Jahon | 18:34 / 07.10.2021
9274
2 daqiqa o‘qiladi

NASA asteroidga zarba berishni rejalashtirmoqda – OAV

AQShning NASA koinot agentligi Yer uchun xavfli asteroidlardan birining yo‘nalishini o‘zgartirish uchun u tomon zond yuborishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Washington Post nashri ma'lum qildi.

Foto: Pixabay

Ta'kidlanishicha, agentlik mutaxassislari shu tariqa Yerni bunday xavfli jismlar to‘qnashuvidan himoyalash tizimini ilk bor sinovdan o‘tkazishadi.  

Bu maqsadda 24 noyabrda SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketasini DART (Double Asteroid Redirection Test – Qo‘sh asteroid orbitasini o‘zgartirish bo‘yicha tajriba) zondi bilan birga AQSh koinot kuchlarining Kaliforniyadagi Vandenberg bazasidan uchirish ko‘zda tutilgan. 

DART parvozdan bir yil o‘tib ikkita samo jismidan tashkil topgan Didim-Dimorf qo‘sh asteroidiga yetib borishi va samo jismlaridan kichigi – Dimorfga 25 ming km/soat tezlikda borib urilishi rejalashtirilgan. To‘qnashuv natijasida samo jismining orbitasi “foizning bir necha ulushiga” og‘ishi kutilmoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Didim-Dimorf vaqti-vaqti bilan Yerga yaqinlashib turadi, biroq hozircha unga xavf solmayapti.

Avvalroq astronomlar diametri 500 metrlik Bennu asteroidini Yer uchun eng xavfli samo jismi deb baholashgan. Uning sayyoramiz bilan to‘qnashishi ehtimoli 2700 tadan bittani tashkil qiladi va bu 2182 yil sentyabrda yuz berishi mumkin.

Mavzuga oid