Qatarga saralash, Yevropa: Ilk yo‘llanma egasi ma'lum, qolgan guruhlardagi vaziyat qanday?
Jahon chempionati saralashining oktabr oyidagi o‘yinlari yakunlanmoqda. Ammo hali ko‘pchilik mundial yo‘llanmasidan uzoqda.
Dushanba kuni Yevropada JCh-2022 saralashi doirasida 4 guruhda 8-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi va mundialga yo‘llanma olgan ilk jamoa nomi ma'lum bo‘ldi.
Germaniyaning qasosi
J guruhi
Shimoliy Makedoniya — Germaniya — 0:4 (Havers, 50. Verner, 70, 73. Musiala, 83).
Ruminiya — Armaniston — 1:0 (Mitritse, 26).
Islandiya — Lixtenshteyn — 4:0 (Tourdarson, 19. A.Gyudmunsson, 35, penalti, 79, penalti. A.Gudionsen, 89).
Makedoniyaliklarning Duysburgdagi g‘alabasi — saralash siklining bahorgi o‘yinlaridagi asosiy sensatsiyalardan bo‘lgandi. O‘shanda Pandev bilan Yevro-2020ga ham chiqqan bu jamoa fantastik darajada o‘yin ko‘rsatgandi, jamoa bu safar usiz ham nemislarni asabiga tega oldi. Faqat birinchi bo‘limda. Boshqa tomondan jamoaga o‘z muxlislari yordam berishdi — mezbon muxlislar raqib futbolchilarning ko‘zlariga lazer ukazkalari bilan nur tushirishdi.
Kichik jarohatdan keyin darvozaga qaytgan Noyyer esa tanaffusga qadar vaqt davomida jamoasini bir necha bor qutqarib qoldi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Xans Flik jamoasi to‘pga egalik qilish borasidagi katta ustunlikni golga aylantira oldi - gol pozitsion hujumda emas, makedoniyaliklarni qarshi hujumda dog‘da qoldirish orqali urildi, bu hujum yakunida Myuller Haversni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqardi. Goldan so‘ng natija qanday bo‘lishi deyarli aniq edi va Germaniya ruhi cho‘kkan raqibni ayamadi. Termada yana avvalgi formasiga qaytayotgan Verner birinchi bo‘limda ham kuchli zarbasi bilan darvoza ustunini poylagandi, ikkinchi bo‘limda esa uch daqiqa ichida dubl rasmiylashtirdi, gollardan biriga yana yildan yilga yosharayotgan Myuller hammualliflik qildi. «Chelsi» hujumchisi ham terma jamoaning so‘nggi o‘yinlarni ideal darajada o‘tkazmoqda - besh o‘yinda besh gol va bir assist.
O‘yinga yakuniy nuqta Jamol Musiala tomonidan qo‘yildi - 4:0. 18 yoshli yarimhimoyachi uchun bu terma jamoadagi ilk gol bo‘ldi.
Nemislar 21 ochko jamg‘ardi va JCh-2022ning turnir mezbonlari bo‘lmish Qatardan keyingi ikkinchi ishtirokchisiga aylandi. Germaniya so‘nggi ikki turni rasmiyatchilik uchun o‘tkazadi - uyda Lixtenshteyn qabul qilinadi, so‘nggi turda Armanistonga safar. Flik bosh murabbiylikka tayinlangandan buyon jamoa besh o‘yinda besh g‘alabaga erishdi, to‘plar nisbati - 18:1. Sentyabrda nemislar Lixtenshteyn (2:0), Armaniston (6:0) va Islandiyani (4:0) mag‘lub etishdi, oktyabrda esa avval Ruminiya (2:1), endi esa Shimoliy Makedoniya (4:0) taslim qilindi.
Germaniya 1954 yildan buyon biror marta jahon birinchiliklarini o‘tkazib yubormagan va endi jamoa o‘zining 20-turniriga yo‘l oladi. Bu borada faqat — Braziliyada ko‘proq.
