O‘zbekiston | 12:48 / 13.10.2021
4073
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Qo‘shilmaslik harakatining yubiley sammitida qatnashdi

Foto: O‘zA

11-12 oktabr kunlari tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Serbiyaning Belgrad shahrida bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaslik harakatining yubiley sammitida qatnashdi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, sammitda Qo‘shilmaslik harakatiga a'zo 120ga yaqin davlat vakillari ishtirok etdi. Ilk sammiti bundan 60 yil avval o‘tkazilgan forumda Harakatning zamonaviy dunyoda davom etayotgan ahamiyati, uning tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish hamda inson huquqlarini himoya qilishdagi rolining ortishi muhokama qilindi.

Farhod Arziyev o‘z nutqida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chuqur yangilanishlarning asosiy yo‘nalishlari, barqaror taraqqiyot, global va mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashga qaratilayotgan sa'y-harakatlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Qo‘shilmaslik harakati sovuq urush yillarida AQSh yoki SSSR ta'siriga qarshi turish maqsadida, 1961 yil sentyabrida Belgraddagi konferensiyada tuzilgan, uning tarkibiga NATOga yoki Varshava kelishuviga a'zo bo‘lishni istamagan davlatlar — jumladan, Yugoslaviya, Hindiston va Misr kabi yirik davlatlar kirgandi. Hozirda Qo‘shilmaslik harakati harbiy bloklarga kirishni istamagan 120 davlatni o‘zida birlashtiradi, 17 davlat va 10ta xalqaro tashkilot kuzatuvchi maqomiga ega hisoblanadi.

Mavzuga oid