O‘zbekiston | 11:13 / 03.09.2021
18248
7 daqiqa o‘qiladi

Kenja shaharning “tashrif qog‘ozi” – G‘ozg‘on marmarining dovrug‘i qaytmoqda

G‘ozg‘on tashkil etilishi jihatdan O‘zbekistonning eng kenja shahri hisoblanadi. Yaqin vaqtgacha Navoiy viloyati Nurota tumanining bir qismi bo‘lib kelgan G‘ozg‘on shaharchasi 2019 yilda viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritilgandi. Kun.uz muxbiri o‘z marmarlari bilan nom qozongan hududda bo‘lib, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bilan tanishdi.

Aslida G‘ozg‘on shahrining dovrug‘i azaldan dunyoga ketgan. Bu yerdagi konlardan qazib olingan, 35 xil rangni o‘zida aks ettirgan marmar mahsulotlari dunyoning ko‘pgina davlatlarida muhtasham binolarga zeb berib turibdi.

Eron, Turkiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Tojikiston kabi davlatlarning tarixiy obidalarini restavratsiya qilishda, Moskva va Sankt-Peterburg shaharlaridagi metro bekatlari, vokzallar, Ostankino teleminorasi, Kiyevdagi “Ukraina” saroyi, Bakudagi 26-Baku komissari yodgorligi, Novosibirskdagi sirk binosi, Bishkekdagi drama teatri, Moskvadagi Tretyakov galereyasi qurilishida G‘ozg‘on marmari ishlatilgan.

Mamlakatimizdagi muzeylar, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri, O‘zbekiston mehmonxonasi, ko‘plab mehmonxonalar, saroy, muzey va boshqa obektlarning bezak ishlarida G‘ozg‘on marmaridan foydalanilgan. 

Shahar hokimligi matbuot xizmatining ma'lumot berishicha, dunyoda tuzilishi jihatdan xilma-xil marmarning bir hududda uchrashi faqatgina G‘ozg‘on shahrida kuzatiladi. Ayni vaqtda hududda 2 ta yirik marmar koni hamda “Pashot I” va “Galeryan” kabi granit konlari bor. Ushbu konlarning umumiy hajmi marmar bo‘yicha 36 million m3ni, granit bo‘yicha 108,3 million m3ni tashkil etadi. Bu marmar zaxirasi Navoiy shahri maydonidan qariyb 10 barobar, G‘ozg‘on shahrining o‘z maydonidan esa qariyb 52 barobar katta degani. Bundan tashqari, hududda hali o‘rganilmagan va geologiya qidiruv ishlari o‘tkazilmagan konlar ham ko‘p. 

Alohida shahar maqomini olgach, G‘ozg‘onda asta sekinlik bilan o‘zgarishlar amalga oshirila boshlandi. Ayni damda turli tashkilot va boshqaruv organlarining shahar bo‘limlari uchun ma'muriy binolari qurilmoqda, ichki yo‘llar kengaytirilib, turli xizmat ko‘rsatish obektlari tashkil etilyapti. Eng muhimi, hududda shaharning “tashrif qog‘ozi”ga aylangan “Marmarobod” tabiiy toshlarni qazib olish va qayta ishlash klasteri ish boshladi.

“Marmarobod” MChJ bosh muhandisi O‘tkir Bo‘ronovning ta'kidlashicha, Prezident taklifi asosida amalga oshirilgan ushbu korxonaga Xitoydan texnologiya keltirilgan. Yangi tashkil etilayotgan korxonada esa Italiya texnologiyasi o‘rnatiladi.

Prezidentimiz G‘ozg‘onga tashrifi chog‘ida bu yerdagi marmar va granit konlari haqida to‘htalib, ularni qayta ishlash bo‘yicha sanoat korxonalarini qurish taklifini bergan edi. Shu taklif asosida “Marmarobod” klaster loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida konlardan marmar va granit qazib olib, shu yerning o‘zida qayta ishlagan holda eksportga chiqarish asosiy vazifa etib belgilangan. Korxonaning ishlab chiqarish sur'ati yildan yilga ortib bormoqda. Hozirgi kunda korxona faoliyati yanada kengaytirilib, qo‘shni davlatlar bilan qo‘shimcha shartnomalar tuzilyapti hamda klaster tarkibida yangi zavodlar qurilyapti. “Marmarobod” MChJda 300 nafarga yaqin ishchilar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimizga Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya, Turkmaniston, Ozarbayjon va Yevropa davlatlari qiziqish bildirmoqda”, — deydi O‘tkir Bo‘ronov.

O‘tkir Bo‘ronov

Korxonada konlardan tashib kelingan marmar va granit toshlar bir necha bosqichda qayta ishlanib, tayyor mahsulot ko‘rinishiga keltiriladi.

G‘ozg‘onimiz shahar bo‘ldi. Mana, endi shaharga mos katta korxonalar qurilyapti. “Marmarobod” MChJ tashkil etilganidan beri shu yerda ishlayman. Ishimiz yaxshi, ro‘zg‘orimiz shuning ketidan. Yangi texnologiyalar ko‘p, yangi ishga kelgan xodimlarga o‘rgatib boryapmiz. O‘zi bizning hududda toshga tushunmaydigan odamning o‘zi yo‘q. Shuning uchun bu korxonada ish boshlash unchalik qiyin bo‘lmadi bizga”, — deya ta'kidlaydi orxonada smena ustasi bo‘lib ishlovchi Otabek Ro‘ziyev.

Otabek Ro‘ziyev

2022 yilda ham G‘ozg‘onda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, marmar va granit plitalar ishlab chiqarish hisobiga “Edifice Aaspire” MChJ tomonidan qariyb 2,6 million AQSh dollari hamda “Navoiy Procces Stone Company” MChJ tomonidan 1,5 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. 

G‘ozg‘on shahrining marmardan kam bo‘lmagan yana bir mahsuloti hududdagi xotin-qizlar tomonidan tayyorlanayotgan kashtadir. Bugun hududda hunarmandchilikni, xususan, kashtachilikni rivojlantirish evaziga xotin-qizlar bandligini ta'minlashga ham e'tibor qaratilmoqda. Negaki, bu yerda tayyorlanayotgan kashtalar guli va rang-barangligi bilan hamisha xaridorgir bo‘lgan.

 Moxichehra Norboyeva ushbu faoliyat bilan shug‘ullanib, 50 nafar xotin-qizning bandligini ta'minlagan hunarmandlardan biri. Hozirda u hunarmandlar maktabini ochish niyatida.

Momolarimizdan qolgan milliy kashtachilikni rivojlantirish maqsadida ish olib boryapmiz. Hozirda tayyorlagan mahsulotlarimizni Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlariga olib borib topshiryapmiz. Bizdan olganlar esa chet ellarga eksport qilyapti. Endi o‘zimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilishni rejalashtiryapmiz. Ip va materiallarni Namangan viloyatidan keltiramiz. Kashtalarimiz qo‘l mehnati bilan bir hafta, o‘n kun mobaynida tayyorlanadi. Ko‘proq bodom va anor gullaridan foydalanamiz, ularning har biri o‘z ramziy ma'nosiga ega”, — deydi Moxichehra Norboyeva.

Moxichehra Norboyeva

 Hududda ichimlik suvi, servis va xizmat ko‘rsatish, bozor , bandlik masalalarida muammolar ham yo‘q emas. Ushbu muammolar ham o‘z navbati bilan bartaraf etilsa, G‘ozg‘on shahri aholisi hayotdan rozi va o‘zgarishlardan mamnun bo‘ladi.

Ruslan Saburov,Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid