Livanda namoyishchilar o‘qqa tutildi. Bu haqda nimalar ma'lum?
Bayrutdagi namoyishlar chog‘idagi otishma tufayli kamida besh kishi halok bo‘lgan va 30dan ortiq kishi jarohatlangan. Aksiya ishtirokchilari o‘tgan yil avgustida portda ro‘y bergan portlash bo‘yicha surishtiruvlarning borishi yuzasidan e'tirozlari bilan ko‘chalarga chiqishgan. Odamlarga aynan kimlar o‘q uzgani ma'lum emas.
Livan ichki ishlar vaziri Bassam Mavlaviy namoyishchilar merganlar tomonidan o‘qqa tutilgani, ular odamlarning boshini mo‘ljallab o‘q uzishganini ma'lum qildi.
Namoyishlar shialarning «Hizbulloh» va «Amal» guruhlari tomonidan tashkillashtirilgandi. Ularning tarafdorlari Bayrutdagi kimyoviy moddalar saqlangan omborxonada ro‘y bergan portlash bo‘yicha tekshiruvlarga rahbarlik qilayotgan hakam Tariq Bitarning ishdan chetlatilishini talab qilishmoqda. Ularning fikricha, ushbu hakam tarafkashlik qilib, portlashlar uchun aybni shialar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan sobiq hukumat vakillariga yuklamoqchi.
Guruhlarning qo‘shma bayonotida hujumlar xristianlarning o‘ngchi partiyasi, Saudiya Arabistoni hukumati bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan «Livan kuchlari» tomonidan uyushtirilgani aytilgan. «Qurollangan va uyushgan guruhlarning bu hujumi mamlakatda qasddan tartibsizliklar keltirib chiqarishga qaratilgan, buning uchun ig‘vogarlar va siyosiy manfaatlari yo‘lida portda qurbon bo‘lganlarning qoni ortiga yashirinayotgan tomonlar javobgarlikka tortilishi kerak , deyiladi bayonotda.
O‘z navbatida, «Livan kuchlari» harakati ham otishmaga aloqadorligi haqidagi xabarlarni rad etdi va aholini xotirjamlikka chaqirib, sodir bo‘layotgan voqealarda «Hizbulloh»ni aybladi. «Bu voqealarning asosiy sababi - istalgan vaqtda va istalgan joyda tinch fuqarolar hayotiga tahdid solayotgan qurollarning nazoratsiz tarqatilishidir», deya yozgan tvitterda partiya yetakchisi Samir Jaajaa.
Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, ayrim jabrlanuvchilarning ahvoli og‘ir va shifoxonalarga yaralangan odamlar olib kelinishi davom etmoqda.
Juma kuni Livanda marhumlar xotirasiga motam kuni e'lon qilingan. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish zo‘ravonlikni zudlik bilan to‘xtatishga va Bayrutdagi portlash bo‘yicha shaffof tekshiruv o‘tkazilishiga chaqirgan.
BBC’ning Bayrutdagi muxbiri Anna Fosterning xabar berishicha, shahardagi vaziyat tongdanoq kesinlasha boshlagan.
Namoyishchilar shahar markazidagi Tayunex-Badaro tumanidagi halqa yo‘lni kesib o‘tishgach to‘xtovsiz otishmalar boshlanib ketgan. Xabarlarga ko‘ra, tartibsizliklarga binolardan birida joylashgan merganlar namoyishchilarni o‘qqa tuta boshlashi sabab bo‘lgan.
«Frans press» korrespondentlari Bayrutdagi xristianlar va shia musulmonlari yashovchi kvartallar chegarasidagi hududda o‘q ovozlarini eshitishgan. Livanda 1975 yilgi fuqarolar urushi boshlanishida ham aynan shu nuqtada asosiy voqealar ro‘y bergandi. Livan televideniyesida avtomat va boshqa og‘ir qurollar ko‘targan odamlar aks etgan kadrlar namoyish etildi.