Guruhdagi ikkinchi o‘rin uchun kurash davom etadi. Bu turdan keyin Makedoniya Ruminiyani oldinga o‘tkazib yubordi. Ruminlarga yutqazgan va to‘rtinchi o‘rinda qolgan Armanistonda ham oxirgi turgacha yo‘llanma uchun imkoniyat saqlanib qoladi — buning uchun 9-turda makedonlar mag‘lub etilishi shart.
11 noyabr. Germaniya — Lixtenshteyn, Armaniston — Shimoliy Makedoniya, Ruminiya — Islandiya.
Depayda rekord, Turkiya Latviya kompleksiga barham berdi
G guruhi
Niderlandiya — Gibraltar — 6:0 (van Deyk, 9. Depay, 21, 45+3, penalti. Dyumfris, 48. Groneveld, 75. Malen, 86).
Norvegiya — Chernogoriya — 2:0 (M.Elyunussi, 29, 90+6).
Latviya — Turkiya — 1:2 (Merix Demiral, 70, avtogol — Serdar Dursun, 75. Burak Yilmaz, 90+9, penalti).
Niderlandlar, kutilganidek osonlik bilan 3 ochkosini qo‘lga kiritdi. Imkonsiz holatdagi autsayderga qarshi oddiy o‘yinda ham e'tiborga molik jihatlar topildi. Birinchidan, hisobni ochgan van Deyk uchun bu og‘ir jarohatidan keyingi ilk gol bo‘ldi. Depay esa niderlandlar jamoasida bir kalendar yili doirasida urilgan gollar soni bo‘yicha rekord qayd etdi. 2000 yilda Patrik Klayvert yil davomida o‘rtacha har oy uchun bittadan gol urgandi, Depay esa hali yil tugamasidan 14 bor terma jamoa raqiblari darvozabonlarini xafa qildi.
Niderlandlarning asosiy yulduzini het-trik va o‘n beshinchi goldan mehmonlar darvozaboni Band mahrum etdi, u Depay ijrosidagi ikkinchi penaltini qaytarib yubordi. Gibraltardagi maktablardan birida o‘qituvchi yordamchisi hisoblangan bu shaxs uchun bu butun umr yodda qoladigan voqeaga aylandi.
Ko‘p ehtimol bilan guruh g‘olibligi masalasi so‘nggi turga qoladi, o‘shanda gollandlar Holandsiz ham yuz foizlik natija qayd etayotgan va ikki ochkolik farq bilan ikkinchi o‘rinda borayotgan Norvegiyani qabul qilishadi. O‘z navbatida Turkiya bu to‘qnashuvdan foydalanib qolishi mumkin, turklar Latviyadagi o‘yinda yo‘llanma uchun kurashdan chiqib ketishi mumkin edi, ammo o‘yinga qo‘shib berilgan 9-daqiqadagi penalti evaziga Shtefan Kuns boshchiligidagi ilk g‘alabaga erishildi. Yanada aniqlik kiritilsa, bu vaqtda sekundomerda 98:05 o‘tayotgandi va bu hozirgi saralash siklida eng kech urilgan gol bo‘ldi. Qolaversa, yangi murabbiy turklarning azaliy kompleksini tugatdi. Gap shundaki, Turkiya Latviyani 1924 yildan buyon mag‘lub etolmayotgandi, joriy asr boshida esa Boltiqbo‘yi jamoasi turklarni Yevro-2004 yo‘llanmasidan mahrum etgandi.
13 noyabr. Chernogoriya — Niderlandiya, Turkiya — Gibraltar, Norvegiya — Latviya.
Uelsliklar ta'qib etmoqda
Ye guruhi
Belarus — Chexiya — 0:2 (Shik, 22. Glojyek, 65).
Estoniya — Uels — 0:1 (Mur, 12).
