O‘zbekiston | 16:18 / 14.11.2021
8924
2 daqiqa o‘qiladi

Abduhakim Hojiboyev O‘zbekiston kasaba uyushmalari rahbariga o‘rinbosar bo‘ldi

Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga o‘tkazildi.

Foto: Xalqaro press klub

Abduhakim Hojiboyev O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisining o‘rinbosari lavozimiga saylandi. Gazeta.uz tashkilot matbuot xizmatiga asoslanib yozishicha, u 13 noyabr kuni yangi jamoa oldida tanishtirilgan.

2020 yilning noyabr oyidan buyon O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri sifatida ishlab kelgan Abduhakim Hojiboyev 2021 yil 11 noyabr kuni iste'foga chiqarilib, uning o‘rniga Behzod Musayev tayinlangandi.

Ma'lumot uchun, tibbiyot fanlari doktori, professor Abduhakim Hojiboyev 1951 yilda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tug‘ilgan.

U o‘z faoliyatini oddiy jarrohlikdan boshlagan, 1990-1999 yillarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida bosh ilmiy xodim, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgik markazida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

1999-2000 yillarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori o‘rinbosari, 2000-2003 yillarda va 2007-2016 yillarda ilmiy markaz bosh direktori bo‘lgan.

U 2003-2007 yillarda va 2016-2017 yillarda ham Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2017 yil aprelida esa u Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori lavozimiga o‘tkazilgan, 2020 yil iyulidan noyabr oyiga qadar Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagandi.

Mavzuga oid