlardir. Endi ular toliblar qatl qilishidan qo‘rqishmoqda. The Wall Street Journal bilan suhbat qilgan 42 yoshli Muhammadning aytishicha, u britaniyaliklar turgan mehmonxona rahbari bo‘lgan. U yo‘q vaqtda uyida noma'lum qurolli shaxslar tintuv o‘tkazganini aytgan.
Muhammad Britaniya vizasini olmoqchi bo‘lgan, lekin u to‘g‘ridan to‘g‘ri Britaniya hukumatiga ishlamagani uchun viza ololmagan. Vaholanki, Britaniya hukumati Afg‘onistondagi missiya davomida NATO askarlariga yordam bergan afg‘onistonliklar mamlakatni tark etishiga ko‘maklashishini aytgandi.
Afg‘oniston Milliy assambleyasi quyi palatasi deputati Maryam Sulaymonxil mamlakatdagi kam sonli ayol siyosatchilardan biri hisoblanadi. U mamlakatdan chiqib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Maryamning aytishicha, Afg‘onistondan chiqib ketayotganda butun parvoz davomida yig‘lagan.
«Qaytganimda bu yerda Afg‘oniston bayrog‘i emas, «Tolibon»ning oq tug‘i turadi. Bugun hayotimdagi eng yomon kunlardan biri bo‘ldi. Yaqinlarimizni xatarga qoldirib ketdik», deydi Maryam xonim.
Bu vaqtda «Tolibon» afg‘onlarni mamlakatni tark etmaslikka chaqirmoqda. Toliblar mamlakatni imperialistlarga topshirganlardan qasos olmaslikka va'da berishmoqda. Harakatning diniy rahnamosi Haybatulloh Oxundzoda tinch aholiga zarar yetkazmaslik bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Bu insondan toliblar juda qo‘rqishi inobatga olinsa, buni qat'iy buyruq deb tushunish mumkin.
«Tolibon»ning siyosiy yetakchisi Abdulg‘ani Birodar ham toliblarga ko‘rsatma berdi. «Oldin bizning gardanimizda bunday mas'uliyat yo‘q edi. Hozir bo‘layotgan voqealar biz uchun bir sinov», deydi u. Birodar oldin gardanimizda mas'uliyat yo‘q edi, deb hukumat qo‘lida bo‘lmaganini nazarda tutgan. Chindan ham bungacha toliblar faqat teraktlar amalga oshirish bilan shug‘ullanardi, bugun esa ularning qo‘lida butun hokimiyat va millionlab odamlarning hayoti turibdi.
«Tolibon» Afg‘oniston siyosatini ham o‘z qo‘liga oldi. 8 avgust kuni egallangan Kunduzda ertasiga yangi mer tayinlandi. Toliblarning dala qo‘mondonlaridan biri Gul Muhammad Elias endilikda Kunduz meri. Biroq u hududni boshqarishda muammoga duch kela boshladi. Chunki meriya ishchilari qo‘rqib ishga chiqishmadi. Elias «Tolibon» faqat xorijiy bosmachilarga qarshi jihod qilishini tushuntirishga harakat qilmoqda. U meriya ishchilariga o‘z telefon raqamini berib, toliblar bilan bog‘liq muammo tug‘ilsa, qo‘ng‘iroq qilishlarini aytgan.
Ammo bu Kunduzdagi davlat ishchilariga yordam bergani yo‘q. Ishga chiqmagan ishchilar uyiga toliblar tintuvga borishgan. Shahar kasalxonasida ishga chiqmaganlarni jazo kutayotgani haqida e'lon paydo bo‘lgan. Ishlayotganlar esa toliblardan qo‘rqib ishga chiqayotganini aytishmoqda. «Ularga jilmayib qarashga majburmiz, chunki qo‘rqamiz. Bizni nima kutayotganini bilmaymiz. Ich-ichimizdan baxsizmiz», deydi New-York Times bilan suhbatda Kunduzdagi davlat xizmatchilaridan biri.
Kunduzning yangi meri kommunal xizmat xodimlari bilan uchrashuvga qurolli qo‘riqchi bilan borib, hammani qo‘rqitib yuborgan. Meriyaning ayol ishchilariga esa umuman ishga chiqmaslik buyurilgan. Vaholanki, toliblar ayollarga hamma huquqlar taqdim etilishini va'da qilgandi.
Kobulda ham va'dalar bajarilmayapti. U yerda bo‘lib turgan jurnalistlarning aytishicha, Kobulda ayollarga ko‘chaga erkaklarsiz chiqishga ruxsat berilmagan. The Guardian'ga xat yozgan bir ayolning aytishicha, Kobulda ayollarga bo‘lgan munosabat toliblar kirishi bilan o‘zgargan. Masalan, taksilar ayollarni olishmayapti.
Afg‘on ayollari yana burqa kiyib yurishga majbur bo‘lishmoqda. Bu esa shaharda burqa tanqisligini paydo qilgan va narxlar o‘n barobar oshib ketgan. Chunki 2001 yildan buyon ayollar burqada yurishi majburiy emasdi. O‘shanda toliblar g‘arb qo‘shinlari bosimida Kobuldan chiqib ketgandi.
The Guardian suhbatdoshi bo‘lgan ayol shunday deydi: «Burqa men uchun qullik ramzi hisoblanadi. Unda o‘zimni qafasdagi qushday his qilaman. Uni qachondir kiyaman deb o‘ylamagandim, lekin hayotimni saqlab qolish uchun majbur bo‘lyapman».
Toliblar kelishi bilan afg‘on telekanallarida kinolar, hind va turk melodramalari berilmay qoldi. Telekanallar reklamasiz diniy ko‘rsatuvlar namoyish etmoqda. Hozircha Kobuldagi kasalxonada va shahar meriyasida ayollar ishlamoqda. Poytaxtda ayollarning ba'zi huquqlari ta'minlangani ham aytilmoqda. Masalan, afg‘onistonlik Mustafo Kozimiy Tvitter sahifasida video joyladi. Unda yuzi ochiq ayol muxbir toliblar vakilidan intervyu olayotgani aks etgan. Jurnalist Ali Latifiyning aytishicha, toliblarning 1996-2001 yilgi hukmronligi davrida buni tasavvur ham qilib bo‘lmasdi.
TOLONews telekanali rahbarining aytishicha, toliblar hozircha efirga ayollar ko‘rinishiga qarshilik qilishmagan.
CNN jurnalisti Klarissa Uord hozirda dunyoning eng mashhur insonlaridan biriga aylandi. U Kobuldan kun bo‘yi efirlar tayyorlamoqda. Internetning rus segmentida uning ikki xil taqqoslangan surati tarqaldi. Unda Uordning Kobulda yuzi ochiq va ro‘mol bilan tushgan suratlari taqqoslangan.
Jurnalistning aytishicha, bu taqqos o‘rinsiz: «Birinchi kadrda uyda bo‘lganman, ko‘chaga chiqqanda doim ro‘mol taqib yuraman».
Klarissa Uordga ko‘ra, toliblar Kobulni egallagach, hammasi chalkashib ketgan. Uning aytishicha, toliblar «Amerikaga o‘lim» deb hayqirishlariga qaramay, do‘stliksevar ko‘rinishmoqda. Uord toliblar bilan kichik intervyu uyushtirishga ham ulgurdi. Ulardan biri binoyiday inglizcha gapirgan.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
22:45 / 02.11.2024