Belgiya JCh yo‘llanmasini naqd qilish uchun uch ochko olishi kifoya (hozir ularda 16 ochko va zaxirada bir o‘yin bor). Millatlar ligasida ishtirok etgan Martines shogirdlari bu turda dam olishdi.
O‘tgan turda Chexiya o‘z maydonida Uels bilan durang o‘ynab qo‘ygach, ikki jamoa o‘rtasida ikkinchi o‘rin uchun sirtqi kurash davom etmoqda. Chexiya Belarusda, Uels Estoniyadagi safar o‘yinlarida g‘alaba qozondi. To‘plar nisbatiga ko‘ra uchinchi o‘rindaligiga qaramay uelsliklarning holati zaxiradagi o‘yin hisobiga yaxshiroq. Lekin jamoa so‘nggi turni Belgiyaga qarshi o‘tkazadi.
Chexlarda estonlarga qarshi birgina o‘yin qolgan va ular birinchi o‘ringa chiqishdan umid uzishgan. Ular avvalo o‘z o‘yinida g‘alaba qozonishi, keyin Uels Belarus va Belgiyaga qarshi o‘yinlarda uchtadan ko‘p ochko olmasligiga umid qilishi kerak bo‘ladi. To‘plar nisbati chexlarda yaxshiroq.
13 noyabr. Belgiya — Estoniya, Uels — Belarus.
Slovakiya Rossiyaga yordam berdi
N guruhi
Xorvatiya — Slovakiya — 2:2 (Kramarich, 25. Modrich, 71 — Shrans, 20. Xaraslin, 45).
Kipr — Malta — 2:2 (Papulis, 8. Sotiriu, 80 — Muskat, 53. Degabrieli, 90+8).
Sloveniya — Rossiya — 1:2 (Ilichich, 40 — Diveyev, 28. Jikiya, 42).
Yevropa chempionatidan keyin Rossiya terma jamoasi boshqaruviga olib kelingan Valeriy Karpinning o‘yin uslubi zerikarli va og‘ir deb ta'riflangan bo‘lsa-da, natija keltirmoqda. Qatar mundiali saralashida sentabr oyida dastlab guruhdagi asosiy raqib bilan uyda golsiz durang qayd etildi, keyin Kipr (2:0), Malta (2:0) va Slovakiya (1:0) mag‘lub etildi, endi esa safarda Sloveniya ustidan g‘alabaga erishilib, guruhdagi peshqadamlik qo‘lga olindi. Endi ruslar kamida o‘tish o‘yinlarida ishtirok etishlarini kafolatlashdi. Umuman olganda, Rossiya Qatarga borishi uchun qolgan ikki o‘yinda (Kipr va Xorvatiyaga qarshi) 4 ochko olishi yetarli bo‘ladi.
Qozondagi mag‘lubiyatdan keyin barcha slovaklarni hisobdan chiqargandi, jumladan Xorvatiya ham. Lekin «shashkachilar» buning uchun tarsaki yeyishdi. Aniqrog‘i — Hamshikning uzatmasidan keyin Shransa bosh bilan yo‘llagan to‘p darvoza to‘riga borib tushdi. Besh daqiqa o‘tib Kramarich burchak zarbasidan keyin muvozanatni tikladi, ammo tanaffus arafasida Xaraslin yana mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Slovaklar rossiyaliklar darvozasiga ura olmagan gollarini xorvatlar darvozasiga urishdi va ularning omadi ham keldi, Kramarichning zarbalaridan biri darvoza ustuniga tegdi.
Ikkinchi bo‘limda Xorvatiyani qutqarib qolish uchun maydonga Vlashich chiqdi, ammo hisobni u emas, Modrich tenglashtirdi: u o‘zi ishlagan jarima zarbasini «jonli devor»dan o‘tkazib darvoza to‘riga joyladi. Xorvatlarning uchinchi goli esa videotakrordan keyin bekor qilindi. Sensatsion durangdan keyin Zlatko Dalich shogirdlari peshqadamlikni boy berishdi, agar guruhdagi holat so‘nggi turgacha saqlanib qolsa, Rossiyani Splitda durang o‘ynash ham qanoatlantiradi.
11 noyabr. Rossiya — Kipr, Malta — Xorvatiya, Slovakiya — Sloveniya.
Bugungi o‘yinlar
F guruhi
12 oktabr
Daniya — Avstriya
Farer orollari — Shotlandiya
Isroil — Moldaviya.
Daniya o‘tgan turda Moldaviyadan 4:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi va g‘alabali hamda quruq seriyasini davom ettirdi. Yevropa chempionati qahramonlari JCh saralash bosqichida fantastik natijaga erishmoqda - 7 o‘yinda 7 g‘alaba, to‘plar nisbati - 26:0.
12 oktabr kuni Daniyada ham muddatidan oldin jahon chempionatiga yo‘llanma olish imkoniyati mavjud. Bu quyidagi shartlardan biri amalga oshsa ro‘y beradi:
- agar Daniya Avstriyada g‘alaba qozonsa;
- agar Daniya Avstriya bilan durang o‘ynab, Shotlandiya Farer orollarini yenga olmasa;
- agar Shotlandiya Farer orollariga mag‘lub bo‘lsa.
Guruhda ikkinchi o‘rin uchun Shotlandiya (14 ochko) asosiy da'vogar. O‘tgan turda Isroilga qarshi dramatik bahsda g‘alabani ilib ketgan (3:2) britanlar qolgan turlarda guruh autsayderlari (Farer va Moldova) hamda oxirgi turgacha guruh masalasini hal qilishi tayin bo‘lgan Daniya bilan o‘ynaydi. Shotlandlar pley-offga o‘tish uchun uch o‘yinda olti ochko to‘plashi kerak.
Isroil (10 ochko) ikkinchi o‘ringa ilinish uchun Shotlandiya qolgan uch turda ko‘pi bilan 5 ochko to‘plashi va to‘plar nisbati yomonlashishi, isroilliklar o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi (Moldova, Avstriya, Farer).
Avstriya ham (10 ochko) qolgan uch o‘yinda g‘alaba qozonib, shotlandlarning muvaffaqiyatsizligiga umid qiladi. Ammo ularda taqvim murakkabroq – Daniya, Isroil, Moldova.
A guruhi
12 oktabr
Serbiya — Ozarboyjon
Portugaliya — Lyuksemburg.
Bu guruhda yakunda ham top-2da qolish uchun Serbiya Ozarboyjonni mag‘lub etishi, Portugaliya Lyuksemburgga mag‘lub bo‘lmasligi talab etiladi. Serblarda 14 ochko, Ronaldu jamoadoshlarida 13, ammo portugallarda bir zaxira o‘yini ham bor.
Noyabrda bu guruh o‘yinlari Serbiya – Portugaliya to‘qnashuvi bilan yopib beriladi, ammo undan oldin Santush shogirdlari Irlandiyada zaxira o‘yinini o‘tkazishadi (mag‘lub bo‘lmaslik kerak - shunda ular so‘nggi o‘yin arafasida birinchi o‘rinda bo‘lishadi).
B guruhi
12 oktabr
Shvetsiya — Gretsiya
Kosovo — Gruziya.
B guruhida barchasi murakkab tus olgan – Ispaniya (13 ochko) yetakchilik qilmoqda, Shvetsiya (12) – ikkinchi. Ammo shvedlarda zaxira o‘yini bor (Gretsiya bilan) va ular qolgan o‘yinlar natijasiga ko‘ra ispanlarni quvib o‘tishi ham, greklarga ikkinchi o‘rinni bo‘shatib berishi ham mumkin.
Ispaniya noyabrga qadar hech narsaga ta'sir ko‘rsata olmaydi - bu turda ular dam olishadi. Ammo yakuniy turda muxlislarni go‘zal o‘yin kutmoqda – Ispaniya va Shvetsiya guruh g‘olibligi uchun maydonga chiqishadi.
