O‘zbekiston | 12:57 / 16.11.2021
14294
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda rasmiy ishsizlik darajasi ma'lum qilindi

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 2021 yilning yanvar-sentabr oylarida ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,7 foizga, yanvar-iyun oylariga nisbatan 0,4 foizga kamaygan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabarida aytildi.

2021 yilning yanvar-sentabr oylarida mehnat resurslari soni 19,3 mln kishini tashkil etib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 1,1 foizga yoki 201,4 ming kishiga oshgan.

Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni 13,6 mln kishini tashkil etib, mos davriga nisbatan 3,1 foizga (403,9 ming kishiga) oshgan.

9 oyda rasmiy sektorda band aholi soni 6,1 mln kishini tashkil qilib, 2020 yilning shu davriga nisbatan yuridik shaxslarda band bo‘lganlar soni 7,9 foizga yoki 450,5 ming kishiga oshgani kuzatilgani aytiladi.

Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 5,9 mln kishini tashkil etib, joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 4,1 foiz yoki 254,0 ming kishiga kamaygan.

Ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1,4 mln kishini, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 9,4 foizni tashkil etdi. 16-30 yoshgacha bo‘lganlar orasida ishsizlik darajasi - 14,9 foiz, ayollar orasida ishsizlik darajasi 12,8 foiz bo‘ldi.

Joriy yil yanvar-sentabr oylarida respublikada iqtisodiy nofaol aholi 4,3 mln kishini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,6 foizga yoki 26,3 ming kishiga ortishi kuzatildi.

Mavzuga oid