Jahon | 16:21 / 25.11.2021
15531
5 daqiqa o‘qiladi

Morgenshtern Rossiyani tark etdi. U g‘alaba bayrami xarajatlarini tanqid qilgandi

Foto: Alisher Morgenshtern. Kseniya Sobchak bilan intervyudan lavha

Rossiyalik mashhur rep qo‘shiqchisi Alisher Morgenshtern mamlakatni tark etdi. Bu haqda qator Rossiya OAVlari, xususan, Gazeta.ru yozmoqda.

Manbada aytilishicha, qo‘shiqchini xotini va qo‘riqchisi bilan birga Smolenskdagi Moskva-Minsk poyezdiga chiqishda ko‘rishgan. Morgenshtern Minskda konsert uyushtirmagan va uning yaqinda aytgan gaplari uchun tahdidga uchray boshlagani taxmin qilinmoqda.

Kreml manziliga tanqid

Oktyabr oyi oxirida Morgenshtern jurnalist Kseniya Sobchak bilan intervyuda Rossiya ikkinchi jahon urushidagi g‘alabani nishonlashga juda katta pul sarflashini tanqid qilgandi. «Tushunmayman, har yili katta pul sarflab, bir kunni bayram qilishdan nima ma'ni bor? Menimcha, ortiq faxrlanadigan narsa qolmagan. Xo‘p, qoyil, ular urushni yutishdi, lekin yangi g‘alabalar sari intilishda davom etish kerak. Axborot texnologiyalari sohasida, koinotda yangi g‘alabalarga erishing, ularni nishonlang. Yo‘q, biz, jin ursin, 76 yil avval bo‘lgan narsani nishonlaymiz», degandi qo‘shiqchi.

Intervyu e'lon qilingan kunning o‘zida «Rossiya veteranlari» guruhida bu holat bo‘yicha Rossiya Bosh prokuraturasi va Tergov qo‘mitasiga murojaat qilinishi aytilgandi. Harakat yetakchisi Ildar Rezyapov «bu yerda gap tarixiy xotira ustidan kulganlik haqida» ketayotganini aytdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham voqeaga munosabat bildirib, Morgenshtern aytgan gapi uchun javobgarlikni his qilishi kerakligini aytdi. «Bu gaplar bilimsizlikdan aytilgan. Unga biror veteran bilan gaplashib, g‘alaba bayrami nima ekani, nega hamon nishonlanishini bilib olishni maslahat beraman», dedi Peskov.

Morgenshtern o‘z sahifasida uning so‘zlari chirkin maqsadlar yo‘lida foydalanilgani, aslida bayramni kamsitmagani, shunchaki nega bunaqa ko‘p pul sarflanishi tushunarsiz ekanini aytdi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi ham bu holatga tezda munosabat bildirdi. Qo‘mita raisi Aleksandr Bastrikin avvaliga qo‘shiqchi qonunchilikni buzgan-buzmagani protsessual tarzda o‘rganilishini aytdi. Keyinroq esa yana qiziqarli faktlar haqida gapirdi: «Bloger Morgenshtern ijtimoiy tarmoqlarda nakotik moddalari savdosi bilan shug‘allanadi», dedi Bastrikin.

Kremlning «tarixiy qadriyatini» tanqid qilgach, Morgenshtern Rossiya jinoyat kodeksining 230-moddasi 3 bandiga asosan «Voyaga yetmaganlarni narkortik moddalar iste'mol qilishga chorlash» ayblovi bo‘yicha tekshirila boshlandi. Qo‘shiqchining Pablo qo‘shig‘iga ishlangan klipi asos sifatida tekshirilishi ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, Morgenshternning ijodiy jamoasidagilarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari tekshiriladigan bo‘ldi.

24 noyabr kuni Morgenshtern Rossiyani tark etgani haqida xabar chiqqan bo‘lsa, bugun uning Moskvadagi Kaif restorani noqonuniy alkogol mahsulotlari sotgani sabab yopilgani ma'lum bo‘ldi. Tekshiruvda aniqlanishicha, restoranda alkogol sotish uchun tegishli litsenziya bo‘lmagan va shu sabab vaqtincha yopib qo‘yilgan.

Rossiyalik Alisher Morgenshtern o‘zbekistonliklar orasida buxorolik Azim Abdullayevga o‘zi o‘tkazgan Give-away tanlovi g‘olibi sifatida «Mercedes-Benz E 200» avtomobilini sovg‘a qilgani bilan mashhur. 54 ming dollar turadigan mashinani O‘zbekistonga olib kirish uchun Morgenshtern 340 million so‘m to‘lashga majbur bo‘lgandi. Mamlakatdagi bunday bojxona qoidalaridan hayratga tushgan qo‘shiqchi samolyotga mashinani olib kelgani uchun 56 million so‘m, shuningdek, ulov raqamini O‘zbekiston raqamiga almashtirish uchun yana pul to‘lagan. Shu tariqa rossiyalik qo‘shiqchi o‘z va'dasini bajarish uchun 54 ming dollar turadigan mashinani O‘zbekistondagi egasiga topshirish uchun 40 ming dollarga yaqin qo‘shimcha to‘lovni amalga oshirgandi.

Mavzuga oid