Dubayda Expo-2020 butunjahon ko‘rgazmasi ochildi
30 sentabr kechki vaqt Dubayda pandemiya sababli bir yilga qoldirilgan Expo 2020 butunjahon ko‘rgazmasi ochildi. “G‘oyalarni birlashtirib, kelajakni yaratamiz” degan shior ostida o‘tuvchi ko‘rgazma 2022 yil 31 martgacha davom etadi. Unda 190dan ko‘proq davlat 182 kun davomida texnika, fan va san'at sohalarida erishgan yutuqlari va innovatsiyalarini namoyish qiladi.
Ko‘rgazma ochilishida ming kishidan iborat aktyorlar va professionallar jamoasi oxirgi texnologiyalarni qo‘llagan holda 90 daqiqalik yorqin tomosha ko‘rsatishgan. Marosim ko‘rgazmaning markazi hisoblanuvchi Al Wasl Plaza maydonida o‘rnatilgan 70 metrlik gumbaz shaklidagi inshootda namoyish qilingan. Qayd etib o‘tish lozim, ushbu inshoot tasvirni 360 daraja burchak ostida proyeksiyalash uchun mo‘ljallangan dunyodagi eng yirik sirt hisoblanadi. Unda tasvir va videoni ham tashqi, ham ichki tomondan kuzatish mumkin.
Bundan tashqari, ochilish marosimi BAA bo‘ylab 430dan ko‘proq joyda namoyish qilingan. Buning uchun aeroportlardan tortib savdo markazlari va mehmonlargacha bo‘lgan turli joylarda ekranlar o‘rnatilgan. Shuningdek, Nyu-Yorkdagi Tayms-skverda o‘rnatilgan ekranlarda ham uni kuzatish mumkin bo‘lgan.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimiga italiyalik mashhur tenor Andrea Bochelli, “Oltin globus” sohibi, aktrisa va qo‘shiqchi Andra Dey, britaniyalik qo‘shiqchi Elli Golding, xitoylik virtuoz pianinochi Lan Lan va arabcha uslubda kuylovchi boshqa ko‘plab qo‘shiqchilar taklif etilgan.
Dubay hukmdori Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum ko‘rgazmani ochiq deb e'lon qilgan. U ko‘rgazma insoniyat xotirasida muhrlanib qoladigan ajoyib hodisaga aylanishini aytgan. U BAA ushbu tadbirni “xalqaro hamkorlik asosida global muammolarga yechimlar topish maqsadida” amalga oshirayotganini ta'kidlab o‘tgan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Dubay hukumati ushbu ko‘rgazma o‘tkazilishiga 7 mlrd dollar ajratgan. Ko‘rgazmaga JSST tomonidan ma'qullangan vaksinalardan biri bilan emlanganlik haqidagi sertifikat yoki manfiy PsR-testni taqdim qilgan barcha odamlar tashrif buyurishi mumkin.
Ko‘rgazma davomida unga 25 mln kishi tashrif buyurishi kutilmoqda. Uni “Ijod, innovatsiya, taraqqiyot va madaniyat tantanasi” deb atagan tashkilotchilar har kun 60tagacha interaktiv shouni, jumladan ta'lim, musiqiy-raqs tomoshalarini o‘z ichiga olgan dasturni ishlab chiqishgan. Ular dunyo xalqlari urf-odatlari bilan tanishish imkonini beradi.
E'tiborlisi, Expo 2020 boshlanmasidan tarixga kirishga ulgurgandi. Birinchidan, butunjahon ko‘rgazmasi Yaqin Sharq, Afrika va Janubiy Osiyo (MEASA) mintaqasida birinchi marta o‘tkazilmoqda. Ikkinchidan, ushbu tadbir arab dunyosida amalga oshirilayotgan birinchi bunday katta miqyosdagi tadbir hisoblanadi. Unda 192 davlat ishtirok etib, ulardan har birining o‘z paviloni mavjud. Bu ham butunjahon ko‘rgazmalarining 170 yillik tarixida birinchi marta yuz berishidir.
Expo ko‘rgazmasi har 5 yilda o‘tkazib kelinadi. Birinchi butunjahon ko‘rgazmasi 1851 yilda Londonda bo‘lib o‘tgan. 2015 yilda uni Milan qabul qilgandi. O‘shanda tadbirda 145 davlat ishtirok etgan va 22,2 mln kishi tashrif buyurgan. Expo 2020’ni o‘tkazishga Dubaydan tashqari San-Paulu (Braziliya), Izmir (Turkiya) va Yekaterinburg (Rossiya) ham da'vogarlik qilgandi.
Navbatdagi Expo 2025’ni Yaponiyaning Osaka shahri qabul qilishga tayyorlanmoqda.
Mavzuga oid
19:25 / 28.10.2024
Foto: Dubay shahzodasi Navoiyda lochin bilan tuvaloq ovladi
15:31 / 26.10.2024
Dubayda dunyodagi eng ingichka osmono‘par bino qurilmoqda
18:41 / 27.09.2024
Burj Xalifa: dunyoni hayratga solayotgan osmono‘par bino
13:50 / 13.09.2024