O‘zbekiston | 08:09 / 23.09.2021
21839
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida giyohvand vositalar yetishtiruvchi «maxsus laboratoriya» aniqlandi

Toshkent viloyatining Chinoz tumanida profilaktika inspektorlari “Qoradori-2021” doirasida giyohvandlik vositalari, xususan, kannabis va marixuana yetishtirish uchun tashkil qilingan “maxsus laboratoriya”ni aniqladi. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: IIBB axborot xizmati

Ma'lum bo‘lishicha, 16 sentyabr kuni “Bunyodkor” MFYda yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan T.Sh.ning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechiriladi. Tekshiruv davomida xonadonning 4 kv.m. o‘lchamli xonasi (ventilyator, yorug‘lik va issiqlik beruvchi lampochka va boshqalar bilan) maxsus jihozlangani va u yerda 20 dona yelim gultuvaklar ichiga tuproq o‘g‘it aralash solingan holda giyohvandlik vositasi yetishtirayotganligi aniqlanadi.

Bundan tashqari, tekshiruv davomida fuqaro T.Sh.ning xonadonidan kannabis giyohvandlik o‘simligi, barglari, to‘pgullari va 1 litrli hajmli shisha banka ichida giyohvandlik vositasi, gugurt qutilarida kannabis giyohvandlik o‘simligining maydalangan barglari, giyohvandlik vositasini iste'mol qilish uchun qo‘lbola usulda yasalgan maxsus idishlar va o‘simliklarni yashnatuvchi mineral o‘g‘itlar, yaltiroq qog‘ozlar, elektron tarozilar va maxsus yelim idishlar daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olinadi.

O‘tkazilgan sudga oid kimyoviy ekspertizaga ko‘ra, fuqaro xonadoning olingan o‘simliklar tarkibida faol giyohvand moddalar mavjud bo‘lgan – jami 791 gr kannabis, 735 gr marixuana ekanligi ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Chinoz tuman IIB TB tomonidan fuqaro T.Sh.ga nisbatan JKning 270-moddasi, 1-qismi va 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid