Jahon | 23:39 / 02.09.2021
29935
10 daqiqa o‘qiladi

«Rossiya agressiyasi fonida Ukrainani qo‘llaymiz» – Bayden nihoyat Zelenskiy bilan uchrashdi

Foto: AFP

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy nihoyat Jo Bayden bilan uchrashdi. U bu uchrashuvni AQSh yetakchisi Putin bilan ko‘rishishidan oldin xohlagandi, lekin o‘sha vaqt fursat bo‘lmadi. Keyin Afg‘onistondagi evakuatsiya sabab uchrashuv belgilangan vaqtdan yana bir kunga kechikdi. Nihoyat 1 sentyabrda Zelenskiy faoliyatida ikkinchi marta AQSh prezidenti bila uchrashdi. Bayden Ukraina prezidentini Vashingtondagi prezident qarorgohi – Oq uyda qabul qildi.

Uchrashuvda Bayden ukrainalik hamkasbini AQSh Ukrainaning hududiy yaxlitligini ta'minlashda qo‘llab-quvvatlashi va mamlakat xavfsizligini ta'minlash yo‘lida Kiyevga yordam ko‘rsatishda davom etishini ma'lum qildi.

«AQSh hamon Rossiya agressiyasi fonida Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qat'iy qo‘llab-quvvatlaydi», dedi Bayden xususan.

Prezidentlarning uchrashuvi 2 soatdan ko‘proq yopiq formatda davom etgan. Odatda bunday uchrashuvlardan keyin prezidentlar birgalikda matbuot anjumanida qatnashib, savollarga javob beradi, lekin bu gal yetakchilar OAV vakillari bilan savol-javobda ishtirok etmadi. Faqat Oq uy rasmiy saytida Bayden va Zelenskiyning qo‘shma bayonoti e'lon qilindi. Unda aytilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar hech qachon hozirgiday yaxshi bo‘lmagan.

Qrim va Donbass

Bayonotda AQSh Ukrainaning hududiy yaxlitligini himoya qilishga yordamlashishi alohida ta'kidlangan. Xususan, Rossiya Ukrainadek mustaqil mamlakatga nisbatan qilgan ishi uchun javobgarlikka tortilishi uchun barcha ish qilinishi aytiladi.

Qo‘shma bayonotda aytilishicha, Rossiyaning Ukraina sharqidagi harakatlari va Qrimni bosib olgani 14 ming odamning halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, bu harakatlar Yevropa va Qora dengiz havzasidagi hududlarga xavf tug‘dirgan, global xavfsizlikka tahdid paydo qilgan.

«AQSh Qrim Rossiya tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi va hech qachon uni Rossiyaniki deb tan olmaydi. Shuningdek, Rossiya Ukraina sharqida yuzaga keltirgan tahlikali holatga xalqaro hamjamiyat e'tiborini kuchaytirishga intiladi», deyilgan bayonotda.

Harbiy ko‘mak

Ukraina va AQSh strategik hamkorlik borasida kelishuvga erishishga yaqin turibdi. Unga ko‘ra, AQSh Ukrainaga Rossiya agressiyasiga qarshi turishda ko‘maklashishdan tashqari Ukraina harbiy tizimi islohotida, kiberxavfsizlik, Qora dengizdagi mudofaada yordam beradi. Shuningdek, mamlakatlar kelishuvdan keyin razvedka ma'lumotlarini almashishni boshlashi mumkin.

Oq uyda Ukraina NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlashlariga qaramay, bu qarorni mamlakatning o‘zi qabul qilishi kerak deb hisoblashadi. Bayonotda aytilishicha, AQSh Ukrainaga 60 million dollardan iborat harbiy ko‘mak ham yuboradi. Bu ko‘mak ichida tankka qarshi kurashda qo‘llanadigan «Javelin» raketa kompleksi ham bor.

Ma'lum bo‘lishicha, AQSh 2014 yildan buyon Ukrainaga 2,5 milliard dollarlik harbiy yordam bergan. Xususan, birgina 2021 yilda Ukraina 400 million dollar harbiy ko‘mak olgan. 1 sentyabrdagi uchrashuvda Bayden va Zelenskiy Kiyevning strategik yadro qurolini utilizatsiya qilishda ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvni yana 7 yilga uzaytirgan.

Iqtisodiyot va «Shimoliy oqim-2»

Bayonotda qayd etilishicha, AQSh Ukrainani korrupsiyaga qarshi kurashish islohotida qo‘llab-quvvatlaydi. Ukraina oxirgi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi maxsus prokuror lavozimi joriy etildi. Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurash byurosi xodimlarini himoya qiladigan qonunlar paketi qabul qilindi. Bayden AQSh bu o‘zgarishlarni olqishlashini bildirgan.

Ukraina va AQSh prezidentlari Rossiya tomonidan qurib bitkazilish arafasida turgan «Shimoliy oqim-2» gaz o‘tkazgichi Yevropadagi energetika xavfsizligiga salbiy ta'sir qilishini ta'kidlashgan. Bayonotda AQSh Ukraina tranzit mamlakat rolida qolishini ta'minlash uchun harakat qilishi aytilgan. Shuningdek, AQSh Rossiya energiya resurslarini geosiyosiy o‘yinlar yo‘lida foydalanishiga yo‘l qo‘ymasligi ta'kidlangan.

Bayden hamkasbini iqtisodiy ko‘mak davom ettirilishiga ishontirib, bu yordam koronavirusga qarshi kurash ko‘rinishida ham bo‘lishini ta'kidlagan.

Vaksina bo‘yicha yordam

AQSh tomoni allaqachon Ukrainaga 2,2 million doza bepul vaksina berdi. Pandemiyaga qarshi kurashda esa umumiy 55 million dollarlik yordam ko‘rsatdi. Tez orada AQShdan Ukrainaga 12,8 million dollarlik qo‘shimcha dori vositalari va tibbiy texnikalar kelishi kutilmoqda.

Qo‘shma bayonotda Zelenskiy Bayden tomonidan Oq uyda kutib olingan ikkinchi prezident bo‘lgani, Ukraina prezidenti «bunday baxtga» Angela Merkeldan keyin ikkinchi o‘rinda sazovor bo‘lgani ta'kidlangan.

Zelenskiy: millatchilarga Ukrainada joy yo‘q

Vladimir Zelenskiy XX asr boshidagi ommaviy ochlik qurbonlari xotirasiga Vashingtonda barpo etilgan yodgorlikda.
Foto: President of Ukraine

Zelenskiy 1 sentyabr kuni Vashingtondagi Xolokost muzeyida Amerikadagi yahudiy guruhlar yetakchilari bilan uchrashib, oilasining bir qismi ikkinchi jahon urushi vaqtida millatchilar qo‘lidan halok bo‘lganini aytdi.

Zelenskiy Ukrainaga bostirib kirgan fashistlar uch aka-uka, ularning xotinlari, bolalari va ota-onalarini otib tashlagani haqida gapirib berdi: «To‘rtinchi o‘g‘il omon qoladi, chunki u frontda edi. U urushda qatnashib, natsizm ustidan g‘alabada o‘z hissasini qo‘shadi va 4 yil o‘tib uyga qaytadi. Ikki yil o‘tib o‘g‘il ko‘radi, 31 yil o‘tib nabirali bo‘ladi. 40 yil o‘tib esa uning nabirasi prezidenti bo‘ldi, u sizning oldingizda turibdi», dedi Zelenskiy.

«Natsizm yengildi, butun umrga yengildi. Shunday bo‘lsa-da, afsuski, millatchilik, ksenofobiya tarafdorlari turli mamlakatlarda, turli ko‘rinishda saqlanib qolgan. Ularning Ukrainadagi o‘rni qanday desangiz, noldan ham past, deyman. Irqchilik va millatchilik g‘oyalarini qo‘llaydiganlarda o‘z g‘oyasini amalga oshirish uchun Ukrainada imkoniyat yo‘q», dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti rossiyalik siyosatchilar va davlat telekanallaridagi jurnalistlar Ukrainada millatchilik urchishi mumkin ekani haqida gapirishlariga ham munosabat bildiri: «Ularning bunday deyishiga sabab oddiy: ukrainaliklar meni prezident etib saylashdi».

«Javelin» va «isqirt rus gazi»

Zelenskiyning brinchi tashrif kunida AQSh tomonidan 60 million dollar miqdorida harbiy va 45 million dollar gumanitar yordam berilishi e'lon qilindi. Bayden administratsiyasidagi yuqori martabali mansabdor harbiy yordamning aksari qismi tanklarga qarshi ishlatiladigan «Javelin» raketa sistemasi ko‘rinishida bo‘lishini aytdi. Bunday mudofaa qurolini AQSh allaqachon Ukrainaga yetkazib berishni boshlagan.

Ukraina va AQSh energetika vazirlari kelishuv imzolamoqda.
Foto: President of Ukraine

Tashrif davomida Zelenskiy AQSh energetika vaziri Jyennifer Grenholm bilan ham uchrashib, «Shimoliy oqim-2» masalasida fikr almashdi. Yaqindagina Germaniya va AQSh bu quvurli gaz o‘tkazgichka qarshi sanksiya qo‘llashdan bosh tortgandi, ammo Yevropa mamlakatlari Rossiya undan siyosiy bosim o‘tkazish uchun foydalanadigan bo‘lsa, sanksiyaga uchrashi mumkinligini aytishgan.

Zelenskiy Rossiya «Shimoliy oqim-2» sabab sanksiyaga tortilishi kerakligini aytdi. U bu borada Amerikaning va'dasini olishni istadi. «Amerikaning va'dasi boshqa ittifoqchilarnikidan ishonchliroq», dedi Zelenskiy.

U bilan suhbatda AQSh energetika vaziri rus gazini «dunyodagi eng isqirt gaz» deb atadi. Zelenskiyning fikricha, qazib olish va transportirovka jarayonida ko‘p metan chiqindisi yuborilishi bunga sabab bo‘ladi. Shuningdek, Zelenskiy rus gazi sifatsiz ekaniga korrupsiya, manipulyatsiya va shantajni ham sabab qilib keltirgan.

O‘z navbatida Rossiya gazni «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» orqali sotish Kiyev bilan kelishgandan arzonroqqa tushadi deb hisoblaydi.

Tramp bilan uchrashuvdagi mojaro

Zelenskiy Ukraina prezidenti sifatida ikkinchi marta AQShga bordi. Uning birinchi tashrifida Amerika prezidenti Donald Tramp edi va bu uchrashuv yaxshigina mojaro bilan yodda qolgan. Mojaro shunchalik jiddiy ediki, Trampni impichmentgacha olib bordi.

Zelenskiy Tramp bilan uchrashuvda juda noqulay holatda qolgandi.
Foto: AFP

2019 yil BMT Bosh assambleyasiga borgan Zelenskiyni Tramp qabul qilgan va unga hozirgi prezidenti Baydenning o‘g‘li Hanter Ukrainadagi faoliyatida korrupsiyaga aralashgan bo‘lishi mumkinligi aytib, bu masalani jiddiy o‘rganishni «ko‘rsatma beradi». O‘shanda diplomatik yo‘l bilan javob berishga uringaniga qaramay, Zelenskiy shoshib qolib, yangi prokuror 100 foiz o‘zining odami ekanini aytib, tanqidga uchragan.

O‘sha vaqtda AQShda prezidentlik poygasi boshlangan va Trampning asosiy raqibi Bayden edi. Trampning boshqa mamlakat prezidentiga bosim o‘tkazish orqali saylov kampaniyasiga ta'sir qilishi amerikalik siyosatchilarning jahlini chiqardi. Oqibatda quyi palata Trampga ikkinchi marta impichment e'lon qildi, lekin Tramp yana Kongressdagi ovoz berish natijalariga ko‘ra impichmentdan qutilib, keyingi saylovlarda ishtirok etish huquqini saqlab qoldi.

Zelenskiyning bu tashrifida Bayden ushbu masalaga to‘xtalgan yoki to‘xtalmagani aniq emas.

Mavzuga oid