«Toshkentdan «Nexia»ni olib qochgan 25 yoshli qiz qo‘lga olindi»
Toshkent shahrining Chilonzor tumanidan o‘zganing avtomashinasini olib qochgan 25 yoshli qiz Toshkent viloyatining Parkent tumanida qo‘lga olindi. Bu haqda IIV YHXBB ma'lum qildi.
Joriy yilning 1 noyabr kuni soat 14:42 larda Toshkent shahar IIBBga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, fuqaro K.M.ga tegishli bo‘lgan «Nexia-3» avtomobili Chilonzor tumani 2-daha, 13-uy oldidan olib qochilgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar va Toshkent viloyati miqyosida «To‘sib ushlash» rejasi e'lon qilinib, qidiruv ishlari amalga oshirildi. Natijada, shu kunning o‘zidayoq Toshkent viloyati Parkent tumanida YHXB inspektori tomonidan ushbu avtomobilga to‘xtash ishorasi berilishiga qaramasdan, haydovchi harakatni davom ettirgan. Kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilib, avtomobil to‘xtatilgan.
Dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari natijasiga ko‘ra, ushbu jinoyat 1996 yilda tug‘ilgan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yashovchi T.B. tomonidan sodir etilgani ma'lum bo‘lgan.
Shundan so‘ng fuqaro T.B. Toshkent shahar IIBB xodimlariga daliliy ashyolar bilan birgalikda topshirilgan.