Jahon | 22:48 / 27.10.2021
4822
2 daqiqa o‘qiladi

JSST sayyohlardan koronavirusga qarshi emlangan bo‘lishni talab qilmaslikka chaqirdi

JSST xalqaro safarlar uchun koronavirusga qarshi emlangan bo‘lishni talab qilmaslikni tavsiya qildi.

Foto: Reuters

Tashkilotning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, emlanganlik haqidagi talab biror davlatga kirish uchun yagona shart bo‘la olmaydi. Shu sababli JSST sayyohlardan emlangan bo‘lishni talab qilishni tavsiya etmaydi.

Tashkilot ekspertlari bu qarorni bir qator davlatlarda aholini emlash darajasi hamon past ekani bilan asoslashgan. JSST ma'lumotlariga ko‘ra, yuqori daromadga ega davlatlarda har 100 kishiga 133 doza vaksina qo‘llangan bir paytda, past daromadli davlatlarda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 4 dozani tashkil qilmoqda.

JSST, shuningdek, ba'zi davlatlarda koronavirusga qarshi emlash hali umuman boshlanmaganini qo‘shimcha qilgan.

Xalqaro tashkilot bayonotida ta'kidlanishicha, davlatlar xalqaro yo‘lovchi tashuvlariga xavflilik nuqtayi nazaridan yondashishi lozim, ya'ni zarurat yuzaga kelganda reyslar sonini ko‘paytirish yoki qisqartirish, PsR-test topshirish talabini yoki karantin kiritish lozim.

Avvalroq JSSTning bosh ilmiy xodimi Sumya Svaminatan emlash pandemiyani to‘xtatish uchun yetarli emasligini aytgan.

Mavzuga oid