Harbiylar vakili xabar qilishicha, otishmalarga javoban armiya kuchlari hududni o‘rab olgan va o‘q uzayotganlarni qidirishga tushgan. Ular qurollangan shaxslar o‘rnashgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan atrofdagi binolardagi kvartiralarda va uylarning tomlarida tintuv o‘tkazishgan. Bu jarayonda kuchli portlash ovozlari eshitilgan, ammo qaysi tomon qaysi tomonga qanday qurollardan o‘t ochayotganini aniqlab bo‘lmagan.
Harbiylar Livan ko‘chalariga zirhli texnikalar joylashtirgan, armiya vakillari aholini xavfli hududlarni tark etishga chaqirgan.
Harbiylar bayonotida qurol ko‘targan shaxslar ularning nishoniga aylanishi haqida ogohlantirilgan.
Namoyishchilar nima istamoqda?
Avvalroq sud sudya Bitar ustidan qilingan shikoyatlarni rad etgandi. Qurbonlarning oilalari bu qarorga qarshi chiqishgan, natijada uch hafta ichida ikkinchi marta tekshiruvlar to‘xtatilgandi.
Hozirgacha hech kim 291 kishi o‘limiga va port atrofidagi hududlar butunlay vayron bo‘lishiga olib kelgan ushbu halokat uchun mas'uliyatni zimmasiga olmagan.
Portda yuzaga kelgan yong‘in oqibatida 2750 tonna qishloq xo‘jaligida o‘g‘itlash maqsadida keng qo‘llanadigan kimyoviy modda - nitrat ammoniy portlab ketgandi. Bu moddalar qariyb olti yil mobaynida biror xavfsiz saqlash qoidasiga amal qilinmagan holda portdagi omborxonada yotgan.
Yuqori martabali amaldorlar portda bunday yuk borligidan va u xavfli ekanidan xabardor bo‘lishgan, ammo uni xavfsiz joyga ko‘chirish yoki yo‘q qilish choralarini ko‘rishmagan.
Qurbonlarning qarindoshlari va faollarning ta'kidlashicha, Livanning siyosiy rahbariyati doimiy ravishda siyosatchilar hamda rasmiy shaxslarni tergovdan himoya qilishga urinib kelmoqda.
Livan Kassatsiya sudi (Oliy sud ekvivalenti) joriy yil boshida ushbu ishni yuritgan sudya Fadi Savanni, u yuqori lavozimli amaldorlarni beparvolikda ayblaganidan keyin ishdan chetlatgandi. O‘shanda ayblanuvchilar qatorida mamlakatning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Hasan Diab, sobiq moliya vaziri Ali Hasan Xalil va sobiq jamoat ishlari vazirlari Yusuf Finyanus hamda G‘oziy Zaytar kabi nomlar bor edi.
Ularning to‘rtalasi ham sudyani vakolatini suiiste'mol qilishda ayblagan va so‘roqqa kelishni rad etgandi.
Hozirda Bayrutdagi holatga sovuqqonlik bilan qarashda ayblanayotgan sobiq ichki ishlar vaziri Nohad Mahnuq ham sudya Bitarning iste'fosini talab qilmoqda. Mahnuq o‘ziga bildirilgan ayblovlarni rad etgan.
Bir necha kun o‘tib Xalil va Zaytar ham sudya ustidan shu kabi shikoyatlar berishdi.
Ammo payshanba kungi Kassatsiya sudi barcha da'volarni qaytardi va buni bu masalalar uning vakolatiga kirmasligi bilan izohladi.
Endi sudya Bitar zudlik bilan tekshiruvlarni qaytadan boshlashi mumkin. Ammo u sobiq vazirlarni 19 oktyabrga qadar so‘roq qilib bo‘lishi talab etiladi: o‘sha kuni Livan parlamenti faoliyati tiklanadi va ular yangi chaqiriq deputatlari sifatida daxlsizlik immunitetiga ega bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
10:45 / 09.11.2024
Livan: Isroilning UNIFIL va Livan armiyasi harbiylariga hujumlari urush jinoyatlari hisoblanadi
15:10 / 05.11.2024
Livan SSV: Isroil hujumlarida bir sutkada 70 dan ortiq kishi halok bo‘ldi
14:50 / 28.10.2024
Isroil Bayrut janubiga 12 ta zarba berdi
14:30 / 28.10.2024