O‘zbekiston | 11:46 / 19.11.2021
4445
4 daqiqa o‘qiladi

Xususiy sektorda ishlayotgan ayollarning mehnat huquqlari buzilayotgani Senatda muhokama qilindi

Senator Malika Qodirxonovaning ta'kidlashicha, uchta hududdagi yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini buzish bilan bog‘liq qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Foto: Senat.uz

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Federatsiya huzuridagi Mehnat inspeksiyasi bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida aynan yengil va charm sanoati korxonalarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan huquqlariga amal qilish holati, yaratilgan sharoitlar o‘rganilganda, ko‘plab korxonalarda Mehnat kodeksi talablarini bajarmaslik holatlari mavjudligi aniqlangan. Bu haqda senator Malika Qodirxonova Senatning 21-yalpi majlisida ma'lum qildi.

Senator qonunchilikda haq to‘lanadigan homiladorlik va tug‘ish ta'tillari kunini uzaytirib berish ko‘zda tutilgan bo‘lsa ham, ish beruvchilar tomonidan ushbu qoida qo‘llanmayotgani, uch yoshgacha farzandi bo‘lgan ayollar ishga qabul qilinishida sinov muddati qo‘llanayotgani, o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili uch ish kunidan kam bo‘lmagan muddat bilan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta'til berilmayotganini aytmoqda.

Shuningdek, Qodirxonova o‘z chiqishida xodimlarga ish davrida, ularning xohishiga ko‘ra, yillik ta'tilning eng oz muddatidan ortiqcha qismi uchun pullik kompensatsiya to‘lanmasligi, ichki mehnat tartib-intizomi qoidalarini ishlab chiqmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilgani, o‘rganilgan hududlardagi korxonalarda ish beruvchi fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qildirmagan holatlar aniqlanganini tilga olgan.

O‘rganish davomida yana quyidagi kamchiliklar kuzatilgan:

  • korxona ishchi-xodimlari dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lsa-da, davriy tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish tashkil etilmagan;
  • korxonalardagi mavjud ish o‘rinlari mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazilmagan;
  • “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq korxonalarda mehnatni muhofaza qilish jamg‘armalari tashkil etilmagan, mazkur maqsadlar uchun ish beruvchi tomonidan mablag‘lar ajratilmagan;
  • o‘rganilgan korxonalarda 2020-2021 yillar davomida ishga qabul qilingan xotin-qizlarning 40-50 foizigachasi ishdan bo‘shash holatlari kuzatilmoqda. Bunga esa oylik maoshining nisbatan kamligi va ijtimoiy yo‘nalish bo‘yicha ayollarni qo‘llab-quvvatlashning sustligi sabab bo‘lmoqda;
  • mehnat muhofazasi ustidan uch pog‘onali ma'muriy jamoatchilik nazoratini o‘rnatmaslik holatlari mavjud. Natijada yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlar uchun zarur mehnat sharoitlarini yaratish, ular mehnatini muhofaza qilish masalalari asosan ish beruvchining ixtiyoriga topshirib qo‘yilgan;
  • Og‘ir, noqulay, zararli yoki xavfli ishlarda band bo‘lgan xotin-qizlarga qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar va kompensatsiyalar belgilanmasdan, ish joylarida mehnat sharoitlarini nazorat qilish talab darajasida tashkil etilmasdan qolmoqda;
  • Kasb kasalliklari yuzaga kelishining oldini olish va kasb kasalligi tashxisini aniqlash, xodimlar mehnatining xavfsiz shart-sharoitlarini ta'minlash bilan bog‘liq kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish talab darajasida tashkil etilmagan.

Senat yalpi majlisida yuqoridagilarni inobatga olib, xotin-qizlar uchun zarur mehnat sharoitlarini yaratish, ular mehnatini muhofaza qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha hukumatga parlament so‘rovini yuborishga qaror qilindi.

Mavzuga oid