Jahon | 18:51 / 17.09.2021
8836
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng yirik oilaviy kompaniyalari reytingi e'lon qilindi 

Foto: Getty Images

EY konsalting kompaniyasi va Shveytsariyaning Sankt-Gallen universiteti dunyoning eng yirik oilaviy kompaniyalari reytingini taqdim qildi. Olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyoning 500 ta eng yirik oilaviy kompaniyasining umumiy yillik tushumi 7,3 trln dollarni, ularda ishlovchi xodimlar soni esa 24,1 mln kishini tashkil qiladi.  
        
Reytingda eng yuqori pog‘onani AQShning Walmart kompaniyasi egalladi. Supermarketlar tarmog‘ining yillik tushumi 559,1 mlrd dollarni tashkil qiladi. 2-o‘rinni 245,5 mlrd dollarlik yillik tushum bilan Berkshire Hathaway, 3-o‘rinni esa 145,3 mlrd dollarlik yillik tushum bilan Italiyaning EXOR xolding kompaniyasi egallagan. 

Yuqori o‘ntalikdan Schwarz Group nemis kompaniyasi (yillik tushumi 140 mlrd dollar), AQShning Ford (127,1 mlrd) va Germaniyaning BMW (122,2 mlrd dollar) avtomobilsozlik kompaniyalari, AQShning yana 4 ta kompaniyasi: Koch Industries kimyo (115 mlrd dollar), oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi Cargill (114,6 mlrd dollar), Comcast telekommunikatsiya (103,6 mlrd dollar) va Dell texnologik kompaniyalari (94,2 mlrd) joy olgan. 

Reytingda eng ko‘p AQSh kompaniyalari keltirilgan – 119 ta. Undan keyin Germaniya (79), Fransiya (33) va Xitoy (29) oilaviy kompaniyalari kelmoqda. 

Reytingga kirish uchun kompaniyalar bir nechta mezonlarga javob berishi kerak. Jumladan, kompaniya unga asos solgan bir oilaning kamida ikkinchi avlod vakillariga tegishli bo‘lishi va ushbu oilaning kamida bir a'zosi kompaniyaning direktorlar kengashi yoki rahbariyatida bo‘lishi lozim. Agar kompaniya unga asos solgan oilaning birinchi avlodiga tegishli bo‘lsa, unda kompaniya rahbariyatida ushbu oilaning 2 yoki undan ortiq a'zosi bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, ommaviy kompaniyalar uchun oilaga kompaniyaning ovoz berish huquqini beruvchi kamida 32 foiz aksiyasi yoki xususiy kompaniyalar uchun kamida 50 foiz aksiyasi tegishli bo‘lishi kerak.    

Mavzuga oid