O‘zbekiston | 23:09 / 23.11.2021
5966
4 daqiqa o‘qiladi

Orolbo‘yi mintaqasining 4 ta tumanida soliq va bojxona imtiyozlari belgilandi

Prezident farmoni bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining ba'zi tumanlarida tadbirkorlik sub'yektlariga soliq hamda bojxona imtiyozlari berilmoqda. Bu imtiyozlar tegishliligicha 2031 yilga qadar davom etadi.

Prezident “Orolbo‘yi mintaqasida tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Belgilanishicha, 2022 yil 1 yanvardan 2031 yil 1 yanvargacha Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlik sub'yektlari uchun:

  • foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, ijtimoiy soliq, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha o‘rnatilgan soliq stavkalari 1 foiz etib belgilanadi;
  • mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida belgilanadi.

Shuningdek, 2022 yil 1 yanvardan 2025 yil 1 yanvargacha Xorazm viloyatining Tuproqqal'a, Yangiariq, Yangibozor tumanlarida yangi tashkil etiladigan va shu tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlik sub'yektlari (klasterlar bundan mustasno) bo‘yicha:

  • foyda solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi;
  • ular tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan o‘z ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) ehtiyojlari uchun olib kiriladigan xomashyo, materiallar bojxona bojidan ozod qilinadi.

Shuningdek, Xorazm viloyatida yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlarga, daraxtlarning qator oralaridan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun foydalanilishidan qat'i nazar, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lash bo‘yicha imtiyozli davr besh yil etib belgilandi.

Farmon bilan Xorazm viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ortda qolayotgan va ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan 98 ta mahalla uchun 2022-2026 yillar davomida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida “mahallabay” ishlash tizimini joriy etish maqsadida 200 milliard so‘m, aholini tadbirkorlikka o‘qitish va jalb qilish loyihalarini amalga oshiradigan nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 milliard so‘m miqdorida kredit resurslari ajratish ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan 2022 yil 1 yanvardan 2027 yil 1 yanvargacha Orolbo‘yi mintaqasida faoliyat yuritayotgan kichik tadbirkorlik sub'yektlariga korxona qurilishi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va texnikalarni respublikaning boshqa hududlaridan olib kelish hamda ular tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni respublikaning boshqa hududlariga yetkazib berish bilan bog‘liq temir yo‘l transportida tashish xarajatlarining 50 foiz qismi, mahalliy eksportchilar tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilishda, ularning Kaspiy dengizigacha tashish bilan bog‘liq transport xarajatlari esa to‘liq qoplab beriladi.

Farmonga ko‘ra, ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 45 ta va Xorazm viloyatida 40 ta yangi kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.

Mavzuga oid