Jahon | 20:39 / 08.09.2021
10511
2 daqiqa o‘qiladi

Oktyabrdan “Shimoliy oqim-2” orqali gaz yetkazish boshlanishi mumkin - Bloomberg

“Shimoliy oqim-2” gaz quvuri orqali Rossiyadan Yevropaga gaz yetkazilishi 1 oktyabrdan boshlanishi kutilmoqda. Yana 2 oydan keyin esa quvurning ikkala yo‘nalishi ham ishga tushishi mumkin, deb xabar berdi Bloomberg axborot agentligi.

Foto: Nord Stream 2 / Aksel Shmidt

Shu bilan birga, quvur orqali Yevropaning gaz ta'minoti tizimiga gaz yetkazilishi boshlanishining aniq muddati Germaniyaga bog‘liq bo‘ladi.

Avvalroq “Gazprom” rahbari Aleksey Miller gaz quvuri qurilishi yakunlanishiga oz vaqt qolganini ma'lum qilgan. U 2021 yil oxirigacha, isitish mavsumida quvur orqali gaz yetkazilishi boshlanishi mumkinligini eslatib o‘tgan. Avgustda kompaniya joriy yilda quvur orqali 5,6 mlrd kubmetr gaz yetkazishni rejalashtirayotganini e'lon qilgandi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham quvur yaqin kunlarda ishga tushirilishini ma'lum qilgan. Uning aytishicha, AQSh prezidenti Jo Bayden ma'muriyati quvur orqali gaz yetkazilishini to‘xtatish ilojsiz ekanini tushunmoqda.

“Shimoliy oqim-2” Rossiyadan Germaniyaga Boltiq dengizi orqali gaz yetkazishga mo‘ljallangan quvur bo‘lib, uning uzunligi 1234 kmni tashkil qiladi. Quvur 5ta davlat: Germaniya, Daniya, Rossiya, Finlyandiya va Shvetsiya orqali o‘tadi. AQShda prezident o‘zgargandan keyin quvur loyihasi bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanib, quvurning Daniyadan o‘tuvchi qismi qurilishi davom ettirilgan.

Mavzuga oid