C guruhi
12 oktabr
Litva — Shveytsariya
Bolgariya — Shimoliy Irlandiya.
C guruhida Italiya birinchi o‘rinda (14 ochko), Shveytsariya ta'qib etmoqda (11 ochko va Litvaga qarshi zaxira o‘yini bilan). Italiya top-2da qolish uchun bugun Shimoliy Irlandiya Bolgariyani yenga olmasligi yetarli bo‘ladi. Bu shart bajarilishi Shveytsariyaga ham kerak, bundan tashqari ularning o‘zi Litvani yengishi talab etiladi.
Bu yerda ham asosiy masala so‘nggi turda hal bo‘ladi – Italiya va Shveytsariya Yevropa chempionlari hududida to‘qnashadi.
D guruhi
12 oktabr
Ukraina — Bosniya
Qozog‘iston — Finlandiya.
D guruhida ham vaziyat chigallashgan: guruhdan chiqish imkoniyatini faqat Qozog‘iston yo‘qotgan. Fransiya (12 ochko) kabi Ukraina (8), Bosniya (6, bitta o‘yin zaxirada) va hatto Finlandiyada (5, bitta o‘yin zaxirada) Qatarga borish uchun imkoniyat saqlanib qolmoqda.
Bu yerda barchasi noyabrda hal bo‘ladi, oktyabrdagi so‘nggi o‘yinlarda Bosniya va Ukraina ikkinchi o‘rin uchun kim asosiy da'vogar ekanini aniqlab olishadi (fransuzlarga yetib olish hali qiyinroq). Ukrainlar bosniyaliklar bilan ikki o‘yin o‘tkazadi, bosniyaliklarda Finlyandiyaga qarshi zaxira o‘yini bor, finnlar Qozog‘iston, Bosniya va Fransiya bilan o‘ynaydi.
I guruhi
12 oktabr
Angliya — Vengriya
Albaniya — Polsha
San-Marino — Andorra.
I guruhida birato‘la to‘rt jamoada guruhdan chiqish imkoniyati saqlanib qolmoqda. Angliya (19 ochko) so‘nggi tur oldidan top-2da bo‘lish uchun Vengriyani mag‘lub etishi kerak, bu bilan ular vengrlarni poygadan chiqarib yuborishi ham mumkin. Angliyaliklarda oldinda Albaniya va San-Marinoga qarshi o‘yinlar ham bor.
Albaniya (15 ochko) Polsha (14) bilan o‘ynaydi. Albanlarning g‘alabasi va vengrlarning Angliyadan mag‘lubiyati ularni top-2ga yaqinlashtiradi, keyin ular inglizlarga qarshi o‘zaro o‘yinda guruh g‘olibligi uchun kurashishi mumkin, axir so‘nggi turda Albaniyani autsayder Andorra kutmoqda.
Polyaklarda taqvim osonroq – ular Angliyaga qarshi ikki o‘yinni ham o‘tkazib bo‘lishgan, oldinda Albaniya, Andorra va Vengriya. Ularga Albaniya ustidan g‘alaba qozonishga majbur ham emas – mag‘lubiyatga uchralsa ham ikkinchi o‘rin uchun imkoniyat saqlab qolinadi. Vengrlar, o‘z navbatida Angliya, Albaniya va Polshani mag‘lub etib, bu uch jamoadan ikkitasi muvaffaqiyatsizlikka uchrashini kutishi kerak.
Mavzuga oid
17:09 / 26.08.2024
«Tanam boshimdan yuragim qadar darz ketdi». Noyyerning xayrlashuv maktubi
08:30 / 20.06.2024
Bolqoncha telbalik va nemis mashinasi yurishi. Yevroning oltinchi kuni qanday o‘tdi?
15:20 / 19.06.2024
Yevro-2024: Xorvatiyaning xato qilishga haqqi yo‘q, bir guruhda pley-off ishtirokchilari aniq bo‘lishi mumkin
18:24 / 11.06.2024