Irkutskda An-12 samolyotining qulashi oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi
Rossiyaning Irkutsk shahri yaqinida An-12 yuk samolyoti yerga quladi va yonib ketdi. Buning oqibatida ekipaj a'zolarining barchasi halok bo‘lgan.
Samolyot Belarusning “Grodno” aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan. U Chukotkaga yuk tashish bilan shug‘ullangan. Samolyot Irkutskdan 7 km uzoqlikda aniqlangan. Taxmin qilinishicha, samolyot qo‘nayotgan vaqtda halokatga uchragan.
Samolyot Yakutskdan Irkutskga yo‘nalayotgan bo‘lgan va uning bortida 7 kishi, jumladan, rossiyalik, belaruslik va ukrainaliklar bo‘lgan.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, samolyotning qulashiga texnik nosozlik yoki yomon ob-havo sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq manbalarning xabar berishicha, samolyot parvoz oldidan normal holatda bo‘lgan hamda parvozoldi tekshiruvidan o‘tkazilgan.
Ma'lum qilinishicha, samolyotdan 1968 yildan beri foydalanib kelingan.
“Samolyot 1968 yildan beri, ya'ni 53 yildan ko‘proq vaqt ishlatib kelingan. U Toshkent mexanika zavodida yig‘ilgan. Samolyot dastlab sobiq ittifoq harbiy-havo kuchlari tarkibida bo‘lgan, u yerdan Air Armenia’ga, so‘ngra Asia Airways’ga va oxiri “Grodno”ga berilgan”, deb ma'lum qilgan manbalardan biri.
Ta'kidlanishicha, yong‘in o‘chirilgach, falokat joyida 5 kishining jasadi aniqlangan. Biroq ekspertizasiz ular shaxsini aniqlashning imkoni yo‘q. Shuningdek, bortdagi yana 2 kishini qidirish ishlari olib borilmoqda.
An-12 mahalliy vaqt bilan soat 19:45da radarlardan yo‘qolib qolgan.
Belarus aviatsiya idoralari samolyot “Grodno” aviakompaniyasiga tegishli bo‘lganini tasdiqlagan. Biroq kompaniyaning o‘zida hozircha voqeaga izoh berilmagan, chunki nima yuz berganini hali aniq bilishmaydi.
Halokat yuzasidan tergov olib borilmoqda.
Ma'lumotlarga ko‘ra, “Grodno” aviakompaniyasi yuk tashish bilan shug‘ullanadi va o‘z aviaparkida bittadan An-30 va An-32, 3 ta An-12 va 11 ta An-2’ga ega.
Mavzuga oid
11:21 / 17.08.2024
Irkutskda qulagan samolyot: “afsonaviy” Tu-22M haqida nimalar ma’lum?
15:59 / 25.03.2023
S7 Airlines aviakompaniyasi Irkutskdan Farg‘onaga parvozlarni tiklamoqda
10:21 / 04.03.2023
Putinga yordam so‘rab murojaat qilgan Irkutskdan safarbar etilganlarning aksariyati halok bo‘ldi
17:42 / 23.10.2022