O‘zbekiston | 12:15 / 29.09.2021
13538
4 daqiqa o‘qiladi

SChR to‘lovini bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmi joriy etilishi mumkin

Oliy Majlis Senatining 29 sentabr kuni bo‘lib o‘tayotgan yalpi majlisida Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat uchun to‘lov miqdorini kamaytirish masalasi muhokama qilindi.

«O‘tgan majlisimizda “Umumiy harbiy majburiyat, harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qilgan paytimizda Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat uchun to‘lov miqdorini kamaytirish bo‘yicha aholidan ko‘plab murojaatlar tushganligi uchun senatorlarimiz tomonidan shu masala o‘rtaga tashlangandi.

Murojaatchilar amaldagi to‘lov miqdori yuqoriligini bildirishgan. Ayni paytda bir oylik xizmat uchun to‘lanadigan to‘lov miqdori 5 778 000 so‘mni tashkil etadi. Moliya vazirligi vakili bu masalani ko‘rib chiqish mumkin deb aytgandi. Shuning uchun yana mavzuga qaytib so‘rayman. Bu masala bo‘yicha qanday javob beriladi?» deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

“Sentabr oyi davomida masalani to‘liq ko‘rib chiqishga harakat qildik. Chaqiruv rezervi shunaqa yo‘lga qo‘yilgan ekanki, yilda ikki marta chaqirilarkan. 2018 yilda qabul qilingan prezident farmonida agar shartnomalar berilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqi oshgan bo‘lsa ham kontraktdagi summalar o‘zgarmasligi ko‘zda tutilgan ekan. Bu degani 2021 yil iyul oyigacha berilgan hamma shartnomalar bo‘yicha 5 253 000 so‘mdan to‘lov undirilib kelmoqda. Bu narsa 2022 yil martgacha yig‘ib kelinadi. Sentabr oyidagi dastlabki hisob-kitoblarni ko‘rdik, unga ko‘ra taqchillik mavjud. Sababi oyliklar oshgan, qolaversa, harbiy kiyim-kechaklar, oziq-ovqatlar bo‘yicha yangi narxlar asosidagi shartnomalar tuzilmagan.

Yana shuni aytib o‘tish kerakki, prezidentimiz tomonidan xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha harbiy pul ta'minoti miqdorlarini 2021 yilning 1 oktyabridan boshlab sezilarli darajada oshirish ko‘zda tutilgan. Shuni inobatga olgan holda bitta narsani iltimos qilmoqchi edim. Birinchi navbatda kam ta'minlanganlarga, “Temir daftar”ga kirganlarga sharoitidan kelib chiqib, muddatli harbiy xizmatga borolmagan bo‘lsa, bir oylik harbiy yig‘inga borayotgan bo‘lsa, to‘lovni “Temir daftar”dan qoplab berishni taklif qilmoqchiman. Ikkinchi masala shuki, o‘tgan hafta Mudofaa vazirligi bilan SChR to‘lovini bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmini joriy qilish haqida gaplashdik. Mana shu ikkita mexanizmni oktabr-noyabr oylarida qo‘llab ko‘rib, natijalarini tahlil qilganimizdan so‘ng taklif kiritsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi”, deydi moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov.

Avvalroq «Yoshlar daftari»ga kiritilganlarning safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badali davlat budjetidan qoplanishi, Sirdaryoda ushbu toifaga mansub fuqarolarga SChR xizmati uchun pul mablag‘i o‘tkazib berilgani xabar qilingan edi.

Qonunchilikka muvofiq, pul badallarini to‘lagan, biroq harbiy yig‘inlardan o‘tmagan safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchisiga to‘langan mablag‘lar, agarda u harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilganda va unga tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) tomonidan 27 yoshgacha I, II yoki III guruh nogironligi berilgan holatda qaytarib beriladi.

Mavzuga oid