Jamiyat | 19:32 / 18.10.2021
28219
6 daqiqa o‘qiladi

“9 yil mushtlashishga emas, do‘xtirlikka o‘qiganman” - Andijonda tez yordam shifokori kaltaklandi

Paxtaobodda bemorning mast qarindoshi tez yordam shifokorini do‘pposlab, uning burnini sindirdi. Magistraturada o‘qiyotgan yosh vrachning ota-onasi bu voqeadan keyin farzandi tez yordamda ishlashiga qarshi bo‘lmoqda.

Andijon viloyati Paxtaobod tumanida tez tibbiy yordam vrachi bemorning mast qarindoshi tomonidan kaltaklandi.

Bu haqdagi xabarni Kun.uz'ga jabrlanuvchining hamkasblari yetkazdi. Biz aziyat chekkan shifokor Shohruxbek Zokirov davolanayotgan Andijon tibbiyot instituti klinikasiga bordik.

Shohruxbek og‘ir musht yo tepkilardan burni singan, yuzi momataloq. Vrachlarga ko‘ra, orqa miyasi chayqalgan. U ruhan ezilgan bo‘lib, bu holat uning xasta ovozidan sezilib turibdi. Shifokor hozir klinikaning otorinolaringologiya kafedrasida davolanmoqda.

Bemorning mast qarindoshi tomonidan kaltaklangan Shohruxbek Zokirov 2019 yildan beri Paxtaobod tumanining chekka hududi bo‘lgan Madaniyat qishlog‘idagi tez tibbiy yordam shoxobchasida ishlaydi. U 16 oktabr kuni shoxobchaga navbatchilik uchun keladi. Tungi chaqiruvga boshqa bir vrach Nodirbek Ahmedov boshchiligidagi tez yordam guruhi chiqib ketgach, o‘sha chaqiruv bo‘lgan xonadon egasi tez yordam mashinasi yetib bormasdan o‘z avtomashinasida onasini shoxobchaga olib kelgan.

“Kasal ayolning o‘g‘li shoxobchaga kira solib, baqira ketdi. Undan spirtli ichimlik hidi kelib turardi. Men onaxonni qabul qilib, qon bosimini o‘lchadim, yuragini eshitdim va kerakli muolajani qildim. Ayol asabiylashgan va shuning ta'sirida qon bosimi biroz ko‘tarilgan ekan. Ukollar ta'sir qilib bemor o‘ziga kela boshladi. Mast o‘g‘li shoxobcha ichida baqirib to‘polon qilib so‘kinib yurdi. U hammani bir-bir haqorat qilib, vrach Mahmud aka Dehqonovni yoqasidan olib bo‘g‘a boshladi. Men ajratgani bordim va ajratdim. Shundan so‘ng mast menga e'tibor qaratdi.

Yo‘lakdan ketayotganimda orqamdan kelib, yuzimga musht tushirdi va men yiqilganimda ko‘p marta zarbalar berdi. U yog‘iga nima bo‘lganini bilmayman. Ajratib qo‘yishdi. Keyin uchastka noziri keldi.

Men vrach akamning yoniga bordim. Klinikaga olib kelishdi. Singan burnimni repozitsiya(burunning singan suyaklarini joyiga keltirish) amaliyoti qilishdi. Miyam chayqalgan ekan. Davolanyapman. Ota-onam “Qaytib ishga bormaysan!” deyishdi. Bizda oxirgi paytlar bemorlarning yaqinlari mast holatda shifokorlarni haqorat qilish holatlari ko‘payib boryapti. Kecha IIB xodimi kelib ariza oldi”, – deydi Shohruxbek Zokirov.

Jabrlangan vrachni davolayotgan shifokor Hotambek Hamroqulov bemorda yopiq burun sinishi va miya chayqalishi aniqlangani, burni repozitsiya qilinganini tasdiqladi.

O‘sha kungi chaqiruvga borgan tez yordam shifokori Nodirbek Ahmedov bilan bog‘landik. Shifokor bemorning farzandi chaqiruvda manzilni adashib aytgani bois bemorning xonadonini izlashganini aytdi.

“Aloqaga chiqqan shaxs o‘zi yashaydigan Ma'rifat ko‘chasi o‘rniga Sanoat ko‘chasiga borishimizni aytgan. Biz uning uyini izlab vaqt yo‘qotdik. So‘ng o‘sha odam mast holatda kelib, faoliyat olib borayotgan vrachlarni haqorat qilib, Shohrux Zokirovni kaltakladi. Biz zo‘rg‘a ajratib qoldik”, – deydi Nodirbek Ahmedov.

Voqea guvohlaridan biri vrach Mahmudjon Dehqonov esa voqeani quyidagicha gapirib berdi: “Bemorning o‘g‘li mast, oyog‘ida zo‘rg‘a turardi. U vrach Nodirbek Ahmedovga bir tarsaki tushirdi. Mening yonimga kelib, o‘ng qo‘limdan ushlab torta boshladi. Shohrux kelib: “Bu insonda nima ayb?” deb ajratdi. Keyin Shohruxni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlab, yo‘lakdan ketayotganida orqasidan borib urdi. Nodirbek borib ajratdi”.

Holat bo‘yicha Paxtaobod tumani IIB Tergov bo‘limi Kun.uz'ga ma'lumot taqdim etdi.

Unda yozilishicha, 2021 yil 17 oktabr kuni soat 00:30larda Paxtaobod tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli Madaniyat shoxobchasi tez yordam bo‘limida navbatchi shifokor Shohrux Zokirov xizmat olib borayotgan vaqtida Paxtaobod tumani, Ma'rifat MFYda yashovchi T.B. onasi U.G.ning sog‘ligi yomonlashib qolgani sababli tez yordam chaqirgan.

T.B. tez yordam bormagani sababli onasini qo‘lida ko‘tarib kelib, shu yerda xizmat olib borayotgan shifokor Z.Sh.ni “Nega tez tibbiy avtomashinasi kech boradi?” deb so‘kib, haqorat qilib, unga tan jarohati yetkazgan.

Shifokor Z.Sh. Andijon viloyati IIBning “102” qisqa raqamiga murojaat qilgan. Holat yuzasidan Paxtaobod tumani IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

9 yil tibbiyot institutida ta'lim olib, ayni paytda magistraturada o‘qiyotgan yosh vrach Shohruxbek Zokirovning ota-onasi: “Tez yordamda qaytib ishlamaysan”, deya talab qo‘ymoqda.

“Umrimiz o‘qish, bilim olish bilan o‘tdi. O‘zimizni himoya qilish, sport bilan ham shug‘ullangani vaqt bo‘lmagan. Endi afsus qilyapman. Shifokor bo‘lib ishlashda muskullar ham kerak ekan”, – deydi Shohruxbek Zokirov.

Bo‘lgan voqeani huquqiy tomondan baholab xulosa chiqarishni IIB va prokuratura organlariga qoldirgan holda, so‘nggi paytlarda tibbiyot xodimlariga tan jarohati yetkazish holatlari ko‘payib borayotganini afsus bilan ta'kidlashimiz lozim. Ayni paytda tan jarohatidan davolanayotgan vrach ko‘plab bemorlarni davolab, jamiyatga foyda keltirgan bo‘lar edi.

Ziyoli qatlam bo‘lgan vrachlarga bo‘layotgan hujumlarning sabablarini aniqlash (yoki tan olish) vaqti allaqachon kelgan.

Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid