O‘zbekiston | 11:39 / 03.10.2021
31547
4 daqiqa o‘qiladi

Bukmekerlik bilan shug‘ullanish va uni reklama qilish qonunga zid

So‘nggi vaqtlarda o‘zbekistonliklar o‘rtasida daromad olish maqsadida sport o‘yinlariga pul tikuvchilar soni sezilarli darajada ortgan. O‘yinda yutqazib, uy va mol-mulklarini sotgan, jinoyatga qo‘l urgan va hatto o‘z joniga suiqasd qilganlar haqida ko‘plab xabarlar tarqalmoqda.

Qonunchilikda bu borada nima deyiladi?

2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni asosida 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston hududida litsenziya olish orqali bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish va qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutildi. Biroq buning tartibini belgilovchi hukumat qarori qabul qilinmadi.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga ko‘ra, joriy yilning mart oyiga qadar O‘zbekiston hududida bukmekerlik va totalizator faoliyatini amalga oshirish uchun biron-bir xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga litsenziya berilmagan. O‘zbekistonda bukmekerlik kompaniyalari uchun litsenziya berish huquqiga ega Kapital bozorini rivojlantirish agentligi esa 2021 yil 1 mayda tugatilgan. Uning vakolatlari Moliya vazirligiga o‘tkazildi.

Bugungi kunda amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasi va Jinoyat kodeksining 278-moddasiga asosan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shuningdek, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, qonun hujjatlari bilan taqiqlangan mahsulot to‘g‘risida axborot tarqatish taqiqlanadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, nafaqat bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanish, balki uni reklama qilish ham qonunga ziddir. Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bukmekerlik kompaniyalari faol reklama qilinmoqda.

O‘zbekistonda bu turdagi o‘yinlarni qonuniylashtirish nazarda tutilmoqda. Xususan, yaqinda Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bukmekerlik faoliyatini qonun jihatdan tartibga solish maqsadida qonun loyihasini ishlab chiqishni taklif qildi.

Nima ham derdik, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz hayotini barbod qilib, ularni yana ham kambag‘allik botqog‘iga botirayotgan bu illatga ruxsat berishdan avval hurmatli xalq vakillari – deputat va senatorlarimiz o‘zi bunday qonunga ehtiyoj bor-yo‘qligini yana bir o‘ylab ko‘rishlari kerak.

Bundan tashqari, oson pul topish ilinjida yurgan insonlar ham bu narsadan pul topishning umuman iloji yo‘qligini, yutganlar ham aslida mag‘lub ekanligini tushunishlari lozim.

Shuningdek, yaqinda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekistonda noqonuniy hisoblangan bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi o‘ndan ortiq saytlarga kirishga cheklov o‘rnatilganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid