Jahon | 16:40 / 24.11.2021
34220
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonliklarga «Do‘zax darvozasi»ga yaqin borish taqiqlandi

Izoh berilishicha, mazkur taqiq zaharlanish, kuyish va tuproq ko‘chishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan gaz otilishi sababli joriy etildi.

Foto: Igor Sasin/AFP/Getty Images/file

Turkmanistonda mahalliy aholiga maxsus ruxsatnomasiz Toshovuz viloyatida joylashgan xalq orasida «Do‘zax darvozasi» deb nom olgan Darvoza gaz krateriga yaqin borish taqiqlandi. Bu haqda «Xroniki Turkmenistana» xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ilgari Darvoza qishlog‘i aholisi mehmonlarni krater yoniga olib borgan, qishda esa cho‘ponlar suruvlarini uning yaqiniga joylashtirgan.

Endilikda krater yo‘liga politsiya postlari o‘rnatildi va aholiga unga yaqin borish taqiqlandi. Izoh berilishicha, mazkur taqiq zaharlanish, kuyish va tuproq ko‘chishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan gaz otilishi sababli joriy etildi.

Shu bilan birga, turistlarga ushbu taqiq taalluqli emas. Ular guruh bo‘lib va «Turkmensiyahat» korporatsiyasi ruxsatnomasi bilan kraterni tomosha qilishlari mumkin.

Darvoza krateri 1971 yilda yerosti gazi to‘plangan joyda paydo bo‘lgan. Tashqariga chiqayotgan gaz odamlarni zaharlamasligi uchun kraterni yondirishga qaror qilingan. Olov bir necha kunda o‘chishi taxmin qilingan, ammo 50 yildan buyon yonmoqda.

Mavzuga oid