O‘zbekiston | 20:32 / 29.09.2021
19050
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Andijondagi xususiy maktabda bo‘ldi va Toshkentga qaytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi “Yangi avlod” xususiy maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Ming o‘rinli mazkur umumta'lim maktabi bu yil ilk o‘quvchilarini qabul qildi. Uch qavatli ikkita o‘quv binosida 55 ta sinfxona, 3 ta laboratoriya, fan kabinetlari bor. Ular zamonaviy o‘quv jihozlari va uskunalar bilan ta'minlangan.

Maktab chet tillariga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, ingliz, xitoy, arab tillari chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitiladi.

Shuningdek, aniq fanlarni ingliz tilida interfaol tarzda o‘qitish, mental arifmetika, axborot texnologiyalari, robototexnika to‘garaklari tashkil etilgan. Oshxona, ochiq va yopiq sport maydonlari, gimnastika va xoreografiya xonalarida zarur sharoitlar yaratilgan.

Prezident maktab o‘quvchilari bilan suhbatda ularning intilishlarini qo‘llab-quvvatladi.

– Sizlar eng to‘g‘ri yo‘lni – bilim yo‘lini tanlagansizlar. Hech qachon o‘qishdan, izlanishdan to‘xtamanglar. Vaqt tez o‘tadi, ertaga hayotda munosib o‘rin topishingiz, zamonga mos mutaxassislar bo‘lib yetishishingiz uchun bugun o‘qishingiz kerak. Men ishonaman, sizlar mutlaqo yangi avlod yoshlari bo‘lib ulg‘ayasizlar, ota-onangiz, el-yurtingiz orzusini ro‘yobga chiqarasizlar. Chunki sizlarda bilim bo‘ladi. Bilim esa, ko‘p bor aytganimdek, o‘tda yonmaydi, suvda cho‘kmaydi. Yakkayu yagona najotimiz – ilm, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda maktabgacha ta'lim muassasasi va universitet barpo etish loyihasi taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, maktab yonida 150 o‘rinli bog‘cha, 500 o‘rinli axborot texnologiyalari universiteti qurilishi rejalashtirilgan. Shu tariqa bog‘cha, maktab va universitet ta'lim klasteriga aylanadi. Ularda bolalar bog‘cha yoshidan chuqurlashtirilgan bilim olib, axborot texnologiyalari bo‘yicha yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishadi.

Davlat rahbari shu yerda jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytdi.

Mavzuga oid