O‘zbekiston | 15:40 / 08.11.2021
88321
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyati hokimi o‘zgardi

Toshkent shahar bosh soliqchisi Navoiy viloyati hokimiga aylandi. U muqaddam ushbu viloyatda soliq boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

Foto: Kun.uz / Davlat soliq qo‘mitasi

8 noyabr kuni Navoiy viloyati hokimligi majlislar zalida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov, O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, viloyat, shahar va tumanlar sektorlar rahbarlari, xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputatlari, Senat a'zolari, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov prezident farmonlari bilan yig‘ilish ishtirokchilarini tanishtirdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli farmonlari bilan Qobul Beknazarovich Tursunov Navoiy viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi, Normat To‘lqinovich Tursunov Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. 

Qobul Tursunov. Foto: Kun.uz

Qobul Tursunov Navoiy viloyati rahbarligida 2016 yilning dekabridan buyon ishlab kelayotgandi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, sobiq hokimning sog‘ligi davolanish talab etilgani sababli, u o‘z arizasiga muvofiq vazifasidan ozod etilgan.

Viloyatning yangi rahbari Normat Tursunov 2018 yil yozidan buyon Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Normat Tursunov. Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

U davlat soliq xizmati tizimida faoliyatini 1994 yilda Toshkent shahar Akmal Ikromov (hozirgi Uchtepa) tumani davlat soliq inspeksiyasi inspektori vazifasidan boshlab, keyinchalik turli rahbar lavozimlarida, xususan 2010-2017 yillarda Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari, Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2017 yil oktabr oyidan 2018 yil iyuniga qadar Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari vazifasida ishlagan. 

  • Ma'lumot uchun, 2021 yil aprel oyida prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlarning muammolari hal etilmagani uchun Qobul Tursunovga hayfsan bergan edi. O‘shanda Navoiy viloyatidagi 7 mingdan ortiq tadbirkorlar (24 foiz) muammolar yechilmayotgani, ular faoliyatiga to‘sqinliklar bo‘layotgani haqida murojaat qilgani, bu – hududlar ichida eng salbiy ko‘rsatkich ekani qayd etilgandi. Shuningdek, viloyatdagi jami 10ta kichik sanoat zonasining 72 gektar yoki 66 foiz yeriga birorta loyiha joylashtirilmagani tanqid ostiga olingandi. Davlat rahbari o‘shanda kvartal oxirigacha o‘zgarish bo‘lmasa, viloyatdagi rahbarlar ishdan ketishi haqida ogohlantirgandi.

Mavzuga oid