O‘zbekiston | 08:32 / 23.09.2021
6397
3 daqiqa o‘qiladi

Suv xo‘jaligi vazirligining vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining “Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatiga doir ayrim qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Prezidentning “Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 6 apreldagi PQ-5055-son qaroriga muvofiq, Suv xo‘jaligi vazirligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjat quyidagilarni belgilaydi: vazirlikning maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari, majburiyatlari, rahbariyatining asosiy funksional majburiyatlari va javobgarligi; faoliyatini tashkil etish, moliyalashtirish; xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi.

Vazirlikning asosiy vazifalari:

  • suv resurslarini boshqarish, suvlarning hisobi, hisoboti va balansini shakllantirish sohasida yagona siyosatni amalga oshirish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, suvlarning zararli ta'sirining oldini olish va bartaraf etish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va atrof-muhitning suvga bo‘lgan muttasil oshib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoitlar yaratish, suv resurslaridan samarali foydalanishni ta'minlash;
  • suv xo‘jaligi obektlarini modernizatsiyalash, rivojlantirish va qurilish ishlarini sifatli tashkil etish, qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish, shuningdek, xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi obektlarini loyihalash va ekspertiza qilish ishlariga malakali xorijiy ekspertlar va konsalting tashkilotlarini jalb qilish va boshqalar.

Shuningdek, qabul qilingan qaror bilan quyidagi nizomlar tasdiqlandi:

  • Suv xo‘jaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish agentligi to‘g‘risidagi nizom;
  • Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi to‘g‘risidagi nizom;
  • Suv xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ishlatish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi a'lochisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom.

Hujjatda quyidagi ro‘yxatlar keltiriladi:

  • Suv xo‘jaligi vazirligi tizimiga kiradigan budjet tashkilotlari ro‘yxati;
  • Suv xo‘jaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish agentligining tarkibiga kiruvchi suv xo‘jaligi obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirishda buyurtmachi vazifasini bajaruvchi “Suvqurilishinvest” davlat muassasalari ro‘yxati.

Mavzuga oid