Jahon | 18:15 / 26.08.2021
20008
2 daqiqa o‘qiladi

Toliblar Afg‘onistonda musiqa eshitishni taqiqlaydi

Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, toliblar ayollarni uyda o‘tirishga va yuzlarini to‘liq yopib yurishga majburlashlari borasidagi xavotirlar asossiz.

Zabihulla Mujohid / Foto: The New York Times

“Tolibon” islomiy qonunlarga tayangan holda zamon bilan hamnafas qadam tashlashga tayyor. Bu haqda harakat vakili Zabihulla Mujohid The New York Times gazetasiga bergan intervyusida aytdi.

“Islomda musiqa taqiqlangan. Ammo odamlarga bosim o‘tkazmasdan ularni musiqa eshitmaslikka ko‘ndira olamiz”, – dedi u.

Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, toliblar “o‘n yillab urushlardan vayron bo‘lgan mamlakatni tiklashga urinmoqda”.

“Biz kelajak qurish va o‘tmishni unutishni xohlaymiz”, – dedi Mujohid.

U Afg‘onistondagi ayollar taqdiri bilan bog‘liq mavzuga ham to‘xtalib o‘tdi. Mujohidning aytishicha, kelajakda ayollar o‘zlarining kundalik yumushlariga qaytishlari mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblar ayollarni uyda o‘tirishga va yuzlarini to‘liq yopib yurishga majburlashlari borasidagi xavotirlar asossiz.

Mujohid ayollarning omma oldida erkak qarindosh bilan yurishi to‘g‘risidagi talab noto‘g‘ri talqin qilinganini aytdi. Uning ma'lum qilishicha, bu talab davomiyligi uch kun va undan ortiq bo‘lgan safarlarga taalluqli.

“Agar ular maktab, ofis, universitet yoki shifoxonaga boradigan bo‘lsa, yonida mahram bo‘lishi shart emas”, – dedi u.

Mavzuga oid